Kontent qismiga oʻtish

Miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga oʻtishi qonuni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga oʻtishi qonuni — dialektikaning qonunlaridan biri. Tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining eng umumiy tarzini ochib beradi. Uni Gegel taʼriflab bergan. Rivojlanish murakkab jarayon boʻlib, unda miqdor va sifat oʻzgarishlari sodir boʻladi. Predmet yoki hodisaning rivojlanishi avval asta-sekin roʻy beradigan miqdor oʻzgarishlaridan boshlanadi. Miqdor oʻzgarishlari maʼlum darajaga yetgach, meʼyorning buzilishi tub sifat oʻzgarishlariga olib keladi. Miqdor sifatga oʻtadi. Miqdor oʻzgarishlari turli shaklda sodir boʻladi. Miqdor oʻzgarishlari obyekt qismlari sonining oʻzgarishi shaklida, makoniy shakllarning yoki elementlar aloqadorligi tartibining oʻzgarishi va hokazo shakllarda sodir boʻlishi mumkin. Obyektiv voqelikda faqat miqdor oʻzgarishlari sifat oʻzgarishlariga olib kelmay, sifat oʻzgarishlari ham miqdor oʻzgarishlariga olib keladi, vujudga kelgan yangi sifat doirasida miqdor koʻrsatkichlari rivojlanadi. Mas, Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillikka erishganligi — sifat oʻzgarishi. Natijada xalq xoʻjaligi, iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar vujudga keldi, xalqning iqtisodiy, siyosiy, madaniy ravnaqi uchun keng yoʻl ochildi.

Miqdor oʻzgarishlari nisbatan sokin, uzluksiz davom etsa, sifat oʻzgarishlari uzilishli, sakrashsimon boʻladi. Rivojlanish jarayonida eski sifatning yangi sifatga aylanishi uzluksizlikning uzilishi yoki sakrash deb ataladi. Sakrash — rivojlanish jarayonida qonuniy sodir boʻladigan burilish nuqtasi, taraqqiyot zanjiridagi zaruriy halqadir. Sakrash oʻzgarishning eng intensiv shakli, rivojlanish maromining oliy nuqtasidir, uning natijasida eski narsa yemiriladi, yangi narsa vujudga keladi. Bir sifatdan ikkinchi sifatga oʻtish sakrash orqali boʻlishi umumiy qoida boʻlib, u xali bu sakrash har bir tayin vaziyatda tayin narsa va hodisalarga nisbatan qanday amalga oshishini koʻrsatib bermaydi. Hodisaning bir sifat xrlatdan boshqa holatga oʻtishi yoʻqolish va paydo boʻlishning, mavjudlik va yoʻqlikning, inkor va tasdiqning birligidan iborat (qarang Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni). Sakrashda yangi yuzaga kelayotgan hodisa eskisini inkor etadi; bunda sifat va miqdor oʻzgarishlari birbirini taqozo etadi (qarang Inkorni inkor qonuni). Dialektika sakrashlarning, bir sifatdan ikkinchi sifatga oʻtish shakllarining xilma-xilligini jiddiy hisobga olishni, har bir muayyan vaziyatda shu oʻtishning tayin shakllarini aniqlab, bilib olgan holda ish koʻrishni talab qiladi. Eng muhimi — sakrashning, oʻsishning tayin shaklini payqab olish, topish, ifodalash va shunga qarab harakat qilish kerak.

M.oʻ.s.oʻ.oʻ.q. dialektikaning boshqa qonunlari singari ilmiy bilish va amaliy faoliyat uchun katta ahamiyatga ega. U bizga obyektiv dunyoning rivojlanish jarayonini toʻgʻri tushunib olish, narsa va hodisalarning sifat jihatidan oʻzgarish tarzini anglash va undan jamiyatni yanada rivojlantirishda foydalanish imkonini beradi. Abdulla Ayupov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil