Kontent qismiga oʻtish

Mashrab Yunusov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Mashrab Yunusov (1909.25.5, Yaypan shahri — 1997.10.10, Toshkent) — aktyor, xonanda (lirik tenor). Oʻzbekiston xalq artisti (1952). 1931—33 yillar Fargʻona kz—sz teatrida, 1933—41 va yana 1945—62 yillar Andijon teatrida, 1963—89 yillar Toshkentdagi Muqimiy teatrida ishlagan. Yu. ijodi psixologik oʻtkir talqini, yuksak mahoratli ijrosi bilan ajralib turadi. "Gulsara" (K.Yashin)dagi Qodir, "Tohir va Zuhra" (S.Abdulla)da Tohir, "Qurbon Umarov" (S.Abdulla)da Qurbon, "Ravshan va Zulxumor" (K.Yashin)da Ravshan, "Romeo va Julyetta" (U.Shekspir)da Paris, "Alisher Navoiy" (I.Sulton, Uygʻun)da Alisher Navoiy, "Momo yer" (Ch.Aytmatov)da oqsoqol, "Maysaraning ishi" (Hamza)da Choʻpon, "Olifta" (F.Musajonov)da Yakvalxoʻja, "Paranji sirlari" (Hamza)da Norboyvachcha, Umurzoqboy kabi rollari bilan shuhrat qozongan.

YU. film ("Tohir va Zuhra"da Parpi hofiz, "Oʻtgan kunlar"da tabib, "Furqat"da Ruhiy, "Mehrobdan chayon"da Kalonshoh, "13 terak koʻchasi"da Hakim aka, "Olovli yoʻllar"da Shayx va boshqalar) va televizion videofilm ("Ulugʻbek xazinasi"da Shayxulislom, "Alisher Navoiy"da Fasihiddin va boshqalar)larda ham suratga tushgan.