Kontent qismiga oʻtish

Mavlaviy Jununiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mavlaviy Jununiy
Asl ismi forscha: مولوی جنونی
Tavalludi 1800-yil
Vafoti 1877-yil
Taxallusi Jununiy

Mavlaviy Jununiy (forscha: مولوی جنونی; 1800—1877) — tojik orifi, murshidi komil, shoir va mutafakkir.

Mavlaviy Jununiy hijriy-qamariy 1216, milodiy 1800 yilda Afg‘oniston mamlakatining Qandahor viloyatida ziyoli xonadonda dunyoga kelgan. U zotning shajaradagi nisbasi hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom xonadonlariga borib taqaladi.

Shoirning asl ismi Sayyid Nasimxon Qalandarshoh ibn Shoh Sohib bo‘lib, Mavlaviy-Jununiy degan unvon u zotning ruhoniyat olamidagi martabasiga ishoradir va she’riyatdagi taxallusidir. Ba’zi asarlarida Nodiriy taxallusini ham qo‘llagan. Shoir bolalik chog‘larini otasi huzurida islomiy-ma’rifiy ilmlar tahsili bilan o‘tkazadi. Keyin Buxoroi sharifda ko‘p yillar ta’lim oladi. Shu davrda ma’naviy kamolotga erishib, Mavlaviy unvoniga sazovor bo‘ladi.

So‘ng otasi bilan eski Termiz, bugungi Surxondaryo viloyatining Chag‘aniyon, hozirgi Denov shahriga ko‘chib kelib, shu yerda muqim yashab qolishadi. Otasi Denovda vafot etadi. Shoir asosan fors tilida ijod qilgan bo‘lib, turkiy-o‘zbek tilidagi yagona “Zavq ul-muhib” dostonini bugungi O‘zbekistonning janubida – Denov shahrida ta’lif qilgan. Shundan keyin shayx va shoir Hisor vodiysidagi Rohatiy qishlog‘iga ko‘chib o‘tadi va umrining oxirigacha o‘sha yerda yashab qoladi.

Hijriy-qamariy 1295, milodiy 1877 yilda 77 yoshda dunyodan o‘tadi. U zotning fayzli maqbarasi dil ahlining qutlug‘ ziyoratgohiga aylangan.

Mavlaviy-Jununiy zullisonayn, ya’ni ikki tilli shoir bo‘lib, fors-tojik va turkiy-o‘zbek tillarida ravon ijod qilgan. Asarlarining sanog‘i o‘n bittaga yetadi. Ammo bugungi kungacha shoirning aniq yettita asari saqlanib qolgan[1].

  1. „Мавлавий-Жунуний (1800-1877)“ (uz). www.ziyouz.uz (2012-yil 9-yanvar). Qaraldi: 2022-yil 8-dekabr.