Kontent qismiga oʻtish

Muhandislik qoʻshinlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muhandislik qoʻshinlari -barcha qoʻshin turlarining jangovar harakatlariga yordam beradigan muhandislik inshootlari va vositalarini barpo etuvchi maxsus qoʻshinlar. Dastlab Fransiyada 17-asrda, Rossiyada 18-asr boshida paydo boʻlgan. Zamonaviy qoʻshinlarda Muhandislik qoʻshinlari muhandislik sapyorlik (sapyor), muhandislik-yoʻl, ponton-koʻprik quruvchi, muhandisquruvchilik, kechib oʻtuvchidesant va boshqa birlashma, qism va boʻlinmalardan tarkib topgan. Hozirda Muhandislik qoʻshinlari quruklikdagi qoʻshinlarning jangovar harakatlarini osonlashtiradi, mudofaa inshootlari quradi, hujum operatsiyalarini taʼminlaydi va kechuv vositalari tayyorlaydi. Dushman istehkomlarini aniqlab, ularni yakson kilishga yordam beradi. Mudofaa joylarining ihotasini, dushman aviatsi-yasi va artilleriyasi oʻtidan yashirinadigan joylarni mustahkamlash, komanda va kuzatuv punktlari uchun inshootlar qurish, armiyani suv va energiya bilan taʼminlash, minalar qoʻyish va joylarni minadan tozalash ishlarini bajaradi; harbiy aerodromlar quradi va hokazo. Muhandislik qoʻshinlari tomonidan koʻriladigan muhandislik tadbirlari qoʻshinlarning jang maydonida keng masshtab boʻylab harakat qilishini taʼminlashga va ularni ommaviy qirgʻin qurollaridan himoya kilishga qaratilgan. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida ham bor.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil