Kontent qismiga oʻtish

Mimoza Kusari-Lila

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mimoza Kusari-Lila
Tavalludi 16-oktyabr 1975-yil (1975-10-16) (49 yosh)
Fuqaroligi  Kosovo
Taʼlimi Universiteti i Prishtinës
Kolorado universiteti
Duquesne University (MBA)
Kasbi hokim
Partiyasi Yangi Kosovo Ittifoqi (2009–2016)
Alternativa

Mimoza Kusari-Lila (albancha: Mimoza Kusari-Lila; 1975-yil tugʻilgan) – Kosovo-alban davlat va siyosat arbobi, Yangi Kosovo ittifoqi (AKR), „Alternativa“ partiyasi aʼzosi.

Mimoza Kusari 1975-yil 16-oktyabrda Kosovo janubi-gʻarbidagi Djakova shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan: otasi pulmonolog, onasi maktabda alban tili va adabiyoti oʻqituvchisi boʻlgan. Bir muncha vaqt oila Kosovaning Pec shahrida yashab, 1980-yillarning oʻrtalarida yana Djakovaga qaytib kelgan.

„Hajdar Dushi“ gimnaziyasini tamomlagan, soʻng Prishtina universitetining Iqtisodiyot fakultetiga oʻqishga kirgan (1999-yilda tugatilgan), menejment va axborot tizimlari fakultetini tamomlagan, shu bilan birga oʻqishi uchun ishlagan.

1998―1999-yillarda Kosovoda mojaro boshlanganida, Chegara bilmas shifokorlar va YXHTda ishlagan[1]. Makedoniyadagi qochqinlar lagerida ishlagan va AQShda MBA taʼlimini davom ettirish uchun AQSh Davlat departamentining nufuzli Ron Brown stipendiyasini olgan[2]. Shu yerda, Kusari-Lila Iqtisodiyot institutida, Kolorado universitetida va Pitsburgdagi (Pensilvaniya) Duquesne universitetida oʻqishni davom ettirib, elektron biznes boʻyicha magistrlik darajasini olgan.

Amerikada yetakchilik qobilyatini namoyon etib, talabalar jamoalarini tashkil etish ishlarida faol ishtirok etgan. Duquesne universiteti ishbilarmon ayollar uyushmasiga asos solgan va birinchi prezidenti boʻlgan va Davlat kotibi Madeleine Albright tomonidan Vashingtondagi Xalqaro taʼlim haftaligini nishonlash uchun taklif qilingan Sharqiy Yevropa davlatlaridan uchta Ron Brown stipendiyasi oluvchilar orasida boʻlgan. Oʻqishni tamomlagandan soʻng Pitsburgdagi Bayer korporatsiyasining elektron savdo boʻlimida stajyor boʻlib ishlagan[1].

2001-yilda Kosovoga qaytganidan soʻng, Mimosa Kusari-Lila Jahon banki bilan USAIDning Kosovo tadbirkorlarini qoʻllab-quvvatlash loyihasida ishlagan. Uning yetakchilik fazilatlari va boshqaruv tajribasi Kosovodagi Amerika universitetining yaratilishiga yordam bergan, hozirda ushbu taʼlim muassasi Kosovoning yetakchi universitetlaridan biridir. 2003-yilda oʻsha paytdagi Kosovo Bosh vaziri Bayram Rexepining matbuot kotibi va siyosiy maslahatchisi lavozimini taklif qilganda davlat xizmatiga oʻtgan va ushbu lavozimda ishlashni boshlagan birinchi ayol boʻlgan. 2004-yil oxirida Arben Lila bilan turmush qurishi va keyinchalik farzand koʻrgani sababli siyosatdan vaqtincha voz kechgan. Turmush qurgandan soʻng, keyingi faoliyatida qoʻsh familiyadan foydalangan holda erining familiyasini ham olgan.

Oʻz faoliyatini energetika va koʻmir sanoati vazirligida energetika departamenti direktori, keyinroq Kosovo-Amerika savdo palatasida davom ettirgan va bu yerda 2006―2009-yillarda ijrochi direktor boʻlib ishlagan. 2009-yilda Vashingtondagi Georgetown universitetida toʻrt oylik Fulbright tadqiqot dasturida ishtirok etgan. Oʻsha yili AKR partiyasidan Djakova shahar meri lavozimiga oʻz nomzodini koʻrsatgan, ammo saylovlarda gʻalaba qozona olmagan. 2011-yil fevral oyida Kosovo Bosh vazirining oʻrinbosari hamda Savdo va sanoat vaziri etib tayinlangan. Ushbu lavozimlarda 2013-yil 2-oktyabrgacha faoliyat yuritgan va nihoyat Djakova meri lavozimiga ikkinchi marta saylov kampaniyasida ishtirok uchun hukumat lavozimidan isteʼfoga chiqqan. Bu safar saylovlarning ikkinchi bosqichida gʻalaba qozonib[3], Kosovo tarixidagi birinchi ayol mer sifatida ish boshlagan. 2013-yil noyabridan 2017-yilgacha shu lavozimda faoliyat yuritgan[4].

Turmushga chiqqan, ikki nafar farzandi bor.

  1. 1,0 1,1 „Mimoza Kusari - Lila, Deputy Prime Minister and Minister of Trade and Industry, Kosovo“. Week of Women (2013). 2023-yil 6-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-dekabr.
  2. „Mimoza Kusari-Lila“ (sq). Mimoza Kusari-Lila. 2015-yil 15-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-dekabr.
  3. „ZGJEDHJET LOKALE 2013“ [LOCAL ELECTIONS 2013] (sq). Republic of Kosovo Central Elections Commission. 2013-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-dekabr.
  4. „Profili i Kryetares“ [Profile of the President] (sq). Municipality of Gjakova. 2015-yil 5-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-dekabr.