Kontent qismiga oʻtish

Musallas

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Musallas — 1) yengil vinolarning umumiy nomi; 2) vinoning xonaki turi. Yangi pishgan uzumdan oq (faqat sharbatni bijgʻitish yoʻli bilan), qizil (sharbat va turpini birga bijgʻitish yoʻli bilan) Musallaslar tayyorlanadi. Tarkibida 9— 12% spirt boʻladi, sof (tarkibida qand yoʻq) va yarim shirin (2—8% qand bor) xillariga boʻlinadi. Oʻzbekiston hududida qadimdan mashhur sharob, may nomlari ham bor. Musallas tayyorlashning qadimgi usullari hozirgacha saqlanib keladi. Musallas alohida bir xil uzum navidan yoki har xil navlaridan tayyorlanadi.

Pishib yetilgan uzum yuvilmasdan shingili bilan gʻujumlari ajratib olinib, qoʻlda yoki maxsus ezgichda eziladi va xumga, yogʻoch bochkaga yoki sirli, zanglamaydigan idishga solib, issiq joyda 7—10 kun bijgʻitiladi. Bijgʻitish jarayoni tez oʻtishi uchun unga hamirturush, eski vino yoki jiyda — achitqi solinadi. Bijgʻitish davomida uzum toʻponlari (shingil bandlari, gʻujum poʻstlari) yuqoriga koʻtariladi. Bijgʻigan uzum suvi suzib olinadi, qaynatib yetilishi davom ettiriladi, ogʻzi zich yopiladigan idishga solinadi. Bu jarayonda paydo boʻladigan gazlar chiqib ketishi uchun ingichka shlangning bir uchini idish ichiga, ikkinchi uchini tashqaridagi suvli idishga solib qoʻyiladi. Qaynash tugagach, u tinik, holga kelguncha tindirib, keyin loyqalatmay kiyik oʻti qaynatmasi bilan chayilib, oltingugurt tutuni bilan sterillangan (mikroblardan tozalangan) idishga quyilib, ogʻzi havo kirmaydigan qilib, chaqichlab berkitiladi va salqin joyda saqlanadi. Shuningdek, M.ni suvda ivitib, soʻngra ezilgan mayizdan ham tayyorlash mumkin.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil