Molguzar togʻlari
Molguzar togʻlari, Morguzar togʻlari — Turkiston tizmasining shimoliy etaklari (Jizzax viloyati)dagi togʻlar. Molguzor nomini tadqiqotchilar mor — ilon izi yoʻl yoki margʻzor — maysazor soʻzlaridan deb izohlaydilar. Togʻlar janubi-sharqdan shimoli-gʻarbga yoʻnalgan. Uzunligi 70 km. Eng baland joyi (Qizilchagat balandligi) 2620 m. Nur-ota tizmasidan Ilonoʻtti togʻ yoʻlagi orqali ajralgan. Shimoli-sharqiy yon bagʻirlaridan boshlanadigan koʻpgina soylarning (Zominsuv, Pishagʻarsoy, Ravotsoy va boshqalar) konus yoyilmalari qoʻshilishidan prolyuvial shleyf vujudga kelgan. Janubi-gʻarbiy yon bagʻri Sangzor daryosi vodiysiga tik tushgan. Gersin burmalanishida hosil boʻlgan. Molguzar togʻlari silurdevon davrlarining qumtosh, slanets, ohaktosh, porfiritlaridan tashkil topgan. Togʻlarning relyef xususiyatlari ularni tashkil qilgan jinslarning litologik tarkibiga qarab turlicha shakllarga ega. Togʻlar kuchli parchalangan. Qoyali nayzasimon choʻqqilar koʻpincha chuqur daralar, platosimon yuzalar va keng togʻ bellari bilan almashib keladi. Iqlimi kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —9°, iyulniki 15° (Koʻlsoy). Yillik yogʻin miqdori 440 mm. Quyi past togʻli qismida chala choʻl subtropik mintaqa 700–1200 m gacha ifodalangan. Tub jinslar kalin lyossimon yotqiziqiar bilan qoplangan. Toʻq boʻz tuproqlarda turli oʻtli bugʻdoyiqzorlar, 1200–1800 m, baʼzan 2000 m gacha oʻrtacha balandlikdagi togʻ yon bagʻirlarida yuvilgan jigarrang tuproqlarda butazor va siyrak archazorlar tarqalgan. Quyi yarusda bugʻdoyiklar va boshqa boshoklilar oʻsadi. 2600 m balandlikda dasht mintaqasi mavjud. Molguzar togʻlarining Turkiston tizmasi bilan tutashgan joyida Zomin xalq oʻrmon davlat qoʻriqxonasi, Zominsoyning yuqori oqimida Zomin xalq bogʻi (milliy bogʻ) joylashgan. Togʻlar boy rekreatsiya resurelariga ega.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |