Kontent qismiga oʻtish

Avtomobil

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mobildan yoʻnaltirildi)
Chevrolet Epica/Daewoo Tosca, zamonaviy avtomobillardan biri.
Karl Benz’ning Velo nomli avtomobili (1894); birinchi avtomobil poygalari qatashchisi.

Avtomobil (lotincha: mobilis – harakatchan) – dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan relssiz transport vositasi. Yoʻlovchilar va yuk tashishga moʻljallangan.1751-1752-yillarda Nijniy Novgorod gubernyasi (Rossiya) dehqoni Leontiy Shamshurenkov ikki kishi oyogʻi bilan yurgiziladigan „oʻziyurar aravacha“ qurdi. I. P. Kulibin bir qancha muhim mexanizmlarni, uzatmalar qutisini taklif qildi. Bugʻ mashinasi paydo boʻlgandan keyin ixtirochilar undan mexanik aravada foydalanishga harakat qildilar. 1769-1770 yillarda fransuz harbiy muhandisi N. J. Kyuno artilleriya toʻplari uchun 3 gʻildiraklibugʻ aravasi qurdi. Angliyada 1802-yilda Trevitnik bugʻ mashinasi oʻrnatilgan A. qurdi. 1830-yilda rus ustasi K. Yankevich bugʻ avtomobillariga temirdan yasalgan 100 dan ortiq gaz quvurli bugʻ qozoni oʻrnatishni taklif etdi. Akkumulyatordan tok olib ishlay-digan elektr dvigatelli avtomobillar bilan ham koʻpgina tajribalar oʻtkazildi. Ichki yonuv dvigateli ixtiro qilingandan keyin avtomobillar muntazam rivojlantirila boshlandi. Avtomobillarga benzin va kerosin bilan ishlaydigan dvigatellar oʻrnatish borasida turli mamlakatlarning koʻpgina ixtirochilari ish olib bordilar. 1885-1886-yillarda Germaniyada Daymler benzin bilan ishlaydigan dvigatelni mototsiklga, Bens esa uch gʻildirakli avtomobillarga oʻrnatdi. Temir gʻildiraklar oʻrniga yaxlit rezina shinalar, 1890-yildan esa pnevmatik rezina shinalar ishlatila boshladi. Avtomobilsozlik dastlab Fransiyada, soʻngra AQSH, Germaniya va Yaponiyada rivojlandi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng avtomobil sanoati rivojlangan mamlakatlar qatoriga qoʻshildi. Asaka shahri (Andijon viloyati)da Janubiy Koreyaning DAEWOO korporatsiyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan „OʻzDAEWOO Avto“ qoʻshma korxonasida 1996-yildan boshlab „Neksiya“, „Damas“ va „Tiko“ yengil avtomobillari ishlab chiqara boshlandi. 1999-yilda Samarqandda ishga tushgan „SamKochAvto“ oʻzbek-turk qoʻshma korxonasi M23.9, M24.9, M29 rusumli avtobuslar va 35.9, 65.9, 80.12, 85.12, 85.14 rusumli har xil yuk avtomobillari ishlab chiqaradi (qarang Avtomobil sanoati). Avtomobil turlarining transport, maxsus va poygaga muljallangan xillari bor. Transport avtomobillari yengil avtomobillar, avtobus va yuk avtomobillarga boʻlinadi. Maxsus avtomobillar maʼlum ishlar uchun moʻljallanadi va tegishli uskunalar bilan jihozlanadi. Oʻt oʻchirish, un tashish, sement tashish, sanitariya avtomobillari, axlat tashiydigan avtomobillar, avtokranlar, avtoyuklagichlar va boshqa maxsus avtomobillar shular jumlasidan. Poyga avtomobillari sportda ishla-tiladi. Yengil avtomobillar 2 dan 8 tagacha oʻrinli boʻladi. Ular berk kuzovli (sedan va limuzin), ochiq kuzovli (faeton) va ochiladigan kuzovli (kabriolet) boʻlishi mumkin. Yuk avtomobillari 0,25 tonnadan 100 tonnagacha va undan ortiq yuklarni tashiydigan kuzovli, tirkamalar, yarim tirkamalarni tortish uchun muljallangan kuzovsiz boʻladi. Oʻtuvchanligi boʻyicha tekis va qiyin yoʻllarda yuradigan, harakatlanuvchi qismning tuzilishi boʻyicha gʻildirakli, gʻildirak-gusenitsali, yarim gusenitsali, pnevmatik galtakli va boshqa xillarga boʻlinadi.

Avtomobil tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Avtomobil dvigatel, transmissiya, yurish qismi, boshqarish mexanizmi, elektr jihozlar, kuzov yoki kabinadan iborat. Dvigatelning turiga qarab, bugʻli avtomobillar (keng tarqalmagan), benzinli avtomobillar (yengil va yuk avtomobillar), dizelli avtomobillar (yuk avtomobillari, avtobuslar, yengil avtomobillar), gaz-ballonli avtomobil (yengil, yuk avtomobillari, avtobuslar), gaz generatorli avtomobil (ogʻir yuk ta-shiydigan avtomobillar), akkumulyatorlar batareyasida ishlaydigan avtomobillar (elektromobillar) turlariga boʻlinadi (yana qarang Avtomobil dvigateli). Transmissiya (kuch uzatmasi) dvigatelning aylantiruvchi momentini avtomobilning harakatlantiruvchi qismiga (gʻildiraklar, gusenitsalar va boshqalarga) uzatadi. Uning mexanik, elektrmexanik, gidromexanik xillari bor. Mexanik transmissiya turi eng keng tarqalgan. U, odatda, ishlashish muftasi, uzatmalar qutisi, kardanli uzatma, bosh uzatma, differensialdan tashkil topgan. Yurish qismi rama, osma, oʻq (koʻpriklar) va gʻildiraklardan iborat. Ramaga kuzov, kabina, dvigatel, uzatmalar qutisi va boshqa mexanizm va uzellar mahkamlanadi. Yengil avtomobillar va avtobuslarda kuzovi rama vazifasini bajaradi. Osma rama (kuzov) bilan oʻqlarni elastik boglaydi va dinamik kuchlarni yumshatadi. Gʻildiraklarning mustaqil osmasi keng tarqalgan. Boshqarish mexanizmlariga rul boshqarmasi va tormoz tizimlari kiradi. Rul boshqarmasi avtomobilning harakat yoʻnalishini haydovchining boshqarishiga mos ravishda oʻzgartirish uchun xizmat qiladi. Rul chambaragi burilganda valni, val esa oʻz navbatida rul mexanizmlarini, u esa sapfalarga oʻrnatilgan old gildiraklarni buradi. Avtomobilni boshqarishni yengillashtirish uchun rul yuritmasiga gidravlik, pnevmatik yoki gidropnevmatik kuchaytirgich oʻrnatiladi. Tormoz tizimi avtomobilning harakatini sekinlashtirish, toʻxtatish va bir joyda toʻxtatib turish (qoʻl tormoz yordamida) uchun xizmat qiladi. Ish tormozi barcha gʻildiraklarga taʼsir etadi. Har qaysi gʻildirakka gidravlik, pnevmatik yoki pnevmogidravlik yuritma bilan taʼsir etuvchi barabanli yoki diskli tormoz mexanizmi oʻrnatiladi. Tormozlash vaqtida friksion nakladkali tormoz kolodkalari gʻildiraklardagi tormoz barabanlari yoki disklarga qisiladi. Katta avtobuslar va ogir yuk avtomobillariga qoʻshimcha sekinlashtiruvchi tormoz oʻrnatiladi. Elektr jihozlar tok manbai (akkumulyatorlar batareyasi va dvigatelga oʻrnatilgan generator) va isteʼmolchilaridan iborat; dvigatelni oʻt oldirish va yurgizib yuborish tizimini ishlatish, tashqi va ichki yoritish, yorugʻlik va tovush signallari uchun zarur boʻladi. Avtomobil konstruksiyalari borgan sari takomillashtirib borilmoqda. Avtomobil konstruksiyasi koʻpgina omillar, yoʻl va iqlim sharoitlari, yoʻlovchilar soni hamda yuk hajmi va boshqalarni hisobga olib yaratiladi. Konstruktorlar avtomobillarni loyihalashda ularning sigʻimi, puxtaligi, tejamliligi, boshqarish osonligi, shinamligi, oʻtagʻonligi va boshqa xususiyatlarini hisobga oladilar[1].

Avtomobil (yunoncha αυτο – oʻzi va lotincha mobilis – harakatlanuvchi, yuruvchi) oʻz dvigateliga ega, yer sirtida harakatlanish uchun moʻljallangan, relssiz oʻziyurar transport vositasidir. Atamaning koʻpgina taʼriflari avtomobil yoʻlda yurishga moslangan, bittadan to sakkiztagacha yoʻlovchi uchun joyli, odatda toʻrt gʻildirakli va aksar holatlarda yuk enas, balki odam tashishga moʻljallanganligini taʼkidlaydi[2]. Biroq, bunday taʼrif aniq emas, zero shu ishlarni bajaradigan boshqa tur transport vositalari ham mavjud.

2002-yil maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 590 million avtomobil bor (taxminan har oʻn bir kishiga bittadan)[3].

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Avtomobil soʻzi fransuzcha automobiledan, u esa oʻz navbatida qadimgi yunon tilidagi αὐτός (autós, „oʻzi“) hamda lotincha mobilis („yuruvchi“) soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, oʻzi, yaʼni hech qanday hayvon yoki boshqa ulov yordamisiz harakatlanuvchi ulovni anglatadi.

Benz Patent Motorwagen (1885), tiklangan nusxasi.

Birinchi oʻziyurar mexanik ulov yoki avtomobil 1769-yili Nicolas-Joseph Cugnot tomonidan ixtiro qilingan, deb hisoblansada, baʼzilar Cugnotʼning uch gʻildirakli mashinasi haqiqatdan ham ishlaganiga shubha bildirishadi, boshqalar esa ilk bugʻ mashinasini Xitoyda iezuit missioneri 1672-yilda yasagan, deb taʼkidlashadi[4][5]. Nima boʻlganda ham François Isaac de Rivaz, shveysariyalik ixtirochi, birinchi ichki yonuv dvigateli muallifi hisoblanadi; u yasagan dvigatel yoqilgʻi sifatida vodorod va kislorod aralashmasini ishlatib, dunyoda shu tipdagi eng birinchi dvigatel edi. Biroq u Samuel Brown, Samuel Morey va Etienne Lenoir'lar yasagan ichki yonuv dvigatelli ulovlar kabi qoʻpol va beoʻxshov edi[6].

1881-yilning noyabrida farang ixtirochisi Gustave Trouvé uch gʻildirakli, ishlaydigan avtomobilni namoyish etdi. Bu voqea Parijdagi Xalqaro Elektr Koʻrgazmasida sodir boʻlgandi[7].

1885-yili Olmoniyaning Manheim shahrida Karl Benz toʻrt qadamli dvigatelga ega avtomobil qurib, keyingi yili, yanvar oyida oʻzining Benz & Cie. shirkati (1883-yili asos solingan) yordamida shu ixtirosi uchun patent oldi.

Shu muammo ustida boshqa olmon ixtirochilari (shu jumladan, Gottlieb Daimler, Wilhelm Maybach va Siegfried Marcus) ishlashgan boʻlishsada, zamonaviy avtomobilning rasman ixtirochisi, deb koʻriladi[6]. 1879-yili Benz oʻzining ilk dvigateli (1878-yilgi) uchun patent olgandi. Uning koʻpgina boshqa ixtirolari ulovni yurgiza oladigan dvigatel yasashda qoʻl keldi va 1896-yili Benz birinchi oppozit dvigatel patentladi.

1893-yilda Benz oʻzining toʻrt gʻildirakli avtomobilini namoyish etdi, ungacha taxminan 25 dona Benz ulovlari sotilgandi. Ular Benz'ning oʻzi loyihalagan toʻrt qadamli dvigatellar yordamida harakat qilar edi. Litsenziyalangan Benz dvigatellarini ishlab chiqarayotgan fransiyalik Emile Roger, endi uning avtomobillarini ham sota boshladi. Fransiya avtomobil bozori Olmoniyadagiga nisbatan chaqqonroq boʻlgani uchun ulovlar Roger orqali tezroq sotila boshladi.

Daimler va Maybach 1890-yili Cannstatt'da Daimler Motoren Gesellschaft (Daimler Motor Shirkati, DMG) ga asos solishib, shu savdo belgisi ostidagi ilk avtomobilni 1892-yilda sotishdi. 1895-yilga kelib 30ga yaqin DMG avtomobillari sotildi. Benz va Daimler avvalboshda bir-birlarining ishlaridan bexabar boʻlib, mustaqil ishlashgani taxmin etiladi.

Daimler 1900-yilda vafot etdi va shu yili, biroz vaqt oʻtib, Maybach Emil Jellinek buyurtmasiga binoan Daimler-Mercedes motorini yasadi. Ikki yildan soʻng DMG'da shu motorli avtomobil ishlab chiqarilib, "Mercedes" deb ataldi. Soʻngra Maybach DMG'dan ketdi va oʻz biznesini ochdi. Daimler savdo belgisi boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotildi.

Karl Benz Birinchi Jahon Urushidan soʻnggi Olmoniya iqtisodiyotining ojizlana boshlaganida DMG va Benz & Cie. orasida hamkorlik oʻrnatishni taklif etdi, biroq DMG direktorlar kengashi bu taklifni rad etdi. Ikki shirkat orasidagi muhokamalar bir necha yil oʻtib boshlandi va 1924-yilda ular 2000-yilgacha kuch saqlaydigan Oʻzaro Manfaatdorlik Shartnomasini imzoladilar. Ikkala tashkilot oʻz belgilarini saqlab qolishsada, dizayn, ishlab chiqarish, sotuv, xarid va reklama marketinglarini kelishib loyihalasha boshlashdi. Nihoyat, 1926-yilning 28-iyunida Benz & Cie. va DMG Daimler-Benz nomi ostida birlashib, avtomobillarini DMG'ning eng muhim markasi, Maybach loyihalagan 1902 Mercedes-35hp ulovi va Benz sharafiga Mercedes Benz, deb atashdi. Karl Benz vafotigacha (1929) Daimler-Benz direktorlar kengashining vakili boʻlib qoldi.

1890-yili fransuzlar Emile Levassor va Armand Peugeot Daimler motorili ulovlar chiqara boshlab, Fransiya avtomobil sanoatini yoʻlga qoʻyishdi. AQShda esa, ilk ichki yonuv dvigatelli mashina 1877-yilda George Selden (Rochester, New York) tomonidan yasalib, 1879-yili patentlandi. Birlashgan Qirollikda ham oʻziyurar ulov yaratishga harakatlar boʻldi, xususan Thomas Rickett ismli ixtirochi 1860-yili bugʻ mashinalari ishlab chiqarishni boshlamoqchi boʻldi.[8] Britaniyaning ilk ichki yonuv motorili avtomobili esa 1894[9] va 1895 (Frederick William Lanchester) yillarida yasaldi, lekin ommaviy chiqarishga oʻtmadi.[9] Bu sohada Daimler Motor Company (asoschi – Harry J. Lawson, 1896) kashshof boʻldi; ilk ommaviy avtomobillar 1897-yili sotuvga chiqa boshladi.[9]

1892-yili olmon mehandisi Rudolf Diesel "Yangi Ratsional Yonuv Motori" uchun patent oldi. 1897-yilda u ilk Diesel motorini yasadi.[6] 1895-yilda Selden ikki taktli motori uchun AQSh patenti (549160 raqamli (Wayback Machine saytida 2014-11-11 sanasida arxivlangan)) oldi. Bugʻ, elektr va benzin energiyasidan foydalanuvchi avtomobillar yillab raqobatlik qilishdi va natijada, 1910larda benzin ishlatuvchi motorlar boshqa tur motorlarni siqib chiqardi.

Turli porshensiz rotorli dvigatellar anʼanaviy porshen va tirsakli valli motorlar bilan raqobatlashishga harakat qilishgan boʻlsada, faqatgina sanoqli shunday motorlar oz-moz omadga erishishdi (masalan, Mazdaning Wankel motori).

Ishlab chiqarish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ransom E. Olds.

Ilk bor ommaviy avtomobillarni keng miqyosda ishlab chiqarish 1902-yili Ransom Olds'ning Oldsmobile zavodida yoʻlga qoʻyildi. Bu konseptni keyinchalik (1914-yildan) Henry Ford kengaytirdi.

