Kontent qismiga oʻtish

Muhammad Siddiq Buxoriy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muhammad Sidddiq Buxoriy (Hayrat)
Muhammad Siddiq
Tavalludi 1878-yil
Vafoti 1902-yil
Buxoro, Buxoro amirligi

Muhammad Siddiq Buxoriy (taxallusi Hayrat[1], 1878-yil Aruson guzari, Buxoro, Buxoro amirligi — 1902-yil, Buxoro, Buxoro amirligi) — buxorolik shoir, ziyoli oiladan. Qisqa umr kechirgan.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shoir 1878-yilda Buxoroning Aruson guzarida muazzin oilasida tugʻilgan. Ota-onasidan erta yetim qoladi; otasi sakkiz yoshida, onasi esa oʻn ikki yoshligida vafot etgan. Ukasi bilan yolgʻiz qolgan. Meros sifatida ularga bir xonali kichik uy, Soʻzangaron va Muhammadali hoji madrasalaridan bittadan hujra qolgan[2]. Madrasalardan keladigan oz miqdordagi pulga oʻzi va ukasini boqqan. Bilimi bilan tengdoshlari orasida ajralib turgan, guzardagi maktabda taʼlim olgan. Sadriddin Ayniyning va yana boshqa oʻsha paytda ijod qilganlarning yozishlaricha Muhammad Siddiq oʻtkir zehn va kuchli xotiraga ega boʻlgan. Bu haqida Sadriddin Ayniy shunday degan:

···ustoz tanlashga uncha ahamiyat bermay, birinchi uchragan mudarrisga faqat rasmiyat uchun shogird boʻlib, aksari darslarni xususiy mutolaa bilan oʻzlashtirib olar edi. Rasmiy ustozlaridan kunjak domullasi — balxlik mulla Abdukarim, darsxonadagi domullasi — Homid Arab boʻlib, ulardan hech birining ilmiy shuhrati boʻlmaganidek, adabiyotga aloqalari ham yoʻq edi. Hayrat men bilan hamdars boʻlishiga qaramay biror mudarris oldida birga oʻqigan emasmiz. Shunga qaramay, u arab sarfu nahvida va mantiqda juda baquvvat edi![3]

1893-yil ukasini hovlisida qoldirib, oʻzi oʻsha davr anʼanalariga koʻra hujraga koʻchib oʻtadi. Ukasi ham ulgʻaygach madrasada muazzin boʻlib ishlay boshlagan. Shoir hayoti yetishmovchilik va qiyinchilikda oʻtgan[4]. Oʻsha davr shoirlari va zamondoshlari koʻmagida 1898-yil dallol Ashurbekka mirzolikka tayinlanadi. Ammo shunga qaramay ahvoli oʻzgarmaydi 1901-yil sil kasalligiga chalinadi va 1901-yil iyulda vafot etadi[5]. Shoir Talipoch darvozasi tashqarisida — Chorbakr tomon boriladigan yoʻl yoqasida dafn etilgan.

Shoir 24 yil umr kechirgan va bir qator gʻazal, sheʼr va muxammaslar muallifi. Sheʼrlari amir Abdulahadxonga qadar yetib borgan, xalq orasida mashhur boʻlgan. Oʻz gʻazallarini yozib borgan daftaridan biri ukasida, bittasi Munzimda koʻchirilgan edi. Ammo Kolesov voqeasidan soʻng nusxalar yoʻqolgan. Shoirning beshta gʻazali Samandar Vohidov tomonidan tarjima qilingan.

  1. Sadriddin Ayniy & Asarlar 1965, s. 197.
  2. Охунжон Сафаров & Бухоро адабий ҳаракатчилиги тарихидан лавҳалар 2015, s. 125.
  3. Sadriddin Ayniy & Asarlar 1965, s. 204.
  4. Охунжон Сафаров & Бухоро адабий ҳаракатчилиги тарихидан лавҳалар 2015, s. 125-127.
  5. Охунжон Сафаров & Бухоро адабий ҳаракатчилиги тарихидан лавҳалар 2015, s. 130.
  • Sadriddin Ayniy „6-tom“, . Asarlar, 1965. 
  • Охунжон Сафаров. Бухоро адабий ҳаракатчилиги тарихидан лавҳалар. Durdona, 1965 — 578-bet.