Kontent qismiga oʻtish

Mikotoksikozlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mikotoksikozlar (yun. mykes zamburugʻ va toxikon — zahar) — chorva mollarida uchraydigan zaharlanish. M. zamburugʻlar zahari (toksinlari) bilan zararlangan ozuqalarni yeyishdan paydo boʻladi. Kasallik toʻsatdan paydo boʻlishi, ommaviy tarqalishi, inkubatsiya davrining qisqaligi, yuqmasligi bilan tavsiflanadi. M. kuzda yoki qishdan keyin gʻallagulli oʻtlar yigʻishtirib olinmagan, oʻsimliklar nobud boʻlgan yaylovlarda bahorda mol boqilganda, molxonada boqish davrida esa molga nam yem-xashak berilganda paydo boʻlishi mumkin. M.da mollarning barcha organ va sistemalari zararlanadi. M.ning ogʻir va klinik kechishi organizmga tushgan mikotoksin miqdoriga, ozuqaning zaharlilik darajasiga, mikroorganizm xususiyatlariga bogʻliq. Toksinlarning turiga koʻra, kasallangan (zaharlangan) hayvonlarda qon hosil boʻlishi izdan chiqadi, yurakqon tomir, nerv sistemasi, nafas olish, siydik ajratish organlarining faoliyati buziladi. Oʻrganilgan M. mustaqil nozoologik birliklarga ajratilgan boʻlib, zaharlovchi zamburugʻning turi yoki avlodi nomi bilan yuritiladi.

Davolash: simptomatik terapiya, antibiotiklarni qoʻllash.

Oldini olish: zaharli yoki zaharlangan ozuqani ratsiondan chiqarish.

Hoshim Nurmamatov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil