Kontent qismiga oʻtish

Moby-Dick

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Mobi Dikdan yoʻnaltirildi)
Moby-Dick; or, The Whale
Muallif(lar) Herman Melville
Mamlakat AQSH bayrogʻi AQSh
Til inglizcha
Janr(lar)i roman
Nashr etilgan sanasi 1851-yil 18-oktyabr (Buyuk Britaniya)
1851-yil 14-noyabr (AQSh)
Nashriyot
Sahifalar soni 635 (Amerikada bosilgan nashr)

Moby-Dick; or, The Whale“ (tarjimasi „Mobi Dik, yoxud (Oq) kit“) – amerikalik yozuvchi Herman Melville yozgan roman. Ilk bor 1851-yil chop etilgan. Asar Ishmael nomidan yozilgan boʻlib, unda „Pequod“ kemasi kapitani Ahab kemaning oldingi safarida oyogʻini tishlab, uzib olgan oq kashalot – Moby Dickdan qasos olish uchun chiqqan dengiz safari haqida hikoya qilinadi. Amerika adabiy renessansi davrida yozilgan ushbu roman dastlab taqrizchilar tomonidan turlicha kutib olingan, bozori kasod boʻlgan, muallif 1891-yil vafot etgan yilda nashrdan chiqmay qoʻygan boʻlgan. XX asrga kelib, xususan, muallif tavalludiga yuz yil toʻlganidan keyin „Moby-Dick“ Buyuk Amerika romani oʻlaroq shuhrat qozongan. Yozuvchi William Faulkner romanni oʻzi yozmaganidan afsusda ekanini izhor qilgan[1], D. H. Lawrence esa „dunyodagi eng gʻalati va eng ajoyib kitoblardan biri“ deya olqishlagan[2]. Romanning ilk jumlasi – „Menga Ishmael (Ismoil) deb murojaat qil“ (inglizcha: Call me Ishmael) jahon adabiyotidagi eng taniqli debochalardan biridir[3].

Melville „Moby-Dick“ romanini 1850-yil fevralida yoza boshlagan va 18 oydan soʻng, yaʼni rejalashtirganidan bir yil koʻproq vaqt oʻtib tamomlagan. Muallif asarni yozishda 1841-yildan 1844-yilgacha oddiy dengizchi oʻlaroq, jumladan, kit ovlash kemasida olgan tajribasi hamda kit ovlash boʻyicha yozilgan koʻp sonli adabiyotlarga tayangan. Romandagi kashalot obraziga ovchilarga chap berib nom chiqargan Mocha Dick kiti asos boʻlgan. Roman yakuni esa „Essex“ kit ovlash kemasining 1820-yil gʻarq boʻlishidan ilhomlanib yozilgan. Roman nafaqat kit ovlash va kit moyini olish jarayonlarining batafsil va real tavsiflarini, balki kemadagi kelib chiqishi har xil boʻlgan ekipaj aʼzolarining hayoti, AQShdagi ijtimoiy sinf va ijtimoiy maqom, yaxshilik va yomonlik hamda Xudoning mavjudligi boʻyicha mulohazalarni oʻz ichiga oladi.

Roman Shakespeare va Thomas Carlyle asarlari hamda Injil taʼsirida yozilgan. Melville romanda nafaqat proza, balki qoʻshiq, sheʼr, turkum, pyesa, solilokviy hamda apart kabi adabiy vositalardan foydalangan. Muallif 1850-yilning avgustida, yaʼni romanning qariyb yarmini yozib boʻlgan paytida Nathaniel Hawthorne bilan uchrashgan. Melville Hawthornening „Mosses from an Old Manse“ asaridan katta taassurot olib, uni Shakespeare asarlariga qiyoslagan. Ushbu uchrashuv muallifni „Moby-Dick“ romanini qayta ishlab, yanada mukammallashtirishga undagani taxmin qilinadi. Pirovardida roman „dahosiga boʻlgan hurmat belgisi oʻlaroq“ Hawthornega bagʻishlagan.

Kitob ilk bor uch jildda 1851-yilning oktyabr oyida Londonda „The Whale“ nomi bilan chop etilgan. Barqarorlashgan „Moby-Dick; or, The Whale“ nomi bilan esa oʻsha yilning noyabrida Nyu-Yorkda bir jildda nashr etilgan. Londondagi Richard Bentley nashriyoti ayrim munozaraga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan parchalarni senzura qilgan yoki oʻzgartirgan. Nyu-Yorkda chop etilishidan oldin Melvillening oʻzi ham yakuniy oʻzgarishlarni kiritgan, shu jumladan, asar nomiga. Bunga qaramasdan, har ikki nashrda kashalot nomi chiziqchasiz „Moby Dick“ oʻlaroq yozilgan. Britaniyadagi taqrizchilar, umuman olganda, asarga ijobiy baho bergan. Ayrimlar asar xuddi kema bilan gʻarq boʻlgan hikoyachi tomonidan soʻzlab berilgandek tuyulganiga eʼtiroz bildirgan, chunki Britaniya nashrida Ishmael omon qolgani hikoya qilingan epilog boʻlmagan. Amerikalik taqrizchilar esa asarga oʻta salbiy baho bergan[4].

  1. Melville, Herman; Parker, Hershel; Hayford, Harrison. Moby-Dick, 2nd (inglizcha), New York: Norton, 2002 — 640-bet. ISBN 978-0-393-97283-2. 
  2. Lawrence, David Herbert. Studies in Classic American Literature, 12. Druck d. Ausg. 1977 (inglizcha), London: Penguin — 168-bet. ISBN 978-0-14-018377-1. 
  3. Buell, Lawrence. The Dream of the Great American Novel (inglizcha). Cambridge, Massachusetts ; London, England: The Belknap Press of Harvard University Press, 2014 — 362-bet. ISBN 978-0-674-05115-7. 
  4. Melville, Herman; Melville, Herman. The Confidence-Man: His Masquerade, Northwestern-Newberry (inglizcha), Evanston: Chicago: Northwestern University Press. ISBN 0-8101-0324-9.