Milliy olimpiya qoʻmitalarining Bosh assambleyasi
Milliy olimpiya qoʻmitalarining Bosh assambleyasi (MOQ BA)ga 1965-yili Rimda 68 davlat vakillari ishtirokida oʻtgan Milliy olimpiya qoʻmitalarining birinchi anjumanida asos solingan. Ikkinchi anjuman 1967-yili Tehronda oʻtkazilib, unda 72 davlat ishtirok etgan. Ushbu assambleyada Milliy olimpiya qoʻmitalarning yangi tashkiloti tuzilgani eʼlon qilingan. Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi tomonidan rasman 1968-yili Mexikoda tan olingan. 1975-yilda bu tashkilot Milliy olimpiya qoʻmitalarining doimiy Bosh assambleyasi deb nomlangan.[1]
Maqsadlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Milliy olimpiya qoʻmitalarining Bosh assambleyasi maqsadlari: Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi bilan hamkorlikda olimpiya harakatini muttasil rivojlantirish; ish tajribasi va axborot almashishni kengaytirish; olimpiya harakatini takomillashtirish, unda Milliy olimpiya qoʻmitasining ahamiyatini kuchaytirishga qaratilgan loyihalar hamda takliflarni ishlab chiqish va Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasiga taqdim etish.
Milliy olimpiya qoʻmitalarining Bosh assambleyasi yigʻilishlari ikki yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Forumda rahbar organ — assambleya Kengashi tarkibi (prezident, bosh kotib va 4 yil muddat bilan kengash aʼzolari) saylanadi. Milliy olimpiya qoʻmitalarining Bosh assambleyasi yigʻilishiga Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi uchta vakil yuborishi mumkin, biroq ular faqat bitta ovozga ega boʻladi. Milliy olimpiya qoʻmitalarining Bosh assambleyasi qoshida assambleya kengashiga yordam berish uchun ishchi guruh mavjud. Ushbu ishchi guruh olimpiya harakatida Milliy olimpiya qoʻmitalarning ahamiyatini kuchaytirish, nizom, xalqaro toifadagi sportchilar muammolarini oʻrganish masalalarida yordam koʻrsatadi. Ish yurituvchi tillar sifatida rasmiy ravishda ingliz, ispan, rus va fransuz tillari qabul qilingan.
Qarorgoh
[tahrir | manbasini tahrirlash]Milliy olimpiya qoʻmitalarining Bosh assambleyasi qarorgohi Italiya poytaxti Rim shahrida joylashgan.[2]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „The history of the Olympic Truce“. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
- ↑ ; Farhod Turdiyev; Munavvarxon Rasulova"Olimp sari" (oʻzbek). "Navro'z" nashriyoti — 54-bet. ISBN 978-9943-381-37-7.