Mir Chaman masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mir Chaman masjidiQarshi masjidi. Qarshining qadimiy masjidlaridan edi. Unga tegishli uchta vaqf hujjati saqlanib qolgan. Birinchi hujjatda qayd etilishicha: “Hijriy 1221-yili safar oyida Mo’minjon og’oliq o’g’li Avaz Muhammad og’oliq shar’iy tarzda xolis Olloh, yo’lida Mir Chaman masjidi tahoratxonasi uchun o’zining eng yaxshi mulkini vaqf qiladi”. Taxoratxona masjidning janubida joylashgan ekan. Vaqf yeri esa Ma’sumobod mavzesida, Beshkent arig’ining sharqiy tarafida ikki yarim tanobdan iborat edi. Masjidga mutavalli o’zi va so’ngra avlodlari davom ettiradi. Vaqf hosili oldin tahoratxona imoratiga sarflanadi. Qolganidan mutavalli ushr oladi. Undan ortgani taxoratxona zaruratiga ajratilgan. Ikkinchi hujjatda: “Hijriy 1221-yili safar oyi oxirida mulla Nodirshoh, qizi Bibi Qurbon nomidan mulla Sayid Muhammad o’g’li mulla Avaz Muhammad vakil bo’lib, shahar ichidagi Mir Chaman guzari masjidi uchun vaqf qiladi” Mir Chaman masjidi pishiq, g’isht va yog’ochdan qurilgan. Vaqf yeri bir tanobdan iborat bo’lib, Qo’rg’oncha mavzesida edi[1]. Mutavalli voqifning o’zi va so’ngra bu ishni avlodlari bajaradi. Mutavalli hosildan yiliga bir ashrafi haq oladi. Qolgani masjid ehtiyojiga sarflanadi. Undan ortgan tanobona uch qismga taqsimlanib, imomga 2 va muazzinga 1 hissa ulush beriladi. Uchinchi hujjat ham ikkinchisi bilan bir vaqtda rasmiylashtirilgan. Unda Avaz Bobohol o’g’li Ibrohimjon mazkur masjid uchun ikki qismdan iborat yerini vaqf qiladi. Bu yerlar Lag’mon mavzesida edi. Shimolida Lag’mon arig’i va g’arbida shu mavze masjidi bilan chegaradosh bo’lgan. Masjid inqilob davrida vayron bo’lgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204 bet. 
  2. Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 639 bet.