Kontent qismiga oʻtish

Munojot (kuylar turkumi)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Munojot (arab. – yalinish, yolvorish) – yirik shakldagi oʻzbek mumtoz cholgʻu kuylar turkumi. 3 asosiy qismdan tashkil topgan:

  1. „Munojot“
  2. „Savti munojot“
  3. „Ufari munojot“.

Turkumli ijroda baʼzan „Savti munojot“dan keyin „Oromijon“ nomli kuy ulanib, soʻngra „Ufari munojot“ yangraydi. Umumiy parda tuzilishi hamda bosh kuy mavzui boʻyicha ular dugoh va chorgoh maqom yoʻllariga mos keladi. Munojot turkumining tarkibiy qismlari bir-biridan asosan usul negizi bilan farqlanadi (Saraxbor, Qashqarcha, Ufar). Shu bilan birga oʻzbek musiqa merosida „Moʻgʻulchai munojot“, „Muxayyari munojot“, „Qashqarchai munojot“ nomli cholgʻu kuylar ham mavjud.

Oʻtmishda munojot Allohdan najot, madad tilab kilinadigan tungi yoki yashirin ibodat, uning ruhiy holati bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan boʻlsada, munojot kuylari keng dunyoviy mohiyatga ega, lirik kayfiyatni aks ettiradigan jozibali, maftunkor, badiiy yetuk asarlardir. Shuningdek, I. Ikromov 1940-yillarda Navoiy qalamiga mansub „Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi“ gʻazalini munojot kuyiga mohirona bogʻlab, ashula yoʻlini yaratgan[1]. Uni A. Haydarov, B. Dovidova, B. Ishoqova kabi atoqli xonandalar oʻziga xos ijro uslublari bilan keng ommaga tanitgan. Munojotning „Oromijon“ qismi esa „Qoshlari qalamlar“ xalq soʻzlari bilan aytilib kelinadi. Munojot kuylaridan oʻzbek bastakorlari va kompozitorlari tomonidan har xil shakl va janrlarda unumli foydalanilgan (mas, F. Mamadaliyev – koʻp qismli yangicha „munojot“ turkumi, D. Soatqulov – „Fargʻonacha kvarteti“, M. Tojiyev – 3, 11-simfoniyalari va boshqalar).

Munojot atamasi boshqa sharq xalqlari (masalan, uygʻur, eron, tatar va boshqalar) musiqa merosida ham turli (diniy aytim, qoʻshiq va boshqalar) maʼnolarda uchraydi[2].

  1. Ergash Ochilov. Umrboqiy qoʻshiqlar, 1-jild, Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2013-yil — 456-bet. ISBN 978-9943-00-878-6. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil