Kontent qismiga oʻtish

Mavzu

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mavzu (arab. — joylashtirilgan, qoʻyilgan), tema — 1) muhokama, maʼruza, suhbat, dars, ilmiy asar va boshqa ning asosiy mazmuni; 2) adabiyot va sanʼatda — ijodkor tomonidan tanlanib, uning gʻoyasini aks ettiradigan badiiy tasvir obʼyekti, hayotiy material doirasi. Badiiy adabiyotda (roman, qissa, doston, drama, sheʼr va boshqalar), tasviriy sanʼat, meʼmorlik (rasm, haykal, gravyura, naqsh va boshqalar), yirik musiqa asarlari (opera, musiqali drama, simfoniya va boshqalar)da ijtimoiy masalalar, tarixiy voqealar, kishilarning muayyan intilishlari, orzulari va hokazo. M. boʻlishi mumkin. M. gʻoya bilan uzviy bogʻliq. Asarning janri, syujeti va uslubi M. va gʻoyaga qarab tanlanadi. M. tanlashda, ayniqsa, uning talqinida muallifning gʻoyaviy mavqei katta rol oʻynaydi. Asarning konkret mazmunida bosh M. yana mayda M.larga boʻlinadi va bularning har biri gʻoyaviy mazmunning biror tomonini ifodalaydi. Bir M. bir necha muallif tomonidan turlicha yoritilishi, talqin etilishi ham mumkin. Bunda har bir muallif oʻz oldiga qoʻygan gʻoyaviyijodiy vazifalar oʻziga xos uslub va mazmunni belgilaydi; 3) biror musiqa asari yoki uning tarkibiy qismlari asosiy badiiy gʻoyasini ifodalovchi va keyingi rivojiga xizmat qiluvchi tugal musiqa tuzilmasi. Polifoniya asarlari (mas, kanon, fuga)da M. bir ovozli kuy boʻlib, turli ovozlarda navbatma-navbat bayon etiladi. Gomofoniya asarlarining M.lari birmuncha rivoj topgan (odatda, 8—16 taktli) tuzilmalardan iborat boʻladi. Bunda kuy yetakchi ovozda namoyon boʻlib, joʻr boʻluvchi ovozlar esa uning mazmunini teranlashtiradi. Ogʻzaki anʼanadagi musiqa, shuningdek, 20-asr avangardizm yoʻnalishi (aleatorika, sonoristika va boshqa uslub) dagi kompozitorlik ijodida ohang M.lari bilan birga musika jarayonining faqat ritmik (mas, usul) yoki tembr jihatlariga asoslangan M.lar ham joriy etilgan. Bulardan tashqari, musiqa ijodiyoti (musiqali drama, opera, balet va boshqalar) da muayyan gʻoya va mazmunga ega boʻlib, asarning boshidan oxirigacha oʻzgarmay (leytmotiv, leyttema) yoki qisman oʻzgarib keluvchi M. va, aksincha, tuzilmasi chegaralanmagan M. misollari mavjud. Yirik shakl (mas, sonata, simfoniya)lar bir necha M.larni oʻz ichiga oladi. Ular har xil obrazlarni ifodalash va taqqoslab rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Turli obrazlarni ifodalovchi M.lar bosh M.ning tubdan oʻzgartirish yoʻli orqali vujudga kelishi (monotematizm) ham kuzatiladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil