Mixail Dovidov
Mixail Dovidovich Dovidov [1913.12(25).5, Andijon - 1981.16.6, Toshkent] — opera xonandasi (lirik tenor), aktyor va pedagog. Oʻzbekiston xalq artisti (1978). Moskvadagi Oʻzbek opera studiyasini tugatgan (1939). 1933-yildan Oʻzbek davlat musiqali teatrida artist, 1939-yildan Navoiy nomidagi opera va balet teatri yakkaxoni. Mayin va shirali ovoz sohibi D.ning ijro uslubi yevropa va milliy xonandalik anʼanalarining mutanosibligi bilan ajralib turadi. Oʻzbek operalaridan Naziriy (S. Boboyev, "Hamza"), Olimjon (T. Sodiqov, D. Zokirov va b., "Zaynab va Omon") va ayniqsa Hidoyat (S. Yudakov, "Maysaraning ishi"), shuningdek, Lenskiy (P. Chaykovskiy, "Yevgeniy Onegin"), Shuyskiy (M. Musorgskiy, "Boris Godunov"), Almaviva (J. Rossini, "Sevilya sartaroshi") kabi partiyalarni mahorat bilan ijro etgan. Konsert repertuaridan oʻzbek, tojik, tatar va ozarbayjon xalq koʻshiqlari oʻrin olgan. 1966-yildan Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida dars bergan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |