Milash
Milash (Ryabina – Sorbus) – raʼnoguldoshlar oilasiga kiruvchi buta yoki daraxt.
Biologik morfologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Milash (chetan) boʻyi 3-5 metr atrofidagi buta yoki daraxt. Oʻsimlikning poyasi qoʻngʻir, murgʻak novdalari tukli koʻk yoki qizgʻish-qoʻngʻir tusda boʻladi. Barglari lansetsimon, oʻtkir uchli, uzunligi 10-16 sm, eni 1,3-1,6 sm. Milash iyun oyida gullaydi. Qizil rangli gullarining bir nechtasi yigʻilib toʻpgul hosil qiladi. Gulkosasi uchburchak, gultojisimon diametri 1,5-2 sm, changchisi qisqa. Mevasi avgustda pishadi. Mevasi qoramtir-qizil boʻlib, olmasimon, sharsimon shaklda, diametri 1,5 sm gacha yetadi. Yetilib pishgan mevalar yumshoqlashgan boʻlib, unda 2-5 tagacha urugʻi boʻlishi mumkin.
Tarqalishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Milash asosan baland togʻlarda, subalp oʻtloqlarda koʻp uchraydi. Milashning turlari koʻp boʻlib, yovvoyi holda Yevropa, Kichik Osiyo va Kavkazda uchraydi. Uni qadim zamonlardan beri madaniy holda oʻstirib keladilar.
Oʻzbekistonda fors milashi, qizil milash, oddiy milash turlari uchraydi. Respublikamiz sharoitida milashning xonaki turi madaniy ravishda oʻstirilishi mumkin. Bunda 40 yillik milash daraxtidan oʻrtacha 100–250 kg gacha hosil olish mumkin.
Tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Milash mevalari oʻz tarkibida qand moddalari (sarboza, glukoza, fruktoza, saharoza), organik kislotalar (olma, limon kislotasi), oshlovchi moddalar, vitamin C, P, karotin, boʻyoq, pektin va boshqa moddalarni saqlaydi.
Q. H. Haydarov va Q. H. Hojimatovlarning bergan maʼlumotlariga qaraganda, qizil milash bargida fitonsidlar mavjud.
Xalq tabobatida qoʻllanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oddiy milash xalq tabobatida lavsha, shamollash-yalligʻlanishga qarshi tabiiy omil boʻlish bilan birga qon toʻxtatuvchi xususiyatga ega. Milash mevalaridan tayyorlangan qaynatma darmon qurishda, ich ketganda, ich burmada, qabziyatda, buyrakda tosh boʻlganda, bod va bavosil kasalliklarida tavsiya etiladi.
Koʻhna tojik tabobatida milash mevalari odam organizmini mustahkamlaydi, yaxshi kayfiyat bagʻishlaydi, yoʻtalda yordam beradi, meʼdani mustahkamlab, quvvatni saqlaydi (ozuqa moddalarni organizmda saqlaydi), deb aytilgan. U qayt qilishni va ich ketishini toʻxtatadi (bunda hali pishib yetilmagan milash mevalari yaxshi natija beradi).
Milash mevalari va gazanda oʻt barglari asosida tayyorlangan damlama organizm uchun foydali ekanligi haqida maʼlumotlar bor. Buning uchun 7 xissa milash meva qoqisini 3 xissa gazanda oʻt barglari bilan qoʻshib, aralashma tayyorlanadi. Aralashmadan 1 osh qoshiq miqdorida olib uning ustiga 2 stakan qaynoq suv solinadi va yengil alanga ustida 10 daqiqa qaynatiladi. Soʻngra idish qopqogʻi yopilib, 4 soat davomida damlab qoʻyiladi. Keyin dokadan oʻtkaziladi va kuniga yarim stakandan 3 mahal isteʼmol qilinadi.
Odatda yovvoyi holda oʻsgan yoki madaniy holda yetishtirilgan milash mevalari bir bor sovuq yegandan soʻng teriladi. Mevalar muzlagan holda saqlanishi yoki quritilishi mumkin.
Ilmiy tibbiyotda milash mevalari ishtaha ochuvchi sifatida tavsiya etiladi. Mevalarning yangi sharbati enterit kasalligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Meva qaynatmasidan lavsha kasalligida gʻar-gʻara qilish buyuriladi. Mevalari avitaminoz bilan bogʻliq kasalliklarni oldini olishda qoʻllaniladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Shifobaxsh neʼmatlar M.Nabiyev, V.Shalnev, A. Ibrohimov Toshkent – „Mehnat“ – 1989
- „Asrlar donoligi“ Dushanbe – „Irfon“ nashriyoti – 1981
- Oʻ.Axmedov.pdf Oʻsimliklarni yetishtirish texnologiyasi[sayt ishlamaydi]