Kontent qismiga oʻtish

Maxdumi Aʼzam majmuasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Maxdumi Aʼzam majmuasi - Samarqand viloyati Dahbed q.dagi meʼmoriy yodgorlik (16—19-asrlar). Majmua mashhur shayx, sufiylar namoyandasi Maxdumi Aʼzam nomi bilan bogʻliq. Asli fargʻonalik boʻlgan ul zot Samarqand hokimi Jonibek Sulton tomonidan Samarqandga taklif etilgan. Oʻgʻli Iskandar Sulton uni oʻzining piri deb eʼzozlagan. Maxdumi Aʼzam 78 yoshida shu Dahbed q.da vafot etgan. 1610-yilda Yalangtoʻsh Bahodir boshchiligida xonaqoh va daxma qurilgan. 17-asrda esa katta masjid qad koʻtargan. Keyinchalik Maxdumi Aʼzam avlodlari ham shu yerga dafn qilingan. Nodir Devonbegi tomonidan atrofi devor (balandligi 1,4 m) bilan oʻralib, taʼmir ipshari olib borilgan.

Majmua shim.da hazira, jan.da keng ayvonli katta masjid, yonida kichik masjid, sharqida darvozaxona, chillaxona va hujralardan tashkil topgan. Katta masjidxonaqoh 6 ustunli, 12 gumbazli, ayvoni 2 qatorli 14 ustundan iborat. Kichik masjidga uzun yoʻlak orqali oʻtilgan. Masjid 2 ustunli, vassa shiftli, ayvoni 4 ustunli, poy-ustunlari toshdan ishlangan. Haziradagi Maxdumi Aʼzam sagʻanasi (balandligi 1,7 m) kulrang marmar bilan qoplangan. Pastki qismidagi 9 ta marmar toshtaxtalar Maxdumi Aʼzam avlodlari, Yalangtoʻsh Bahodir va uning qizi Iqlimga tegishli boʻlib, keyingi yillardagi taʼmir vaqtida hammasi bir joyga toʻplangan. M.Maxdumi aʼzam majmuasi yaqinida minora va keng hovuz joylashgan. 1998-yilda majmua qayta tiklanib, atrofi obodonlashtirildi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil