Kontent qismiga oʻtish

Monopollashgan bozor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Monopollashgan bozor - ozchilik sotuvchilar va haridorlar hukmron, raqobat cheklangan yoki mavjud boʻlmagan bozor. Uning monopol raqobatli, oligopolistik, sof monopoliya bozori turlari bor. Monopol raqobatli bozorda firmalar koʻp boʻlganidan ulardan har birining tovarlar sotishdagi hissasi kichik boʻladi, natijada ular bozorni cheklangan holda nazorat qiladilar. Ular yashirin kelishuv asosida oʻzaro til biriktira olmaydilar, bu bilan mazkur bozor oligopolistik bozor (guruh monopoliyasi)dan farqlanadi. Monopollashgan bozorda firmalar mustaqil boʻlganidan oʻz bozorida bir-biri bilan raqobatlashadi. Lekin raqobatning asosiy usuli narx bilan raqobatlashuv emas, balki sifat jihatidan bir-biridan farqlanuvchi mahsulot bilan bozorga chiqish hisoblanadi. Monopollashgan bozor yangi firmalarning kirib kelishi uchun ochiq hisoblanadi. Shu bois bu yerda raqobat cheklanmaydi, aksincha, kengayib turadi. Yangi firmalar kirib kelganda taklif koʻpayib, narxlar tushib ketadi, natijada zarar ham koʻtariladi. Zarar koʻrganlar bozordan chiqib ketishgach, narxlar oshadi, foyda maksimumlashadi. Bunday bozorda tovarlarni mukammallashtirish sotish hajmini oshirib, foyda miqdorini koʻpaytiradi. Raqobatda modernizatsiyadan tashqari, reklama ham keng qoʻllanadi. Monopollashgan bozorning monopollashuv darajasi amerikalik iqtisodchi A. P. Lerner (1903—1983) indeksi (L) bilan aniqlanadi:P-Wm bu yerda R — narx; Wm — meʼyoriy harajatlar. Indeks qiymati 0 dan 1 gacha oʻzgaradi. Uning qiymati 1 ga kanchalik yaqin boʻlsa, firma monopoliyasi shu qadar kuchli hisoblanadi.

Xidirnazar Allaqulov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil