Muhammad Hishom Qabboniy
Muhammad Hishom Qabboniy (arabcha: محمّد هشام قبّاني1945-yil, Livan) islom nazariyotchisi, naqshbandiylik namoyandalaridan biri, shayx. Tibbiyot va islom huquqi fanlari doktori. Qabboniy Amerikadagi "Musulmonlar hamkorligi" harakati rahbari, "as-Sunna" jamg‘armasi hamda "Kamilat" nomli musulmon ayollari tashkilotining raisi, Amerika inson huquqlari bo‘yicha kengashining, shuningdek, AQSh Davlat departamentining diniy erkinlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi. Qabboniy "Islom arkonlari va imon" qomusi, "Naqshbandning so’fiylik tariqati" kabi asarlarida islom dinining bugungi kundagi dolzarb masalalarini taxlil qiladi. U o‘z asarlari va chiqishlarida diniy niqobdagi terrorchilik va turli buzg‘unchilik xatti-harakatlarini qoralaydi. Qabboniy 2000- yil 15-18 sentyabrda Toshkentda YUNESKO rahnamoligida o‘tgan "Jahon dinlari - tinchlik madaniyati yo‘lida" mavzuidagi xalqaro anjumanda ishtirok etdi. Qabboniy xalqlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash, mo’tadil, zamon talablariga javob beradigan islomni targ‘ib etish tarafdori.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]ISLOM ENSIKLOPEDIYASI © «O’zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2004