Kontent qismiga oʻtish

Mombasa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mombasa —Keniyadagi shahar, Hind okeanidagi marjon orolida, materik bilan damba va koʻprik orqali bogʻlangan. Sohilboʻyi provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 450 ming kishidan ziyod (1990-yillar oʻrtalari). Sharqiy Afrika va mamlakatning yirik porti (yillik yuk ortib-tushirish 6 mln.t dan ortiq) boʻlib, chuqur suv osti prichallari bilan jihozlangan, okean kemalari ham kira oladi. Transport yoʻli orqali Uganda va Tanzaniya bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Ne-ftni qayta ishlash, kimyo, oziq-ovqat (goʻsht kombinati, un tortish, sholi oqlash), tamaki, toʻqimachilik sanoati korxonalari, kema verfi mavjud.

Shahar 12-asrdan maʼlum. Yirik savdo shahri boʻlgan. 1593-yildan Portugaliyaning Sharqiy Afrika sohillaridagi mustamlakasi markazi edi. 18-asrdan ummoniylarning Mazruiy sulolasi qoʻl ostiga oʻtdi. 1837-yildan Zanzibar sultonligi tarkibida boʻldi. Meʼmoriy yodgorliklardan Iisus forti (16-asr), soborlar, masjidlar, ibodatxonalar saqlangan. Turizm rivojlangan. Dengiz kurorti.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil