Mikroelektronika
Mikroelektronika - elektron uzellar, bloklar va qurilmalarni juda mitti integral qurilmalar tarzida yaratish bilan shugʻullanadigan elektronika sohasi. 20-asr 60-yillarida vujudga keldi. Qattiq jism fizikasi M.ning asosi hisoblanadi.
Ayrim qurilmalarda alohida tayyorlangan bir necha ming elektron lampa, tranzistor, kondensator, rezistor, transformator va boshqalarni qoʻllab, ularni kavsharlab yoki payvandlab yigʻilishi natijasida apparatlar kupol boʻlgan. Bosma montaj, mikromodul, integral sxemaning yaratilishi bilan bu kamchiliklar deyarli bartaraf qilindi.
M.ni bir-birini toʻldiruvchi bir necha yoʻnalishlar: integral elektronika, vakuum mikroelektronika, optik elektronika va funksional elektronika kabi yoʻnalishlarga ajratish mumkin. Integral elektronika eng keng rivojlangan. Bu sohaning vujudga kelishi radioelektron apparatlarni mikrominiatyuralashga (mittilashga) imkon berdi. Integral sxema (mikrosxema) hisoblash texnikasi va kosmik sistemalarda ham, xoʻjalikda ishlatiladigan apparatlarda ham qoʻllanadi. Yarimoʻtkazgichli integral sxemalar 1959-61 yillarda yaratildi. Bunday integral sxemalarning integrallash darajasi yuqori (bitta yarimoʻtkazgich kristallida 10000 gacha va undan koʻpelement). Guruxlab tayyorlash usuliga oʻtish yoʻli bilan yarimoʻtkazgichli material plastinkalaridagi aktiv (diodli, tranzistorli) elementlar tayyorlash texnologiyasining takomillashtirish bosma montaj texnikasining va passiv mikrominiatyur komponentlarni yaratish texnologiyasining rivojlanishiga, bu esa, oʻz navbatida, plyonkali integral sxemalarni ishlab chiqishga olib keldi.
Yarimoʻtkazgichli va plyonkali integral sxemalardan tashkari, aralash integral sxema tayyorlanadi. Aralash integral sxemaning integrallash darajasi yarimoʻtkazgichli integral sxemanikiga yaqin turadi. Keyinchalik vakuum integral sxemalar ishlab chiqildi va yangi yoʻnalish — vakuum elektronika yaratildi. Vakuum integral sxemalar barcha komponentlari vakuumga joylashtirilgan qurilma va osma mikrominiatyur elektrovakuum asboblari boʻlgan plyonkali integral sxema koʻrinishida ishlab chiqarilishi mumkin. Bunday integral sxemaning chidamliligi yuqori boʻladi.
Integral sxemalarning barchasi ishlash belgilariga qarab raqamli (mantiqiy) va chiziqli xillarga boʻlinadi. Raqamli integral sxemalar EHMlarda ishlatish uchun, chiziqli integral sxemalar esa, asosan, elektr signallar (kuchaytirish, modulyasiya va boshqalar)ni chiziqli kattaliklarga aylantirish uchun moʻljallangan.
M., asosan, ikki yoʻnalishda rivojlandi: integral sxemalarning integrallash darajasini va zichligini oshirish, sxematexnik yoki sistematexnik ishlarga moʻljallangan elektron qurilmalar yaratish uchun yangi fizik prinsip va hodisalarini izlash.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |