Kontent qismiga oʻtish

Mixail Akimov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Mixail Akimov
Asl ismi ruscha: Михаил Павлович Акимов
Tavalludi 25-noyabr 1925-yil
Suponevo, Samara guberniyasi, RSFSR
Vafoti 8-mart 1983-yil(1983-03-08)
(57 yoshda)
Sumi, Ukraina SSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Qoʻshin turlari artilleriya
Xizmatdagi yillari 1943-1946-yillar
Unvoni Sovet gvardiyasikichik serjant
Harbiy  qism 125-gvardiya artilleriya polki, 54-gvardiya oʻqchilari diviziyasi
Jang/urush Ikkinchi jahon urushi
Mukofotlari

Mixail Pavlovich Akimov (ruscha: Михаил Павлович Акимов; 1925-yil 25-noyabr, Suponevo, Samara guberniyasi, RSFSR — 1983-yil 8-marta, Sumi, Ukraina SSR) — Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (25.09.1944).

1925-yilning 25-noyabrida SSSRning Samara guberniyasi Suponevo qishlogida (hozir Koshkinskiy tumani, Samara viloyati, Rossiya) dehqon oilasida tugʻilgan. Oʻrta maktabning 7 sinf maʼlumotiga ega, kolxozda ishlagan.

Mixail Akimov 1943-yilning yanvar oyida Oʻzbekiston SSRning Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tuman harbiy komissarligi tomonidan Sovet Armiya safiga chaqirildi[1]. Uch oy davomida zahira polkida minometchilikka oʻqigan. 1943-yilning iyunidan frontda jang qilgan. Gʻarbiy, Janubiy-Gʻarbiy, Janubiy, 4-Ukraina, 1 va 3-Belarus frontlarida jangga kirgan. U ikki marotaba yaralangan va kontuziya olgan. U 54-gvardiya oʻqchilari diviziyasining 125-gvardiya artilleriya polkida nishonga yoʻnaltiruvchi boʻlib xizmat oʻtagan.

1944-yilning 8-iyulida Lesnaya stansiyasining janubi-gʻarbida (Brest viloyati, Baranovich tumanida), nemis qoʻshinlari 54-gvardiya oʻqchilari diviziyasi joylashgan joylarga qarshi hujum qilishdi. Dushman piyoda hujumi 15 tank va oʻziyurar toʻp koʻmagida amalga oshirildi. Nishonga yoʻnaltiruvchi Akimovning hisobi hujum qilayotgan tanklarga qarata toʻpni moʻljallab, birinchi snaryad bilan 300-400 metr masofadagi dushman tankini yakson qildi. Keyingi jangda esa boshqa hisoblar ishdan chiqdi. Yakka tartibda harakatlangan Mixail Akimov dushmanning yana uchta tankini yakson qildi, hamda hujum qilayotgan piyodalarni parchalanuvchi snaryadlar bilan oʻqqa tutdi. U yaralandi va hushini yoʻqotdi, biroq egallangan joylar boy berilmadi. Bir yarim oy gospitalda davolandi[2].

SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yilning 25-sentyabridagi farmoni bilan „Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qoʻmondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda koʻrsatgan jasorat va qahramonligi uchun“ gvardiya kichik serjanti Mixail Pavlovich Akimov „Lenin“ ordeni va „Oltin Yulduz“ (5103-raqamli) medali taqdim etilgan holda „Sovet Ittifoqi Qahramoni“ unvoni bilan taqdirlangan[3].

1945-yilning yanvar oyida Mixail Akimov Sumi artilleriya bilim yurtiga oʻqishga yuborildi. Biroq, olingan jarohatlar va kontuziya oqibatida, 1946-yilning noyabrida, sogʻligi holatiga koʻra, armiya safidan chiqarildi. Samara un va don mahsulotlari texnikumini tamomlab, Vladimir shahrida faoliyat yuritgan. 1951-yilning yakunida u Sumi shahriga koʻchib keldi va regenerat zavodida temirga ishlov beruvchi ishchi boʻlib ishladi. 1983-yilning 8-martida vafot etgan va Ukraina SSR Sumi shahri Markaziy qabristoniga dafn etilgan[4].

Sumi shahri „Stalingradning Qahramonlari“ nomli koʻchasida joylashgan Shon-sharaf hiyobonidagi ushbu shahar bilan bogʻliq boʻlgan boshqa jangchilar qatorida Mixail Pavlovich Akimovning portreti ham bor.

  1. sootechestvenniki.uz. „АКИМОВ МИХАИЛ ПАВЛОВИЧ“. 2024-yil 11-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 11-may.
  2. warheroes.ru. „Акимов Михаил Павлович“.
  3. героипфо.рф. „Акимов Михаил Павлович“.
  4. war-heroes.uz. „AKIMOV MIXAIL PAVLOVICH“.