Kontent qismiga oʻtish

Muqova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muqovakitob, albom, jurnal, daftar va shu kabilarni yaxlit qilib biriktirib turuvchi ustki qism. Muqovada nashrning nomi, mualliflari yoziladi, turli bezaklar ishlanadi. Muqova kitob blokini qay darajada ushlab turishiga qarab old va orqa, tub (korishok) tomonlarga ajraladi. Muqovaning juzlangan varaklar sarbandiga biriktirilgan qismi muqova sarbandi deyiladi. Muqova tomonlari karton va boshqa xom ashyolardan tayyorlanib, sirtiga charm, qogʻoz, mato va boshqa siriladi; ichiga qogʻoz yopishtirilib kitob blokiga birlashtiriladi. Muqovalar yupqa, qattiq (qalin), yumshoq boʻlishi mumkin. Yupqa muqova qogʻozdan iborat boʻlib, uni tayyorlash nisbatan oson va arzon boʻlganligi uchun, odatda ommaviy kitoblar, risola, jurnallarda foydalaniladi. Qalin muqova mustahkam boʻlib (1—9 raqamli turlarga ega), kitob va nashrlarni yaxshi saqlanishini taʼminlaydi. Bulardan 5 va 7-raqamli muqovalar keng ishlatiladi. 5-raqamli muqovada tomonlari (karton)ga qogʻoz sirilib, muqova sarbandida alohida material (mato) bilan ulanadi; darsliklar, siyosiy, ilmiy, adabiy asarlarda koʻp qoʻllanadi. 7-raqamli muqovada tomonlariga sirilgan material (charm, liderin va boshqalar) muqov sarbandi bilan yaxlit tutashib ketadi; ensiklopediyalar, yirik ilmiy va badiiy asarlar nashrida qoʻllanadi. Yumshoq muqovada karton oʻrniga qalin bukiluvchan qogʻoz ishlatiladi. Muqova yaxshi saqlanishi uchun jild (superoblojka) kiygiziladi.

Oʻzbekiston hududida qadimdan qoʻlyozma kitoblar tayyorlash rivojlangan. Bu qoʻlyozma kitoblar muqovasi asosan charm, shuningdek, qogʻoz, matodan tayyorlangan. Muqovaga yozuvlar bitilmagan. Muqova markaziga vertikal chiziq boʻylab yirik va mayda turunj (medalon)lar joylashgan, atrofi nafis islimiy naqshlar bilan hoshiyalangan. Kitob muqovalarini shu usulda bezash XX asrgacha davom etgan (yana qarang: Muqovasozlik)[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil