Kontent qismiga oʻtish

Mavrigi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Mavrigi, mavriygi (Marv shahriga nisbat berilgan) — Buxoro musiqa anʼanalariga xos (erkaklar) folklor janri. M. Buxoro amirligi davrida Marvdan koʻchib kelgan eroniylarning musiqa ijodi sifatida shakllanib, keyinchalik boshqa (tojik, oʻzbek) millatlar orasida ham ommaviylashib ketgan. Turkum shaklida ijro etiladigan qoʻshiq va kuylardan iborat. 1-qismi ("Shaad")da yakkaxon nasihatomuz baytlarni rechitativ uslubida, doiraning "rezi" joʻrligida ijro etadi. Soʻngra asta tezlashib boruvchi — yakkaxon bilan birgalikda "joʻra" (naqarot aytuvchi)lar ijro etayotgan bir necha lirik (sevgi-muhabbat mavzuidagi) hamda raqsbop qoʻshiq ("Sarxona", "Chorzarb", "Makaylik" va boshqalar), cholgʻu kuy ("Garduni Sarxona" va boshqalar), doira zang usullari va raqslar keladi. M. turkumi avj doirasida eng shoʻx raqs ("Chilligi") bilan yakunlanadi. M. ijrochilaridan badiha va raqsga moyillik talab etiladi. 19—20-asrlarda M. ijrochilaridan Baqo Saʼdullayev, Habib Neʼmatov, Alirizo Qurbonov va boshqa mashhur boʻldi. Hozirda M. janri Buxoro folklor-etnografik ansambllari ("Mohi sitora" kabi) repertuaridan oʻrin olgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil