Kontent qismiga oʻtish

Moshkichiri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Moshkichiri – mosh solib tayyorlanadigan quyuq taom[1].

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Moshkichiri

Bu ot ,,dukkakli oʻsimlikning yumaloq, toʻq yashil rangli doni" maʼnosini anglatadigan tojikcha mosh oti bilan „mosh bilan guruchdan tayyorlanadigan quyuq ovqat“ maʼnosini anglatadigan oʻzbekcha kichiri otidan tuzilgan boʻlib, shunday taomning nomi sifatida ishlatiladi. Bu birlik „oq-qora aralash“ maʼnosini ham anglatib, moshkichiri soqol birikmasi tarkibida ham ishlatiladi[2].

Qiymali moshkichiri, poʻstdumbali moshkichiri, piyozdogʻli moshkichiri, sabzavotli moshkichiri, moshkichiri-muxashshir (moshi alohida qaynatilib poʻsti ajratib olingan moshdan) va boshqa turlari bor[1].

Tayyorlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Piyozli moshkichiri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moshkichiri, aslida mosh-guruch, qadimiy taom, Oʻzbekistonning deyarli hamma joyida tayyorlanadi. Piyozli moshkichiri moshli taomlar orasida eng sodda retseptlisi boʻlib, goʻshtsiz tayyorlanadi. Yogʻni dogʻlab, halqa-halqa qilib toʻgʻralgan piyozni solib qizarguncha qovuriladi. Qovurilgan piyozning yarmi olib qoʻyiladi. Qozonda qolganiga suv qoʻshib, yuvib tayyorlab qoʻyilgan moshni solib, to ochilguncha qaynatiladi, tuzi rostlanadi. Soʻngra yuvib tayyorlab qoʻyilgan guruchni solib, to yumshaguncha kovlab-kovlab pishiriladi. Moshi ham, guruchi ham yumshaganda yogʻoch choʻmichning orqasi bilan moshkichirini qozonning devorlariga ishlab eziladi, toki moshi ham, guruchi ham ezilib atala holiga kelsin. Shundan keyin qopqogʻini yopib 10-12 minut dam yediriladi va laganga yassi qilib suziladi. Dasturxonga tortishda yuziga olib qoʻyilgan qovurilgan piyozni solib keltiriladi.

Sabzavotli moshkichiri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moshkichirining bu varianti qadimiy va unutilgan boʻlib, bunga sabzi va lavlagi solib pishirilgan. Sabzi solishdan maqsad hajmini koʻpaytirish boʻlsa, qizil lavlagi (qizilcha) qoʻshib taomning rangini chiroyli qilish koʻzda tutiladi. Mosh va guruchni yuvib, alohida ivitiladi (moshni sovuq suvga, guruchni issiq suvga ivitib qoʻyiladi. Goʻshtni loʻnda-loʻnda, piyozni halqa-halqa, sabzini guruchga monand somoncha usulda, lavlagini esa moshga monand mayda kubik qilib toʻgʻraymiz. Qozonda yogʻni dogʻlab, piyozni solib, bir-ikki aralashtirgach, goʻshtni tashlaymiz va har ikkala masalliq qizarguncha qovuramiz. Soʻngra qozonga suv quyib, moshni solib miltiratib qaynatamiz, moshning poʻsti yorilib ochilganda lavlagi bilan sabzini solamiz, yana qaynab chiqqanda guruchni solib, barcha masalliqlar oʻrtacha olovda toʻla pishgandan soʻnggina tuzini rostlaymiz. Qalampirni esa butunligicha sabzavotlar bilan birga solamiz. Tuyilgan qalampir yoki murch taom dasturxonga tortilganda keltirib qoʻyiladi. Tayyor moshkichiri olovi oʻchirilib, 15-20 minut damlanib qoʻyiladi. Dasturxonga tortishda bir aralashtirib yuborib, laganga yassi qilib solamiz. Oʻrtasiga suyakli goʻshtlarni, butun qalampirni qoʻyamiz, yuziga qirqilgan koʻk piyoz sepamiz.

Qiymali moshkichiri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moshkichirining bu turi qiyma bilan tayyorlanadi. Buning uchun kerakli yogʻning yarmini dogʻlab, piyozning ham yarmini qovuramiz va mayda (mosh kattaligida) qilib toʻgʻralgan lavlagini solib, bir-ikki kovlagach, suv quyamiz-da, hali qaynab chiqmasdan avval yuvib qoʻyilgan moshni solamiz. Past olovda to ochilguncha qaynatamiz. Mosh toʻla ochilganda guruchni solamiz, vaqt-vaqti bilan aralashtirib, har ikkala don toʻla pishguncha qaynataveramiz. Oxirida tuzini rostlaymiz. Boshqa idishda yogʻning qolgan qismini dogʻlab, piyozni jazlaymiz va qiymani solib qovurasiz. Qiymasi esa quyidagicha tayyorlanadi: yogʻliroq mol goʻshtidan olib, chopiladi yoki qiymalagichdan oʻtkaziladi, bunga picha piyoz qoʻshib ham yuboriladi. Qovurganda pomidor, chuchuk garmdori solish ham mumkin. Goʻsht va pomidorning seli chiqqach, suv quyib olovini sust qilib qoʻyamiz, suvi tomoman bugʻlanganda pishgan hisoblanadi. Taomni dasturxonga tortishda yaxshilab aralashtirib laganga yassi qilib suzamiz va ustiga qatlam qilib qiymasini solamiz, yuziga murch va qirqilgan oshkoʻklardan sepib keltiramiz. Alohida idishda uzum sirkasi qoʻyiladi.

Poʻstdumbali moshkichiri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu tansiq taom Toshkentda bahor, kuz va qishning sovuq kunlarida tayyorlanadi, sababi juda kuchli kalloriyalidir. Ushbu moshkichiri aziz mehmon dasturxoniga atalib, bir necha kun avval qoʻy poʻstdumbasi maxsus sur qilinadi. Yaʼni yogʻli tomoniga qalin tuz sepib aylantirib oʻrab, kanopda bogʻlab salqin joyda saqlanadi. Unutilgan taomlardan biri. Poʻstdumbani tuzidan yuvib yuborgach, kabobga goʻsht toʻgʻragandek, yaʼni bosh barmoqning birinchi boʻgʻini kattaligida toʻgʻraladi. Piyozni halqa-halqa, sabzini esa xuddi palovga toʻgʻragandek somoncha qilib toʻgʻraymiz. Qozonda yogʻni dogʻlab piyozni tashlaymiz, u hali rangini oʻzgartirmasdan turib poʻstdumbani solamiz. Buni bir-ikki aralashtirib, sabzini solamiz va suv quyamiz. Qaynab chiqmasdan turib yuvib tayyorlab qoʻyilgan moshni solamiz-da, olovini pastlatib, 1 soat davomida miltiratib qaynatamiz. Qancha uzoq qaynasa, shuncha lazzatli chiqadi. Oz-ozdan qaynoq suv quyib turamiz. Moshi ochilib, poʻstdumbasi pishganda yuvilgan guruchni solamiz, tuzini rostlaymiz, butun qalampir tashlab pishirishni oxiriga yetkazamiz. Dasturxonga tortishdan 15-20 minut oldin damlab qoʻyamiz. Laganga yassi qilib solib qirqilgan koʻk piyoz, qishda boʻlsa, mayin toʻgʻralgan bosh piyoz sepib keltiramiz. Sirka alohida beriladi[3][4].

Shifobaxshligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalq tabobatida mosh, noʻxat va loviyadan tayyorlangan taomlar oʻpka va nafas aʼzolari uchun foydaliligi taʼkidlanadi. Yana shuni aytib oʻtish ham zarurki, ushbu dukkakli donlarda hujayra moddasi – taom tivitlari ham moʻl boʻlib, hazmlanishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Moshning tarkibida 45-50 foizgacha kraxmal, 25 dan 30 foizgacha oqsil moddasi boʻlib, u goʻshtdan qolishmaydi. Shu sababli moshli taomlar juda lazzatli va toʻqtutar boʻladi. Moshda yana 2-4 foizgacha yogʻ moddasi, turli maʼdan tuzlar hamda baʼzi darmondorilar mavjuddir.

Moshli taomlarga, odatda, guruch ham qoʻshiladi. Guruchning kimyoviy tarkibida eng koʻp neʼmat – karxmal boʻlib, miqdori 88 foizgacha boradi, yana oqsil moddasi ham bor: 7 dan 8 foizgacha, shakar va kletchatka moddalari 0,5 foizni tashkil etadi. Guruch tarkibida 0,8 foizdan 1 foizgacha yogʻ va 0,5 foizdan koʻproq suv ham boʻladi. Guruch darmondorilar va maʼdan moddalaridan ham xoli emas. Zamonaviy dietolog vrachlarning taʼkidlashlariga koʻra guruchdan tayyorlangan taomlarning hazmlanishi 98 foizni tashkil qiladi. Guruchning bunday parhezlik hosiyati B2 darmondorisi – riboflavin bilan xolinga bogʻliq. Agar aʼzolarimizda B2 darmondorisi yetishmasa, jigarda glyukoza kamayib ketadi va oqsil aminokislotalarning hazmlanish jarayoni buziladi. Bundan tashqari, B2 darmondorisi markaziy nerv sistemasining bir maromda ishlab turishi uchun ham zaruriy neʼmatdir. Guruchdagi xolin moddasi modda almashinuvi uchun eng yaxshi vositalardan hisoblanib, ichki aʼzolar yogʻ bosishining oldini oladi[5].

  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tiliing etimologik lug‘ati. 3-jild — 142-bet. 
  3. Mahmudov K. O‘zbek tansiq taomlari, 1989 — 197-bet. 
  4. „Moshkichiri“. Qaraldi: 2023-yil 29-may.
  5. Mahmudov K. Oʻzbek tansiq taomlari, 1989 — 162-bet.