Kontent qismiga oʻtish

Markus Elieser Blox

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Markus Elieser Blox
Tavalludi 1723[1]
Ansbax, Germaniya
Vafoti 6-avgust 1799[1]
Fuqaroligi Germaniya va Muqaddas Rim imperiyasi
Millati nemis
Kasbi shifokor, tabiatshunos, baliqlarshunos
Ilmiy darajasi doktor

Markus Elieser Blox (nemischa: Markus Eliezer Bloch ; 1723–1799) — Germaniyalik shifokor va tabiatshunos. U dunyo baliqlari haqida ma'lumot ulashuvchi koʻp jildli asari bilan keng tanilgan. Blox yahudiy oilasida tugʻilgan boʻlib, ibroniy tilini ona tili sifatida oʻzlashtirgan, shuningdek, nemis va lotin tillarini ham oʻrgangan[2]. U oʻzining keng tabiatshunoslik kolleksiyasi, ayniqsa, baliq namunalari toʻplami bilan mashhur boʻlgan.

Markus Elieser Blox 1723-yilda Germaniyaning Ansbax shahrida tavallud topgan. Uning otasi Torah yozuvchisi, onasi esa kichik doʻkon egasi edi. U dastlab ibroniy adabiyotidan uyda taʼlim oladi va keyinroq Gamburgda jarrohlik sohasida taʼlimini davom ettiradi[3]. Gamburgda u nemis va lotin tillarini oʻrganib, anatomiya boʻyicha chuqur bilimlarga ega boʻladi. Keyinchalik Berlin shahrida tibbiyot yoʻnalishida tahsil olib, 1762-yilda teri kasalliklari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1765-yilda Blox Berlin shahrida doimiy yashash huquqini qoʻlga kiritdi va Ruben Joseph Rintelning qizi Breinxega uylandi. U Berlin shahrida umumiy amaliyotchi shifokor sifatida ishladi. 1773-yilda Blox taniqli faylasuf Moses Mendelssohn bilan birgalikda Berlin Tabiatshunoslik Jamiyatini tashkil etdi va katta tabiatshunoslik kolleksiyasi hamda boy kutubxona yaratdi[4]. Uning rafiqasi Breinxe 1769-yilda vafot etdi, va ularning yagona oʻgʻli ham Parijda sayohat paytida 21 yoshida hayotdan koʻz yumdi. 1774-yilda Blox bankir Jozef Veytel Efrayimning qizi Cheilega uylandi, undan keyin yahudiy jamoatchisi Jeremiya Bendixning qizi Rahelga uylanib, bir oʻgʻil va ikki qiz farzand koʻrdi.

Blox 1782-yilda Karl Linney asarlari taʼsirida baliqlarshunoslikka qiziqib qoladi va shu sohada izlanishlarni boshlaydi. U taxminan 1400 baliq namunasi toʻplagan boʻlib, hozirgi kunda ularning 800 tasi Berlin muzeyida saqlanmoqda[5]. 1782-1784 yillar davomida u Germaniya baliqlari haqida bir qator asarlarni nashr etadi va ularninga aksariyatini oʻz mablagʻlari hisobidan chiqardi[6]. 1797-yilda Blox Parijga baliqlar kolleksiyalarini koʻrish uchun tashrif buyurdi, lekin sayohat davomida uning sogʻligi yomonlashdi va u surunkali insultdan vafot etadi. Blox Berlindagi yahudiy qabristonida, Lichtenstadtda dafn etiladi

Markus Elieser Blox baliqlarshunoslik boʻyicha chuqur va keng qamrovli ilmiy asarlari bilan mashhurdir. U 1782-yildan 1795-yilgacha baliqlar haqidagi 12 jildlik "Ichthyologia" asarini chop etadi. Bu asarning dastlabki uch jildi Germaniya baliqlariga, qolgan 9 jildi esa dunyoning boshqa mintaqalaridagi baliqlarga bagʻishlangan. Bloxning "Systema Ichthologia" asari uning vafotidan soʻng, shogirdi Johann G. Schneider tomonidan nashr etilgan. U kamida 267 yangi baliq turi va 19 yangi turkumni tavsiflab, ilm-fanga ulkan hissa qoʻshgan[7]. Bloxning ilmiy izlanishlari faqat baliqlarshunoslik bilan cheklanmagan. U tabiatshunoslikning boshqa sohalarida ham qator maqolalar yozgan. Ayniqsa, solishtirma anatomiya va fiziologiya boʻyicha yozgan asarlari ham katta eʼtirofga sazovor boʻlgan[8].

  1. 1,0 1,1 (unspecified title)
  2. Van der Laan, Richard; Eschmeyer, William N.; Fricke, Ronald. Zootaxa: Family-group names of Recent fishes. Auckland, New Zealand: Magnolia Press, 11 November 2014 — 57-bet. ISBN 978-1-77557-573-3. 
  3. Kottelat, Maurice; Whitten, Tony. Freshwater Fishes of Western Indonesia and Sulawesi. Singapore: Periplus Editions, 1996 — 23-bet. ISBN 978-962-593-150-7. 
  4. Bray, Rodney A.; Gibson, David I.; Jones, Albert. Keys to the Trematoda. Wallingford, UK: CABI Publishing, 2002 — 114-bet. ISBN 978-0-85199-587-4. 
  5. Nelson, Joseph S.. Fishes of the World. Hoboken, New Jersey, USA: Wiley, 2006 — 72-bet. ISBN 978-0-471-25031-9. 
  6. Eschmeyer, William N.; Herald, Earl S.. A Field Guide to Pacific Coast Fishes of North America. Boston, Massachusetts, USA: Houghton Mifflin, 1983 — 124-bet. ISBN 978-0-395-33188-3. 
  7. Schneider, Johann Gottlob. Systema Ichthyologiae Iconibus CX Illustratum. Berlin: Apud Jo. Gottl. Müllerium, 1801. 
  8. Linnaeus, Carl. Systema Naturae. Holmiae (Laurentii Salvii): Holmiae (Laurentii Salvii), 1766.