Kontent qismiga oʻtish

Mehtar Qofilon madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Mehtar Qofilon madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor hoji mehtar Shafi’ ibn Xoja Latif
Binokorlik tashabbuschisi hoji mehtar Shafi’ ibn Xoja Latif
Asosiy sana:
XVIII asr boshlari
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 21 ta


Mehtar Qofilon madrasasi  — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Mehtar Qofilon madrasasi XVIII asr boshlarida Qofilon guzarida[1], Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy Ubaydullaxon II davrida hoji mehtar Shafi’ ibn Xoja Latif tomonidan bunyod etilgan. Hoji mehtar Shafi’ Ubaydullaxonning ishonchli vakillaridan boʻlgan. U ashtarxoniy Abdulazizxon va Subhonqulixon davrida Buxoro xonligi saroyida mehtar lavozimida ishlagan. Hoji mehtar Shafi’ tasabbusi bilan Ubaydullaxon II davrida Buxoro xonligida pul islohoti oʻtkazildi. Madrasa vaqfi uchun voqif Poyirud tumanidagi Safedmoʻyon qishlogʻida 222 tanob yerini vaqf qiladi. Mazkur hijjat 1707-yil oktabrda tuzilgan. Vaqf hujjati Buxoro amiri Amir Shohmurod davrida koʻchirilgan. Hujjatda shunday yozilgan: "Mehtar Shafi’ valadi Xoja Latif hijriy 1119-yil rajab oyida (1707-yil oktyabr oyida) Buxoroda xom gʻisht, yogʻoch va toshdan masjid, madrasa va hovuz qurdiradi". Madrasa gʻarbi va shimolida hovlilar hamda masjidga tegishli vaqf yerlari, sharqida esa koʻcha mavjud boʻlgan. Mehtar Qofilon madrasasida shoʻrolar inqilobiga qadar dars oʻtilgan. Keying davrlarda madrasada mulla Boymuhammad talabalarga taʼlim bergan. Olga Suxareva maʼlumotlariga koʻra Mehtar Shafi’ qabri va u qurdirgan hovuz saqlanib qolgan. Madrasaning yana bir hujjatida Sadr rais Mir Badriddin Mehtar Qofilon madrasasida sultoniy hujra boʻshgani va u talaba mulla Asadulllaga berilganligi toʻgʻrisida yozib qoldirilgan[2]. Mehtar Qofilon madrasasi 21 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.


  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144-bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet.