Kontent qismiga oʻtish

Miriy (shoir)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Miriy (Kattaqoʻrgʻon)dan yoʻnaltirildi)
Miriy
Tavalludi
Ochilmurod Neʼmatullo oʻgli

1839-yil
Vafoti 1899-yil
[Kattaqoʻrgʻon]]
Taʼlimi Naqibxoʻja madrasasi
Kasbi Shoir, xattot, dostonnavis, tarjimon, imom, qozi

Miriy (taxallusi; asl ismi: Ochildimurod Neʼmatilla oʻgʻli; 1830-yil – Kattaqoʻrgʻon – 1899-yil) – oʻzbek shoiri, xattot, dostonnavis, tarjimon, imom va qozi.

Ochilmurod Neʼmatullo oʻgli Miriy 1839-yilda Kattaqoʻrgʻonning Eshonqishloq mavzesida dehqonlar oilasida tavallud topgan. Boshlangʻich taʼlimdan soʻng, Kattaqoʻrgʻondagi Naqibxoʻja va Buxoro madrasalarida taʼlim olgan. Ilk gʻazallarini Roqim va Shavqiy kabi shoirlarga ergashib yozgan. Madrasani tugatib shoir, donishmand va mutafakkir sifatida taniladi. Kalliqoʻrgʻon mavzeida imomlik va qozilik qilgan (1888).

Miriyning mukammal devoni, ikkita bayozi, qator epik asarlari saqlangan. Miriy ijodining asosiy qismini uning dostonlari egallaydi. „Raʼno va Zebo“ (1884) dostonini fors tilida yozgan. Miriy tarixiy voqealar asosida romantik uslubda „Qissai Salim Javhariy“ (1887), „Rustam va Suhrob“ (1898), „Majdiddin va Faxruniso“ (1899) dostonlarida adolatli tuzum, farovon turmush, komil inson haqidagi ilgʻor fikrlari aks etgan. Firdavsiyning „Rustam va Suhrob“ dostonining tarjimasi olimlar tomonidan yuksak baholangan. „Gulnoma“, „Choynoma“ kabi masnaviylarida hayot haqidagi falsafiy-estetik qarashlari oʻz ifodasini topgan. Bu asarlarda sevgi, sadoqat, insonparvarlik, maʼrifatparvarlik gʻoyalari targʻib qilingan.

Miriy Firdavsiy „Shohnomasi“ning bir qismini va Husayn Voiz Koshifiyning „Anvori Suxayliy“ asarini sheʼriy yoʻlda turkiy tilga tarjima qilgan. Navoiy, Jomiy, Saʼdiy va boshqa shoirlarning ayrim asarlarini nasx va nastaʼliq xatlarida koʻchirgan.

Miriy gʻazallarida hayot ziddiyatlari, turmushdagi tartibsizliklar, nohaqliklarni tasvirlagan. Hajviy sheʼrlarida esa riyokor qozilar va mirshablarni fosh etgan. Shoir lirikasi, hajviyoti va epik asarlari yuksak badiiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Miriy asarlari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti, SamDUning asosiy kutubxonasi fondlarida saqlanadi.

Ochilmurod Miriy 1899-yilda dushmanlari tarafidan uyushtirilgan fitnalar, 2 oʻgʻlining oʻldirtirishi natijasida vafot etadi[1].

  • Rahmonqul Orzibekov. Miriy. XIX asr oʻzbek adabiyoti tarixiga doir materiallar, Samarqand, 1985. 
  • Tanlangan asarlar, Toshkent, 1965. 
  • Vohid Abdullayev; Boturxon Valixoʻjayev. Miriy va uning zamondoshlari, Toshkent, 1977. 
  1. Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet.