Kontent qismiga oʻtish

Muhyi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Muhyi (taxallusi; asl ism-sharifi Muhammad Rizo Oxund oʻgʻli) (1835, Qandahor, Afgʻoniston — 1911, Andijon) — shoir. Turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan. Hirot va Buxoro madrasalarida tahsil olgan. M. 19-asrning 60-yillari oʻrtalarida Andijon shahrida yashagan. Andijon hokimi — Xudoyorxonning katta oʻgʻli Nasriddinbek (1865 — 75) M.ga „Toj ush-shuaro“ („Shoirlar toji“, 1869) faxriy unvonini bergan. 1871-yil haj ziyoratidan soʻng u „Hoji Muhyi“ taxallusini olgan. 1876-yilda Qoʻqon xonligi tugatilgach, M. Qoʻqonda, Soibzoda hazrat madrasasida yashagan.

Muhyidan salmoqli ijodiy meros qolgan. Bular jumlasiga shoir devonining turli kotiblar tomonidan koʻchirilgan 6 qoʻlyozma nusxasini, M.ning oʻzi tuzgan 1 sheʼriy toʻplamni kiritish mumkin. Forsiy va turkiy devonlari 1 muqovada 1912-yilda Toshkentda, Por-sev matbaasida chop etilgan. Forsiy devonida 242 gʻazal, 6 qasida, 4 masnaviy, 91 qitʼa, 19 fard va 3 ruboiy bor (230 sahifa), turkiy devoni esa 148 gʻazal, 1 musaddas, 1 murabbaʼ, 74 qitʼa, 1 qasida va 11 mufradot (130 sahifa)dan tashkil topgan.

Muhyi, asosan, lirik sheʼrlar yozgan. Gʻazaliyotida Navoiy, Lutfiy, Soʻfi Olloyor ijodining taʼsiri seziladi. Satirik asarlarida, xususan, mashhur Viktor voqeasi haqidagi muhammasida oʻlkaga kirib kelayotgan rus sarmoyadorlarining kirdikorlari, ularga ishonib aldangan mahalliy boylar qajv ostiga olingan..[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Qayyumov P., Tazkirai Qayyumiy,3-kitob, Toshkent, 1998.