Kontent qismiga oʻtish

Milliy dinlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Milliy dinlar–oʻz mazmun-mohiyati bilan asosan bir millatga mansub xalqlar eʼtiqod qiladigan dinlardir. Milliy dinlar shakllanishining dastlabki va eng soʻnggi davrlarini bir-biridan farqlash lozim. Dastlabki Milliy dinlar quldorlik jamiyatida vujudga kelgan boʻlib, odatda, politeistik, yaʼni koʻp xudolik dinlari boʻlgan. Masalan, qadimgi grek dini koʻp xudolikning oʻzginasidir. Zevs-pantion (qadimgi grek tilida – bosh xudo) hisoblanib, bir ukasi dengiz xudosi, ikkinchi ukasi – yer osti podsholigining xudosi hisoblanar edi. Shuningdek, muhabbat va goʻzallik maʼbudasi, urush xudosi xudosi, quyosh xudosi va sanʼat homiysi va boshqa yana bir qancha xudolar boʻlgan. Quldorlik jamiyatidagi dastlabki Milliy dinlarning oʻziga xos yana bir xususiyati oxirat toʻgʻrisidagi tasavvurning paydo boʻlishi va unga ishonishidir. Ammo bu davrda bunday tasavvurlar hali toʻla shakillanmagan edi. Ular keyingi davrlarda rivojlangan. Bu davrda qurbonlik qilish keng rasm boʻlib hatto majburiy marosimlardan biri hisoblanar edi. Xudolar yoʻlida meva-cheva, noz-neʼmatlardan tortib, uy hayvonlarining barcha turlarigacha, qadim zamonlarda esa hatto odamlar ham qurbon qilinar edi. Milliy dinlar rivojlanishining soʻnggi davrlariga kelib odamlar oʻrniga hayvonlar qurbon qilina boshlagan. Shu bilan birga oxirat haqidagi tasavvurlar keng targʻib qilinardi. Milliy dinlar elat millat dinlari deb ham yuritiladi. Chunki ular urugʻ-qabila dinlaridan farqli ravishda sinfiy jamiyat qaror topishi va shakillanishi davrida vujudga kelgan va rivojlangan. Binobarin, ular avvalo elatning soʻngra, millatning shakllanishini oʻzlarida aks ettirgan. Milliy dinlar tasavvur qilingan xudolar milliy xudolar hisoblanib, ibodat marosimlar asosan muayyan elat yoki millatnikigagina mos tushar edi. Binobarin, bu xildagi qadimgi dinlar milliy davlat xarakterida boʻlishi bilan boshqa din shakillaridan ajralib turgan. Eng soʻnggi davrning milliy dinlariga quyidagilar kiradi: hinduizm, jaynizm, sikxizm, daosizm, konfusiylik, sintoizm va iudaizm (yahudiylik)[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 292.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.