Kontent qismiga oʻtish

Mezuza

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Mezuza (ibr. „eshik yondori“) – yahudiylar uyida eshikning tashqi yondoriga osib qoʻyiladigan pok hayvon terisidan tayyorlangan va maxsus duolar yozilgan oʻram. Oʻramning ichki qismiga Shma oyatlarining uchdan ikki qismi bitilgan boʻladi. Uning tashqi tomoniga esa Shadday – „Qudratli“ degan soʻz yozilgan. Musoning Besh kitobida ikki joyda Xudo soʻzini „Uyingiz eshigingizning yondoriga (mezuzot)“ deb buyurilgan. Natijada ushbu jumladagi mezuzot soʻzidan mezuza shakli chiqarib olingan. Mezuza matni 22 satrdan iborat boʻladi. Eshik yondoriga mezuza oʻrnatish chogʻida yahudiylar „Senga shukrlar boʻlsin, ey bizga mezuza oʻrnatishni buyurgan xudo“, deb duo qiladilar. Qoidaga koʻra mezuza maxsus futlyarga joylashtiriladi. Ushbu futlyar eshik yondorining yuqori oʻng burchagiga osiladi. Arxeologik manbalar ilk memuzalar Ikkinchi Ibodatxona davriga taalluqli ekanligini koʻrsatadi. Oʻrta asrlarda esa bunday oʻramlarning tashqi tomoniga farishtalarning nomlari va timsollar kabi sehrli qudratga ega boʻlgan narsalarni kiritish anʼanasi shakllangan. Biroq bunday turdagi mezuzalar tumorlarga aylanib qolishi mumkinligi sababli yahudiy olimi Maymonid tomonidan keskin tanqid qilingan. Shu sababli bugungi kunda mezuzalarga kriptogramma yoki timsollar tasviri tushirilmaydi. Mezuza xonadonning kiraverish eshigi hamda har bir xona eshigiga osib qoʻyiladi. Bugungi kunda jamoat binolari va sinagogalarning eshiklariga ham mezuza ilib qoʻyish odati keng tarqalgan. Mezuzaga yozilgan matn zararlanmaganligiga amin boʻlish maqsadida uni muntazam ravishda (har yetti yilda ikki marta) tekshirib turish talab etiladi. Yahudiy diasporasida esa yangi uyga koʻchib kirgandan soʻng 30 kun ichida, Isroilda esa koʻchib kirgan vaqtning oʻzida eshikka mezuza osish anʼanasi qabul qilingan. Agar uy sotiladigan yoki oʻzga bir insonga ijaraga beriladigan boʻlsa, mezuzalar osilgan joyidan olinmaydi. Yahudiylar orasida uyga kirish va undan chiqish chogʻida mezuzani barmoq bilan silash va oʻpish odati mavjud. Talmudga koʻra, mezuza xudo tomonidan Isroilga hadya qilib berilgan yetti misvotning biri hisoblanadi. Mezuza yahudiylik dinida eng koʻp amal qilinadigan buyruqlardan biridir. Aksar hollarda mezuza futlyarlari yahudiy hunarmadchiligining klassik namunalari boʻlib hisoblanadi[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 291.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.