Natijada Ford avtomobillarining har biri har oʻn besh daqiqada zavoddan chiqadigan boʻldi, avtomobilni yigʻish ancha tezlashdi (Ford’gacha bir avtomobil uchun 12,5 kishi-soat sarflanar edi, bu koʻrsatkich keyin 1,5 soatga tushdi), bunday surʼat oʻz davri uchun misli koʻrilmagan edi.[9] Avtomobil ishlab chiqarishda vaqt asosan uni boʻyashga ketadigan boʻldi. Eng tez quriydigan boʻyoq qora boʻlgani uchun, avtomobil zavodi rang-baranglikdan voz kechdi (bu 1926-yilgacha, tez quriydigan loklar ixtiro qilinguncha davom etdi).[9] 1914-yilga kelib avtomobil narxi shu qadar pasaydiki, oddiy zavod ishchisi toʻrt oylik maoshiga Model T sotib olishi mumkin edi.[9]

Henry Ford (1919)

Ford tomonidan joriy etilgan xavfsizlik choralari – ayniqsa har bir ishchiga oʻz ish joyi ajratilishi (bu ishchilarning korxona hududida sangʻib yurishining oldini oladi) – jarohatlar sonini keskin kamaytirdi. Yuqori samaradorlikka erishish uchun yuqori maoshlar tayinlash „Fordchilik“ deb atalib, boshqa katta tashkilotlar tomonidan ham qoʻllanila boshlandi. Yigʻish liniyasi – konveyerning samaralari Amerika Qoʻshma Shtatlari iqtisodiyotiga katta yordam berdi. Konveyer ishchilarni muayyan bir xil ishlarni tez-tez bajarishga koʻniktirib, yuksak samaradorlikka erishishni taʼminladi; boshqa mamlakatlarda esa nisbatan kam samarali usullardan foydalanilar edi.

Avtomobilsozlik sanoatida bunday usul tezda shuhrat topib, dunyo boʻylab tarqalib ketdi; 1911-yili Ford Fransiya va Ford Britaniya, 1923-yili Ford Daniya, 1925-yili Ford Olmoniya mahalliy shirkatlari ochildi; 1921-yildan boshlab Citroën Yevropa shirkatlari orasida birinchi boʻlib Ford konveyerlarini qoʻllay boshladi. Konveyersiz ishlaydigan avtomobilsozlik shirkatlari sinish xavfiga duch kelishdi; 1930-yilga kelib bunday shirkatlardan 250 tasi yoʻqolib ketdi.[10]

Avtomobilsozlik texnologiyasi taraqqiyoti yuzlab kichik shirkatlar raqobatlashuvi tufayli ilgʻorlab ketdi. Shu davr uchun xos muhim ixtirolar safiga oʻt oldirish va elektr starter (Charles Kettering tomonidan Cadillac Motor Company uchun, 1910–1911), amortizator toʻrt gʻildirakli tormozi kiradi.

Ford Model T, 1927, Amerikaning ilk arzon avtomobillaridan, deb hisoblanadi.
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Pocket Oxford Dictionary // Oxford University Press. — London, 1976.
  3. „WorldMapper – passenger cars“. 2017-yil 12-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 6-dekabr. (Wayback Machine saytida 2017-11-12 sanasida arxivlangan)
  4. „SA MOTORING HISTORY – TIME LINE“. Government of South Australia. 2007-yil 14-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 6-dekabr. (Wayback Machine saytida 2007-06-14 sanasida arxivlangan)
  5. Setright, L. J. K. Drive On!: A Social History of the Motor Car // Granta Books. — 2004.
  6. 6,0 6,1 6,2 Ralph Stein The Automobile Book // Paul Hamlyn Ltd. — 1967.
  7. Wakefield, Ernest H. History of the Electric Automobile // Society of Automotive Engineers, Inc.. — 1994. — B. 2-3.
  8. Veteran and Vintage Cars // Hamlyn. — London, 1970.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 9,4 9,5 Beaulieu Encyclopedia of the Automobile // HMSO. — London, 2000.
  10. Georgano, G. N.. Vintage Cars 1886 to 1930. Sweden: AB Nordbok, 2000. ISBN 1-85501-926-4.