Kontent qismiga oʻtish

Muhammad Solih (tarixchi)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muhammad Solih
Tavalludi 1455
Vafoti 1535
Buxoro xonligi
Ota-onasi Nursaidbek

Muhammad Solih (1455-yil, Xorazm — 1535-yil, Buxoro) — eski oʻzbek tilida ijod qilgan Shayboniylar davri shoiri va tarixchisi[1].

Asli turkiylarning bilkut qabilasidan boʻlgan, Xorazm hokimi amir Nursaidbek oilasida tugʻilgan. Bobosi Shohmalik Mirzo Shohruh va Ulugʻbek saroyida katta nufuzga ega boʻlgan. Otasi Nursaidbek esa Ulugʻbek, Abu Said saroylarida xizmat qilgan. Muhammad Solih Xorazmda savod chiqargach, Hirotga borib, Aburahmon Jomiydan ilm oʻrgangan. 1464—1467— yillarda Xorazmda hokimlik qilgan Nursaidabek 1467—yilda Abu Said amriga binoan sadoqatsizlikda ayblanib qatl ediladi. 10 yoshida otasidan ayrilgan Muhammad Solih yoshligida koʻp qiyinchiliklarga uchraydi. Hatto maʼlum muddat Husayn Boyqaro va boshqa temuriylar saroyida xizmat qilishga majbur boʻladi. Biroq otasining oʻlimiga sababchi boʻlgan temuriyzodalar bilan ishlashni xohlamagan. Keyinchalik 1494— yilda Samarqandda Darvish Muhammad tarxon va Xoja Ahrorning oʻgli xoja Muhammad Yahyo qoʻli ostida ishlagan, 1499-yil Shayboniyxon xizmatiga kirgan[2]. Uning yurishlarida ishtirok etib Buxoro va Dabusiya qal’alarini olishda yordam bergan. Qal’a himoyachilari bilan uchrashib ularni Shayboniyxon bilan ittifoq tuzishga chaqirgan.

1500—yilning yozida, uch kunlik qamaldan soʻng Buxoroni egallagan Muhammad Shayboniyxon Muhammad Solihni Buxoroga hokim etib tayinlaydi, bundan tashqari unga Xorazmdan bir qancha mulklar sovgʻa qiladi. Tarixchi, keyinchalik, Chorjoʻy, Niso viloyatlariga hokimlik qilgan. „Amir ul-ulamo“, „Malik ush-shuaro“ unvonlariga sazovor boʻlgan. 1507—10—yillarda Hirotda yashagan. Shayboniyxon vafotidan soʻng Buxoroga qaytgan. Keyinchalik umrining oxirigacha shayboniylar Mahmud Sulton va Ubaydullaxonning kotibi boʻlib xizmat qilgan. Muhammad Solih turkiy va forsiyda ijod qilgan. Sheʼrlarida ishqiy, biografik, siyosiy mavzular asosiy oʻrin egallagan. Tarixchi oʻzbek adabiyoti tarixida ilk realistik tarixiy doston — „Shayboniynoma“ni yozgan[3]. Muhammad Sulton 1535—yilda Buxoroda vafot etgan[4].

„Shayboniynoma“ kitobida berilga tarixiy maʼlumotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad Solih tomidan yozilgan tarixiy doston „Shayboniynoma“da Muhammad Shayboniyxonning hayoti va olib borgan qonli urushlari haqida sheʼriy uslubda hikoya qilinadi. Asar Shayboniyxonning tugʻilganidan boshlanib boshlab, to 1505-yilgacha roʻy bergan voqealarni qamrab oladi. Dostonda qoʻshinlarning tuzilishi, oddiy xalqning ogʻir ahvoli, Qorako'l, Qarshi va Gʻuzorda Shayboniylarga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonlar haqida ham qimmatli maʼlumotlar uchraydi. Asarda koʻplab geografik va etnografik atamalarni uchratish mumkin. Doston 8880 misra, 76 bobdan iborat boʻlib 1510—yilda tugallangan. XV asr oxiri — XVI asr boshlaridagi voqealar aks etgan bu asar tarixiy, etnografik, geografik, lingvistik jihatlardan ham, badiiyligiga koʻra ham muhim ahamiyatga ega. Dostonning asl nusxasi topilgan emas, ammo shoir hayotligida Qosim kotib tomonidan 1510-yilda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxasi Venada saqlanadi. Kitob nemis (1885), rus (1904) va boshqa tillarga tarjima qilingan. 1908—yilda P. M. Melioranskiy tomonidan Peterburgda, 1961—1989—yillarda Toshkentda nashr etilgan. Vamberi Muhammad Solihning „Laylo va Majnun“ nomli turkcha yozilgan dostoni borligini xabar bergan, lekin u topilgan emas. „Qomus ul-aʼlom“, „Noz va Niyoz“ manzumasi Muhammad Solih asarlaridan biri deb hisoblangan, biroq Nisoriy „Muzakkiri ahbob“da bu asarlarning muallifini Baqoiy deb koʻrsatadi[5][6][7][8].

  1. B. A. Ahmedov. Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari. O'qituvchi nashriyoti, 1991 — 226-bet. ISBN 5-645—00428—0. 
  2. Благова Г. Ф. Проблемы изучения средневековых тюркских текстов // Тюркологический сборник 1977. — M.: Наука, 1981.
  3. Boldirev A. N. Zayniddin Vasifi. Dushanbe, 1989, s.41
  4. Norik B. V., Biobibliograficheskiy slovar sredneaziatskiy poezii (XVI — pervaya tret XVII v.). Moskva: izdatelskiy dom Mardjani, 2011,s.41
  5. OʻzME
  6. Shayboniynoma, T., 1961; 1989.
  7. Akramov A., Muhammad Solih, T., 1966;
  8. Ibrohimov A., 16 asr oʻzbek adabiyotining asosiy xususiyatlari, T., 1976.