Mustaqillik va ezgulik monumenti
Mustaqillik va ezgulik monumenti — Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I.Karimov gʻoyasi bilan bunyod etilgan meʼmoriy badiiy majmua. Oʻzbekiston istiqbolining dastlabki yillari 1992-yilda maydonda oʻrnatilgan obida Mustaqillik monumenti deb atalgan. Ramziy ravishdagi Yer sharida Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi aks etgan ushbu obida jahon xaritasida mustaqil Oʻzbekiston mamlakati mustahkam oʻrin olganini ifodalaydi. 2005-yil 28 dekabrda ushbu monument oldiga farzandini bagʻriga bosib turgan munis oʻzbek ayoli siymosi — Baxtiyor ona haykali oʻrnatildi (haykaltarosh I.Jabborov). Mustaqillik monumenti va Baxtiyor ona haykali Ezgulik arkasi, oq poyondoz shaklidagi keng yoʻlak bilan birga yaxlit ansamblni tashkil qiladi. Mustaqillik va ezgulik tushunchalarini ramziy tarzda uygʻun ifodalagan.
2004—2005-yillarda Mustaqillik maydoni unga tutash hududda keng koʻlamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Vazirlar Mahkamasi binosi tubdan qayta taʼmirlandi, Senat binosi, Ezgulik arkasi, Tasviriy sanʼat gʻalereyasi kabi muhtasham meʼmoriy inshootlar, yashil maydon va xiyobonlar barpo etildi. Ayni vaqtda yangi bino, Biznes markazi qurilishi nihoyasiga yetmoqda. Bunday katta bunyodkorlik ishlari tufayli maydonning faqat qiyofasi emas, uning vazifasidagi mazmun-mohiyati ham oʻzgardi. Mustaqillik maydonining ijtimoiy-siyosiy hayotimizda tutgan muhim oʻrni va ahamiyatini inobatga olib hamda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga istiqlol gʻoyalarini, milliy gʻurur va iftixor, vatanparvarlik tuygʻularini yanada chuqurroq singdirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 3-fevralda "Mustaqillik va ezgulik monumenti toʻgʻrisida" qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi umumxalq bayramlari hamda davlat miqyosidagi boshqa tantanali maro-simlarda, shuningdek, mustaqil taraqqiyotimiz, milliy qadriyatlarimiz bilan bogliq muhim sanalar, kasb bayramlarini nishonlash, tantana va anjumanlar oʻtkazish munosabati bilan Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qoʻyish rasmiy marosimini belgilangan tartibda amalga oshirish joriy etildi va boshqa tadbirlar belgilandi.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |