Namangan viloyatidagi tarixiy qishloqlar
Bu maqolani oʻchirish taklif etiladi. Sababi va mos munozaralarni quyidagi sahifadan topishingiz mumkin: Vikipediya:Oʻchirishga/Namangan viloyatidagi tarixiy qishloqlar. Maqolani yaxshilashga urinib koʻrishingiz mumkin, ammo munozara jarayoni yakunlanmagunga qadar mazkur ogohlantirish xabarini aslo olib tashlamang. Manbalar izla: „Namangan viloyatidagi tarixiy qishloqlar“ – yangiliklar · gazeta · kitoblar · akademik · JSTOR Maqola muallifiga: Maqolangiz oʻchirilish arafasida boʻlsa, nima qilish kerak? Administratorlarga: bu yerga havolalar • tarix (oxirgi oʻzgarish) • viloyatidagi tarixiy qishloqlar qaydlar • oʻchirish |
Poromon. Poromon qishlog‘i tarixi juda qadimiy bo‘lib, tabiiy geografik jihatdan aholi yashashi uchun qulay xududlarga joylashganligi sababli Poromon qishlog‘i atrofdagi boshqa qishloqlarga nibatan avvalroq paydo bo‘lgan. Dastlab bu yerlarga ko‘chib kelgan oilalar ovchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib, asta-sekin dehqonchilik va bog‘dorchilikni o‘rgana boshlaganlar. Yuqori navli tok ekib, uzum yetishtirishni va uni quritib, mayiz tayyorlashni juda yaxshi o‘zlashtirganlar. Boshqa hududlar bilan savdo-sotiq munosabatlarini yo‘lga qo‘yganlar. Poromon qishlog‘i nomini kelib chiqishi turli rivoyatlar bilan bog‘liq. Chunonchi, Avliyo Hazratishoh buva arablar bostirib kelgan davrlarda urushdan nolib, Namangan shahridan chiqib ketadi. Tarki dunyo qilib, qalandarlik yo‘lini tutgan Hazratishoh buva Ollohdan yashash uchun osoyishta bir manzilgoh so‘raydi. Shunda Avliyoga, -“Osmondan pora non tushgan joy sening manzilgohing bo‘lsin”, -degan xabar keladi. Qishloqdagi hozirgi “tutmozor” oldiga osmondan yarimta (pora) non kelib tushadi va Hazratishoh buva shu yerga chayla qurib yashay boshlaydi. Atrofga ko‘chib kelgan oilalardan qishloq tarkib topadi. Qishloq Poromon, aholi esa poromonliklar deb atala boshlangan. .Shuningdek, qishloq toponimikasi bo‘yicha “Poranon”, “Qoranon” to‘g‘risidagi rivoyatlar ham mavjud. Aslida qishloq tog‘ yonbag‘rida joylashganligidan uni ayvondagi piramonga o‘xshatishgan va piramondagi qishloq deb atashgan. Piramon so‘zidan esa Poromon qishlog‘i nomi paydo bo‘lgan. Rovot. Rovot qishlog‘i nomi ma’nosiga ko‘ra forsiy tildagi “Roh” –yo‘l va so‘g‘d tilidagi “vot” –kesishgan so‘zlaridan yasalgan bo‘lib, yo‘llar kesishgan joy demakdir. Ravot, Rovot, Rabod, Rovut kabi toponimik atamalar mamlakatimiz xududida juda ko‘plab uchraydi. Qadimda savdo yo‘llari kesishgan joy, chorrahalar obod va gullab yashnagan joylar bo‘lgan. Bu yerlarda savdo karvonlari to‘xtab dam olganlar, savdo, sotiq qilib, mol ayriboshlaganlar. Shuningdek, Rovot chegara qo‘rg‘oni, istehkom, qo‘rg‘on ma’nolarini ham bildirgan. Rovut. Rovut qishlog‘i Yangiqo‘rg‘on Namangan yo‘lida joylashgan. Qishloq joylashgan hudud qadimda katta savdo karvonlari o‘tadigan yo‘l ustida bo‘lgan. Olabuka, Oqtom, Karvon, Safed bulon, Nanay, Mamay, Zarkent, Poromon, qishloqlaridan Namangan, Toshkent, Samarqand, Buxoroga, shuningdek, Chortoq, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Quva, Andijon, O‘sh, O‘zgan, Jalolobod orqali Qashg‘ar, Xitoy hamda Xindistonga boradigan karvon yo‘li Rovut qishlog‘idan o‘tgan. Karvonlar qishloqda to‘xtab dam olishga, ot va tuyalarni sug‘orib, yemlashga, aravalarni ta’mirlashga majbur bo‘lganlar. Sekin-asta qishloqda karvonsaroylar, mehmonxonalar, savdo do‘konlari, choyxonalar, savdogarlarning mollarini saqlash uchun omborxonalar bunyod etilgan. Aholi soni ko‘payib, qishloq kengaygan. Savdo karvonlariga xizmat qiluvchi Namangan, Qo‘qon, Andijonlik oilalar ham qishloqqa ko‘chib kela boshlaganlar. Mahalliy va karvon ahli qishloqni Rabot, Rovot bora-bora Rovut deb atay boshlaganlar. Chunki, Rovot so‘zining ma’nosi forsiy tildagi “Roh” -yo‘l va so‘g‘d tilidagi “vot” -kesishgan so‘zlaridan yasalgan bo‘lib, yo‘llar kesishgan joy demakdir. Ravot, Rovot, Rabod, Rovut kabi toponimik atamalar mamlakatimiz xududida juda ko‘plab uchraydi. Qadimda savdo yo‘llari kesishgan joy, chorrahalar obod va gullab yashnagan joylar bo‘lgan. Shuningdek, Rovot chegara qo‘rg‘oni, istehkom, qo‘rg‘on ma’nolarini ham bildirgan. Sangiston. Atrofi adirliklar bilan o‘ralgan Sangiston qishlog‘i atamasi “Sang” -tosh, “iston” –joy ya’ni, toshloq ma’nosini bildiradi. Haqiqatdan ham qishloq atrofdagi boshqa qishloqlarga nisbatan chuqurlikda va toshloq yerlardan iborat bo‘lgan. Lekin sug‘orish uchun suv muammosi bo‘lmaganligidan qishloq xududiga atrof adirliklardan tuproq yotqizilib, serunum ekin yerlariga aylantirilgan. Tillatepa. Tillatepa Navkent qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Tepalikning tabiiy yoki sun’iy tarzda barpo etilganligi xususida ilmiy tadqiqot, kuzatuv ishlari o‘tkazilmagan, uning tuzilishi va chegaralari aniqlanmagan. Tepalik tarkibi qum va tuproq aralashmasidan iborat. Ayrim yozma manbalarda tepalik qadimda kuzatuv maskani bo‘lganligi qayd etilgan. Tuman. Tuman qishlog‘i Birlashgan qishloq fuqarolar yig‘inidagi hududi va aholi soniga nisbatan eng katta qishloq hisoblanadi. Qishloqning paydo bo‘lishi o‘zbek qabilalarining tuman urug‘i bilan bog‘liq. Tuman urug‘i oilalari 17-asr oxiri 18-asr boshlarida hozirgi Tuman qishlog‘i o‘rniga kelib joylashganlar. Ko‘chib kelgan oilalar dastlab chayla, kapalar, yerto‘lalarda istiqomat qilishgan. Keyinchalik yer o‘zlashtirib, bog‘ va ekinzorlar barpo etishgan. To‘g‘on va alishlar qurishgan, ariqlar qazib, qishloqqa suv chiqarganlar. Yangi uy-joylar barpo etib, qo‘rg‘on qilganlar. Qishloq esa urug‘ nomi bilan Tuman qishlog‘i deb nomlangan. To‘raqul Hoji masjidi. To‘raqul Hoji masjidi Navkent qishlog‘ining hududida joylashgan. Masjid binosi 1774 yilda shu qishloqlik katta yer egasi, tadbirkor savdogar To‘raqul hoji boy tomonidan mahalliy me’morlarga qurdirilgan. Binoning umumiy maydoni 312 kvadrat metrdan iborat. Binoning asosi tosh poydevordan iborat. Bino o‘rtasida mustahkam tagliklarga qirrador qo‘sh qatorli ustunlar o‘rnatilgan. Ustunlar ustidagi hashamdor yog‘och yostiqchalar ustiga uzunasiga 2 qator to‘sinlar yotqizilib, ularning ustiga 3 qator ko‘ndalang to‘sinlar terilgan. To‘sinlar ustidan toqilar qo‘yilgach, qamish yopqich ustidan somonli loy bilan suvalgan. Masjid ayni vaqtda maktab vazifasini ham bajargan. To‘raqul hoji tomonidan domla va mudarrislarni yollanib, qishloq bolalari shu yerda o‘qitilgan. Mazkur maktabda mahalliy aholining 620 nafar bolalari o‘qishgan. Sho‘rolar davriga kelib masjid va maktab faoliyati to‘xtatilgan. Masjid jamoa ho‘jaligi omboriga aylantirilgan. Masjid 1994 yilda adliya boshqarmasida jome’ masjidi sifatida ro‘yhatdan o‘tkazilgan. To‘raqul Hoji masjidi me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan. To‘xtamattepa. To‘xtamattepa Nanay qishloq fuqarolar yig‘inining Mamay qishlog‘ida joylashgan. Tepalikning tabiiy yoki sun’iy tarzda barpo etilganligi xususida ilmiy tadqiqot, kuzatuv ishlari o‘tkazilmagan, uning tuzilishi aniqlanmagan. To‘xtamattepa baland tepalik bo‘lib, maydoni 0,75 gektardan iborat. Tepalik tarkibi tosh va tuproq aralashmasidan iborat. Ba’zi bir manbalarda tepalik qadimda kuzatuv maskani bo‘lganligi eslatib o‘tilgan. Uchtil tepaligi. Yangiqo‘rg‘on shaharchasi hududiga joylashgan tepalik. Uchtil tepaligi sun’iy tepalik bo‘lib, hozir tepalikda ichki kasalliklar shifoxonasi joylashgan. Qadimda tepalikning uch tomonida Quyi, O‘rta va Tepa guzar nomlari bilan qishloq markazlari hamda O‘rda, Tarafi O‘rda mahallalari vujudga kelgan. O‘tgan asrning 20 yillarida tepalikda arab, o‘zbek, rus tillarida o‘qitiladigan maktab tashkil etilganligi uchun tepalik “Uch til” tepaligi deb ataladigan bo‘lgan. O‘zak. O‘zak qishlog‘ining ming yillik tarixi mavjud. Qishloq tuman markazidan 22 kilometr olislikda joylashgan. O‘zak qishlog‘i Zarkent qishloq fuqarolar yig‘inining Shilvi hamda qo‘shni Qirg‘iziston davlatining yerlari bilan chegaradosh, tog‘ oldi qishlog‘i hisoblanadi. Qishloq yerlari asosan Podshootasoy va hududdagi yerosti buloq suvlari yordamida sug‘orilgan. O‘zak so‘zi Amudaryo va Sirdaryo atrofidagi hududlarda “daryo irmog‘i, tarmog‘i” degan ma’nolarni anglatadi. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” (Turkiy devon lug‘ati) asarida O‘zak so‘zi –Uzuk shaklida qayd etilgan va ma’nosi quyidagicha izohlangan. “Uzuk yerdan suv sirqib chiqib. hovuzga aylangan suv, shuningdek, vodiylardan ajralib chiqqan ariq suvini, uzuk suvi deyiladi”. Demak, sug‘orish tizimi buloq suvlariga bog‘liq bo‘lgan qishloq tabiiy ravishda, Uzuk-O‘zak qishlog‘i deb nomlangan. O‘rda. Yangiqo‘rg‘on shaharchasida, Namangansoyning o‘ng sohilida joylashgan qarorgoh. 1709-1710 yillarda Qo‘qon xonligi tashkil topadi va Farg‘ona vodiysi xonlik tarkibiga kiritiladi, Yangiqo‘rg‘on xonlik hududidagi beklik deb yuritila boshlaydi. Xonlik tomonidan Yangiqo‘rg‘on bekligini boshqarish uchun o‘rdugoh barpo etiladi. O‘rdugohda beklik boshqaruvi, qozixona, munshiyxona bo‘lgan, sarbozlar, soliq va moliya amaldorlari shu yerga joylashtirilgan. O‘rta Osiyoni Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilinishi va Turkiston general gubernatorligini tashkil qilinishi munosabati bilan general gubernatorlik tarkibida Farg‘ona viloyati tuziladi. Hozirgi Namangan viloyati uning tarkibiga uyezd, Yangiqo‘rg‘on volost maqomida kiritiladi. Beklik O‘rdasi gubernatorlikning harbiy garnizoniga aylantiriladi va 1917 yilgacha general gubernatorlik ixtiyorida bo‘ladi. Sho‘rolar davrida O‘rda binolaridan turli maqsadlarda foydalanib kelinadi va keyinchalik o‘rdugoh butunlay buzilib, hozirda uning o‘rnida 1-sonli maktab, fuqarolik sudi”, “Bandlikka ko‘maklashish markazi”ning binolari va aholi turar joylari qurilgan. O‘rda tepa. Hozirda Yangiqo‘rg‘on tumanining Navkent qishlog‘i hududidagi Sangiston, Ravot, Navkent qishloqlarining yo‘llari kesishgan joyda, Qorasuv soyining o‘ng sohilidagi “O‘rda tepa” deb nomlangan tepalikda qadim zamonlarda podsholikning, keyinchalik esa Qo‘qon xonligining o‘rdasi, qal’a-qo‘rg‘oni bo‘lgan. Bugungi kunlarda esa “O‘rda tepa” yodgorligi qo‘riqlanmasligi oqibatida yo‘qolish havfi ostida turibdi. Qandiyon. Qandiyon qishlog‘i Iskovot qishlog‘ining sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, o‘tmishda asosan adirliklardan iborat bo‘lgan. Iskovot qishlog‘i bilan oraliq masofasi 3 kilometr. Qandiyonga odamlar 19-asr o‘rtalaridan ko‘chib kela boshlaganlar. Manzilgoh asosan adirliklardan iborat bo‘lganligi uchun ko‘chib kelgan aholi dastlab chorvachilik bilan shug‘ullangan. Shu yerdagi buloq suvidan ichishgan. Dehqonlar adir yerlariga alohida navli qayroqi bug‘doy ekishgan. Adirda yetishtirilgan bug‘doy unidan tayyorlangan non nihoyatda shirin bo‘lganligi uchun qishloq shirin nonga nisbat berib, “Qandinon”, keyinchalik esa Qandiyon deb atala boshlaydi. Qizilyozi. Qizilyozi qishlog‘i Podshootasoyining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, qishloqqa 15-asrda asos solingan. Qishloqni nomlanishiga bog‘liq bir necha rivoyat va afsonalar mavjud. Chunonchi, ayrim manbalarda o‘zbek xalq dostoni “Yozi bilan Zebo”dagi qahramonlarning qishloq hududini makon tutganliklari uchun dostondagi Yozi bilan Zebo nomidan qishloqni Qizilyozi deb atalgani ta’kidlanadi. Yoki, talonchilar ta’qibidan qochib kelgan qizning qishloqdagi muqaddas daraxt ostida ko‘zdan g‘oyib bo‘lganligi uchun qishloq shunday nomlangan degan rivoyat ham bor. Shuningdek boshqa bir manbada xon xaramidagi kanizaklar yoz oylarida qishloqdagi daraxtzor, salqin, so‘lim oromgohlarda dam olib, tiniq soy suvida cho‘milib, yoz jaziramasidan saqlanishgan. Shundan bu maskan “qiz yozi”, keyinchalik esa Qizilyoziga aylangan. Shuningdek, rivoyatlarga ko‘ra qishloqda kelib chiqishiga ko‘ra arab bo‘lgan Hizryozi nomli avliyo yashaganligi qayd etilgan. Qishloq nomi esa avval avliyo nomi bilan bog‘lab Hizryozi keyinchalik Qizilyozi deb nomlangan. “...Mamlakatimizda qadimiy turkiy va eski o‘zbek tilarida faol qo‘llanilgan, hozir esa iste’moldan chiqib ketgan joy relefini bildiruvchi yozi, yor so‘zlari bilan bog‘langan joy nomlari ko‘plab uchraydi. (Oqyozi, Ko‘kyozi, Sariyozi va hakazo.) Yozi so‘zi qadimiy geografik atamalardan bo‘lib turkiy va eski o‘zbek tilidagi ma’nosiga ko‘ra -cho‘l, dasht, tekislik demakdir. Shunga ko‘ra Qizilyozi –“Qizil dasht, qizil cho‘l yoki tekislik ma’nosini bildiradi...”. (Yu.Qirg‘izov, T.Akramov. “Bir o‘lkaki”. 1996 yil.“Namangan” nashriyoti). Qadimda Qizilyozi qishlog‘ida yashagan aholi daryo sohili, tog‘ etaklarida yashaganliklari uchun bu yerdagi qalin to‘qayzor va tog‘larda yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda ularning savdosi bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Aholi soni ko‘paya boshlagach yangi yerlarni o‘zlashtirib dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ulana boshlaganlar. Hunarmandchilik rivojlanib, kulolchilik, temirchilik, to‘quvchilik rivojlangan. Qamishoq. Qamishoq qishlog‘i joylashgan hudud soyga yaqin, yer osti sizot suvlari yuqori, botqoqlik, to‘qay va qamishzorlardan iborat bo‘lgan. Ayniqsa, qamishlarni ko‘pligi uchun bu joy Qamishli, Qamishzor, Qamishloq, Qamishoq deb atalgan. Bu yerga ko‘chib kelgan aholi yerlarni o‘zlashtirish uchun qamishlarni yo‘qotib, botqoqliklarni quritishga ko‘p kuch va mehnat sarflagan. Yer osti suvlari sathini pasaytirish uchun ariq va zovurlar qazilgan. Qamishlarni o‘rib undan qurilish materiali o‘rnida foydalanilgan. Tozalangan qamishzor va to‘qaylar o‘rni yondirilib, kundakov qilingan. Natijada, yangi yerlar ochilgan va ular o‘zlashtirilib, serhosil ekinzor, dalalar paydo bo‘lgan. Mevazor bog‘lar barpo etilgan. Qishloq kengayib, obodlashgan bo‘lsada qishloq tarixida Qamishoq nomi o‘tmishdagi ota-bobolar mehnatidan yodgorlik sifatida saqlab qolingan. Qizilqiyoq. Qizilqiyoq qishlog‘i eng qadimiy tarixga ega bo‘lgan qishloqlardan biri sanaladi. O‘tmishda qishloqqa qiyot urug‘ining janubiy guruxlari kelib o‘rnashganlar. Qadimiy turkiy tilda Qizil so‘zi –Janub ma’nosini bildirgan. Shu sababdan qishloqqa ko‘chib kelgan aholini urug‘ nomi bilan qizilqiyotliklar, qishloqni esa Qizilqiyot sekin-asta Qizilqiyoq deb nomlangan. Qizilqiyotliklar qishloq o‘rni soy va ko‘l sohillaridagi to‘qay va botqoqliklardan iborat bo‘lganligi sabab, dastlab ovchilik, chorvachilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Bora-bora aholi to‘qayzor va qamishzorlarni yo‘qotib, yerlarni o‘zlashtirganlar. Ekinzor dalalar, bog‘ va uzumzorlar paydo bo‘lgan, qishloq kengayib, aholi soni ko‘paygan. Shuningdek, ba’zi manbalarda qishloqni nomlanishi hududdagi botqoqliklar, ko‘l va soy qirg‘oqlarida o‘sgan past bo‘yli, tanasi qizil o‘simliklar, qizilqiyoqlar nomi bilan ham bog‘lanadi. Qorayontoq. Qorayontoq qishlog‘i tumandagi eng ko‘hna va qadimiy aholi yashash manzilgohlaridan biri hisoblanadi. Tabiiy geografik jihatdan hozirgi Qorayontoq qishlog‘ida o‘troq dehqonchilikninig paydo bo‘lishi va rivojlanishi uchun yetarli sharoit va imkoniyat bo‘lgan. Xududda soy va buloqlarning ayniqsa, unumdor yerlarning ko‘pligi, bu yerlarda yashagan dastlabki odamlarga ovchilik, chorvachilikdan tashqari ziroatchilik bilan ham shug‘ullanish imkonini bergan. Ovchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib, tog‘ va cho‘l hududlarida yashagan ko‘chmanchi qipchoq qabilalari soy va buloqlar atrofiga kelib o‘troqlashadilar. Mazkur xududda yashagan eng dastlabki odamlar to‘qay va qamishzorlarni yo‘qotib, dehqonchilik uchun yangi yerlarni o‘zlashtira boshlaganlar. Yerlarni sug‘orish uchun ariqlar ochib, suv inshootlarini barpo etganlar. Xududga dehqon ho‘jaliklari uchun zarur bo‘lgan ish va maishiy qurollarni yasovchi hunarmandlar, savdogarlar ham ko‘chib kela boshlaydilar. O‘troqlashgan aholi tomonidan qurilgan uy-joylarni yovvoyi hayvonlar va tashqi dushman hujumidan himoyalash uchun aholi manzilgohi qo‘rg‘on bilan o‘rab olingan. Shu tariqa yangi qishloq vujudga kelgan. 12-13 asrlarga kelib qishloq iqtisodiy jihatdan ancha taraqqiy etgan. Qishloq boshqaruvi vujudga kelib, ma’muriy, iqtisodiy, diniy, siyosiy masalalarni hal etish, aholi tinchligi va osoyishtaligini saqlash nazoratga olinadi. Qishloqda masjid barpo etiladi. Hozirgi Qorayontoq xududidan uy-joy qurilishi uchun yer ishlarini bajarish jarayonida qadimiy zindon qoldiqlarini topilganligi esa qishloq boshqaruvining anchagina rivojlanganligidan darak beradi. Qishloqni nomlanishi xususida esa hozirgacha bir necha xil qarashlar mavjud. Jumladan, qishloqqa bahodir qipchoq sarkardasi Qorajon tomonidan asos solingan. Sarkarda Qorajon qishloq qurib bitkazilgach qishloqning eng baland joyiga xon tomonidan o‘ziga berilgan tug‘ (bayroq) ni o‘rnattiradi. Shundan so‘ng mahalliy aholi va atrofdagilar qishloqni Qorajon-tug‘ (Qorajon-tuq, Qorajon-toq, Qorayontoq) qishlog‘i deb atay boshlaganlar. Shuningdek, qishloqni barpo etilishida qipchoq urug‘idan bo‘lgan Qorajon biyning xizmatlari katta bo‘lgan. Qishloq juda yiriklashib, harbiy va iqtisodiy jihatdan qudrati ortgach, xonlik ham Qorjonbiy bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi. Xonlik tomonidan qishloqqa o‘z qo‘shinlariga ega bo‘lish vakolati beriladi. O‘zining harbiy qo‘shinlarini saqlash huquqiga ega bo‘lgan qishloqni Qorajontaxt biyligi deb atala boshlagan. Vaqtlar o‘tishi bilan Qorajontaxt atamasi Qorajontoqqa so‘ngra Qorayontoqqa aylanadi. Qorapolvon biy qabri. Mazkur qabr Qorapolvon qishlog‘ida joylashgan. Hozirgi qishloq o‘rniga atrof hududlardan odamlar ko‘chib kelib, qamishzorlar, to‘qayzorlar yo‘qotilib yerlar o‘zlashtirilgan. Ko‘chib kelgan aholi yashash uchun yerto‘la va pahsa uylarni ko‘ra boshlaganlar. Qishloqka asos solinib, uning atrofi pahsa devor bilan o‘rab olingan. Bu hududga dastlab ko‘chib kelgan o‘qimishli, hunarmand, polvon ustani mahalliy aholi o‘ziga biy etib saylagan va shu tariqa qishloq boshqaruvi vujudga kelgan. Qishloq tobora kengayib kattalasha borgan. Qishloq o‘z biyini ulug‘, katta, bahodir -Qorapolvon deb atay boshlagan. Asta-sekin qishloq ham shu nom bilan ataladigan bo‘lgan. («qora» - so‘zi qadimgi turk tilida «ulug‘», «buyuk» ma’nolarini anglatgan). Qorapolvon jome’ masjidi. Mazkur masjid Qorapolvon qishlog‘ida joylashgan. Jome’ masjidi 1916 yilda maxalliy me’mor usta G‘oyib tomonidan xashar yo‘li bilan mahalliy aholi yordamida qurilgan. Sho‘rolar davriga kelib masjid faoliyati to‘xtatilgan. Masjid avval maktabga so‘ngra jamoa ho‘jaligi omboriga, paxta quritish joyiga, romsozlik ustaxonasiga aylantirilgan. Masjid 1992-1994 yillarda ta’mirlanib, adliya boshqarmasida jome’ masjidi sifatida ro‘yhatdan o‘tkazilgan. Qurama. Mahalliy va ko‘chmanchi aholining aralash oilalari hozirgi Qurama qishlog‘i o‘rnida yangi manzilgoh barpo etganlar hamda qishloqni Qurama qishlog‘i deb nomlaganlar. Yalong‘och va Qurama qishloqlarining aholisi mohir chorvador va chorvachilik mahsulotlaridan kigiz, gilam, arqon, qayish, charm, qo‘y-echki terisidan po‘stin, telpak, etik, kovush, qora uy-o‘tovlar tayyorlaydigan usta hunarmand bo‘lganlar. Ular mahalliy aholi bilan aralashib ketgach dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullana boshlaganlar. Ekin yerlarini sug‘orish uchun ariqlar chiqarib, sug‘orish inshootlarini qurganlar. Qishloq qo‘rg‘oni kengayib, yangi uylar, ko‘chalar, guzarlar, savdo do‘konlari, karvonsaroylar paydo bo‘lgan. Qishloq oqsoqoli va qozisidan iborat qishloq boshqaruvi vujudga kelgan. Qishloqni tashqi dushmanlardan himoyalash va jamoat tartibini saqlash uchun mahalliy yigitlardan iborat tarkibda sarbozlar guruhi tuzilgan, istehkomlar va baland tepaliklarda kuzatuv nuqtalari barpo etilgan. Qo‘rg‘onariq. Qo‘rg‘onariq Poromon qishlog‘ida joylashgan. Ariq Podshootasoydan suv olib, Poromon qishlog‘ining shimolidan, tog‘ yonbag‘ri bo‘ylab oqib o‘tadi. Qo‘rg‘onarig‘i tabiiy suv o‘tkazish inshooti bo‘lib, uzunligi 5 kilometrdan ziyod. Ariq qishloqning shimoliy qismini qo‘rg‘on kabi o‘rab olganligi uchun shunday nomlangan.. Qo‘rg‘onariq suvi Zarkent suv omboriga quyiladi. Qo‘shtepa. Qo‘shtepa Nanay qishlog‘ining hududida joylashgan. Tepalikning tabiiy yoki sun’iy tarzda barpo etilganligi xususida ilmiy tadqiqot, kuzatuv ishlari o‘tkazilmagan, uning tuzilishi va chegaralari aniqlanmagan. Balandligi 10 metr, maydoni 0,60 gektar. Tepalik tarkibi tosh va tuproq aralashmasidan iborat. Ayrim yozma manbalarda tepalik qadimda kuzatuv maskani bo‘lganligi qayd etilgan. G‘ayborol. G‘ayborol Bekobod qishlog‘idagi yonma-yon joylashgan ikki qabristondan iborat. Birinchi qabristonning umumiy maydoni 10,4 gektardan, ikkinchi qabristonning yer maydoni 20,8 gektardan iborat. Qabriston juda qadim zamonlarda paydo bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra, avliyolardan biri dushmanlardan qochib, shu yerda g‘oyib bo‘lgan. “G‘oyiborol” yoki “G‘ayborol” nomi shundan qolgan. G‘ovazon. G‘ovazon qishlog‘ining nomi mazkur xudud aholisining suv toshqinlariga qarshi kurashi jarayonida kelib chiqqan. Chotqol tog‘lari tizmasidagi muzliklarning keskin erishi natijasida 18-asr oxiri 19-asr boshlarida Podshootasoyning suvi nihoyatda ko‘payib, soy o‘z o‘zanini o‘zgartiradi. Natijada ko‘plab aholi yashash manzilgohlari bog‘-tokzor, ekinzorlar jiddiy zarar ko‘radi. Aholi sel yo‘liga g‘ov-to‘siq qurishga otlangan. G‘ov solish ishlari tuni bilan davom etib, azon paytida yakunlangan. Xalq mazkur inshootni “g‘ovi azon” ya’ni “azondagi g‘ov” deb atay boshlagan. Keyinchalik “g‘ovi azon” so‘zlaridan G‘ovazon qishlog‘i nomi kelib chiqqan. Choshtepa. Choshtepa qishlog‘i nomi mahalliy aholining mashg‘ulot turi bilan bog‘liq. Dastlab qishloq hududida yashagan aholi asosan g‘alla, bug‘doy yetishtirish bilan shug‘ullangan. Hosil pishib yetilgach, uni yanchib, qishloqdagi baland tepalikka olib chiqilgan. Adir shamolida bug‘doyni sovurib, somonidan batamom ajratib olingach bir yerga uyub, to‘plab qo‘yilgan. Somondan tozalab bir yerga to‘plab qo‘yilgan don uyumi esa chosh deb atalgan. Dehqonlar tomonidan yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirish marosimi chosh bog‘lash deb atalgan. Bu marosimda dehqon choshdagi dondan etagini to‘ldirib, bir qismini choshga yaqin yerda to‘kkan, qolgan qismini chosh atrofidan aylantirib to‘kib chiqqan. Bu bilan dehqon choshning “belidan bog‘lagan” hisoblangan. Chosh bog‘lash Bobodehqon nazar qilib, choshga baraka bersin degan maqsadda o‘tkazilgan. Mazkur marosim tufayli qishloqqa Choshtepa nomi berilgan. Cho‘mbag‘ish. Cho‘mbag‘ish (Cho‘ng bag‘ish) 18-asr oxiri 19-asr boshlarida Xo‘jasho‘rkent qishlog‘ining janubiy tomonidagi to‘qayzor va qo‘riq yerlarga qirg‘izlarning Bag‘ish urug‘i vakillari kelib o‘rnashganlar. Dastlab ular chorvachilik bilan shug‘ullanadilar. Aholi soni ko‘paya borgach to‘qay va qamishzorlarni, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadilar. Qishloq xududi kengayib, hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchilar soni ortadi. Qishloq esa urug‘ nomi bilan Cho‘mbag‘ish deb ataladi. Shahid mozor. Shahid mozor Bekobod qishlog‘ida joylashgan qabriston. Umumiy maydoni 3 gektardan iborat. Qabriston bundan bir yarim asr avval paydo bo‘lgan. Qishloqdagi turli urug‘larga mansub bo‘lgan aholi o‘rtasida milliy nizolar kelib chiqadi. Nizolar esa qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ladi. Ana shunday to‘qnashuvlarning birida qishloqda “qipchoq so‘ydi” nomi bilan qatliom bo‘lib, bir kechada qirqdan ortiq odam so‘yib tashlangan va qurbonlar xotirasiga qabriston shunday nomlangan. Shilvi. Shilvi qishlog‘ining vujudga kelishi qishloq o‘rnining geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Qishloq hududiga dastlab ko‘chib kelgan aholi tevarak atrofning dasht va tekislikdan iborat bo‘lganligi uchun ekinzor va bog‘larni tog‘ tomondan keluvchi shamol, qum va qor bo‘ronlaridan asray olmaganlar. Tabiiy ofatlar natijasida har yili ekinzorlarni tozalash va sovuq shamollar, qor bo‘ronlari ta’sirida nobud bo‘lgan nihollarni qaytadan ekishga majbur bo‘lganlar. Aholi qishloq va ekinzorlarni himoya qilish uchun shilvi butalarini ekib, ihotazorlar barpo etganlar. Natijada, qishloqni shilvizor, keyinchalik Shilvi degan nom bilan atay boshlaganlar. (Shilvi, uchqat –Lonicera, deb nomlanib, shilvidoshlar oilasiga mansub butalar turkumiga kiradi. Sharqiy Osiyoda 200 ga yaqin turi tarqalgan. Shundan O‘zbekistonda 20 dan ortiq turi o‘sadi. Shilvi cho‘l hududlarida ihota daraxtzorlari qilish maqsadida ko‘plab ekiladi. Undan yashil devor sifatida ham foydalaniladi.) Sho‘rkent. Birlashgan qishlog‘ining ma’muriy markazi hisoblangan Sho‘rkent qishlog‘ining o‘rni dastlab qamishzor, to‘qay va botqoqliklardan iborat bo‘lib, bu yerlar faqat ov qilish, chorva hayvonlarini boqish uchungina qulay bo‘lgan. Arab halifaligi sarkardalari bu yerlarga kelib o‘rnashganlaridan keyin dastlab ular chorvachilik bilan shug‘ullana boshlaganlar. Bora-bora chorva mollari va maxsulotlari nihoyatda ko‘payib, ular atrofdagi qishloq va bozorlarga chorvachilik, ayniqsa sut va sut mahsulotlarini ko‘plab chiqara boshlaganlar. Shundan qishloq nomi “Shirkent” sut-qatiqqa boy qishloq nomini olgan. Asta-sekin qishloq kengayib, aholi soni ko‘paygan. Qishloqda karvonsaroylar, bozor, savdo do‘konlari, hunarmandchilik ustaxonalari barpo etilgan. Yangi ekin yerlari o‘zlashtirilib, dehqonchilik taraqqiy etgan. Hosildor bog‘ va uzumzorlar paydo bo‘lgan. Arab ishboshilari xalq tomonidan “ho‘jayinlar ya’ni xo‘jalar”, ularning xizmakorlarini esa “qarollar, qoralar, qorachalar” deb atala boshlagan. Ayni paytda, ular yashaydigan xududlar ham Qorachasho‘rkent, Xo‘jasho‘rkent qishloqlari deb yuritila boshlagan. Elatan, Tatar, Meshon, Suttibuloq qishloqlari ham turkiy qabilalar nomlari bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur qishloqlar asosan qipchoq urg‘lari aholisidan iborat bo‘lgan. Qipchoqlar o‘zbek millatini tashkil etgan 96 urug‘ning eng nufuzlilaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Ularning kelib chiqishi Oltoy o‘lkasi bilan bog‘liq. Abulg‘ozi Bahodirxonning (17-asr) ma’lumotiga ko‘ra miloddan avvalgi ikkinchi asrda O‘g‘izxon Markaziy Osiyoda buyuk turklar davlatini tuzadi. O‘g‘izxonning harbiy yurishlaridan birida, xalok bo‘lgan xon sarkardasining xotini askarlar qurshovida yog‘och orasida o‘g‘il farzand ko‘radi. Xon bu bolaga qipchoq (yog‘och orasi) nomini beradi. Boshqa bir manbada esa qipchoq nomi urug‘ yoki qabilaning nishoni, tamg‘asi bilan bog‘lanadi. Qipchoq urug‘ining qadimiy nishoni bir-biriga ko‘ndalang qilib qo‘yilgan ikki pichoqdan iborat deyiladi. Ikki pichoq iborasi esa bora-bora qipchoqqa aylangan. Eskiyer suv ombori. Eskiyer suv ombori Yangiqo‘rg‘on shaharchasi va Qorapolvon qishloqlari oralig‘ida, 1975 yilda qurilgan. Suv omborining umumiy maydoni 315 gektar, suv sathi 15 gektar. O‘rtacha chuqurligi 25 metr. Suv ombori yiliga 16 million kubometr suv to‘plash quvvatiga ega. Asosiy suv manbasi qor, yomg‘ir, sel, jala hamda Podshoota soyi va buloq suvlari. 1990 yildan boshlab suv omboriga Shimoliy Farg‘ona kanalidan Yangiqo‘rg‘on nasos stansiyasi orqali sekundiga 0,5 kubometr suv quyila boshladi. Eski yer suv ombori suvlari bilan Sharq Yulduzi, Qorapolvon, Istiqlol, Navkent, Zarbdor qishloqlari va Yangiqo‘rg‘on shaharchasi hududlaridagi ekinzor, bog‘lar sug‘oriladi. Eshon ariq. Eshon arig‘i Poromon qishlog‘i hududida joylashgan tabiiy suv o‘tkazish inshooti. Umumiy uzunligi 6 kilometrdan iborat. Eshon ariqdan qadimdan Poromon qishlog‘ining Nov aholi manzilgoxid istiqomat qiluvchi aholisi ekinzor, bog‘lari hamda hovlilarini sug‘orishda foydalanib kelishgan. Qishloqliklar Eshonariq suvini yog‘och tarnovlar orqali o‘z dalalariga olib o‘tganlar. Shundan qishloqqa Nov nomi berilgan. Yumaloq tepa. Istiqlol qishlog‘i xududidagi tepalik. Namangansoyning o‘ng sohilida joylashgan Yumaloq tepa nomi bilan ataluvchi tepaliklar aslida yettita bo‘lib, hozirda ulardan ikkitasigina saqlanib qolgan. beshta tepalik esa paxta maydonlarini, aholi uy-joylarini kengaytirish bahonasida yo‘qotib yuborilgan. Yumaloq tepaning hozirgi butun qolgan qismi doira shaklida bo‘lib aylanasi bir ming besh yuz o‘ttiz qadam. Yer sathidan balandligi 58 metr. Tepalik hozirda Shimol, G‘arb, Sharq, Janub tomondan aholi uylari bilan to‘liq o‘rab olingan. Tepalikning G‘arbiy, Janubiy va Sharqiy qismlaridagi tuproq qatlamlari xonadonlarning qurilish extiyojlari uchun ayovsiz ishlatib yuborilgan. Tepalikning G‘arb tomonidagi qatlamlarining tik kesimida arxeologik ashyolar ochiq holda ko‘rinib turibdi. Ayniqsa, yer sathidan ikki yarim uch metr balandlikdagi qadimiy o‘choq, undagi kul qoldiqlari, don saqlash uchun o‘rnatilgan tandirsimon sopol xum, xom g‘ishtdan ko‘tarilgan devor qoldiqlari yaxshi saqlangan holda ochilib qolgan. Tepalikdan qurilish extiyojlari uchun tuproq olish natijasida uning atroflarida uch yuzdan ortiq sopol parcha (fragment)lari ochiq yer yuzasiga chiqib qolgan. Kulolchilik buyumlari orasida guldor sopol qozon, tovoqlar, gardishi bukilgan turli shakllardagi sopol buyumlar, piyolalar, xum va ko‘zalarning parchalari ko‘p uchraydi. Bu sopol idishlarga qizil buyoqlar berilgan va sayqallangan, turli geometrik shakllar tushirilgan. Ba’zi idishlarning ichi och qizil, sirti esa jigarrang va qora ranglar bilan bo‘yalgan. Yalong‘och. Yalong‘och qishlog‘i 15-asrlarda vujudga kelgan. U Yuqori, O‘rta va Quyi Yalong‘och qishloqlaridan iborat bo‘lgan. Qishloq o‘rni chorvachilik uchun qulayligi tufayli bu yerlarga qozoq ovullaridan ko‘plab chorvador oilalar ko‘chib kelgan. Ular asosan qipchoqlarning yalong‘och urug‘iga mansub aholi bo‘lganligidan, qishloq ularning nomi bilan Yalong‘och qishlog‘i deb atalgan. Ko‘chib kelgan aholi bilan mahalliy xalq vakillari asta-sekin yaqinlashib, qarindoshlik munosabatlari paydo bo‘lgan. Yangiqo‘rg‘on. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i tarixining ayrim lavhalarini arxiv hujjatlariga, hududda saqlanib qolgan tabiiy, tarixiy, madaniy yodgorliklarga, arxeologik ashyolarga murojaat etib, nuroniylar, urush va mehnat faxriylari hamda ziyolilarimizning shaxsiy arxiv hujjatlaridan, esdaliklaridan imkon qadar foydalanib, qayta tiklashga harakat qildik. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i ikki soy: Namangan soy va Buloqboshi soylari oralig‘ida barpo etilgan. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i tarixining antik davrini uning uzoq o‘tmishi tashkil etadi. Uni tasavvur qilish va tarixini yozish uchun yozma manbalar yo‘qligidan faqat arxeologik ashyo va ma’lumotlarga suyanamiz. Qishloqda yashagan antik davrning odamlari yer yuzasidan yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsalarda, qishloq yerlarining yuqori madaniy qatlamlarida, tuproq ostida Nog‘oraxona, Uchtil, Uchyog‘och, Yumaloq tepa, Sadamozor, To‘ng‘iz tepa, Qora tepa, Kattayor, Qo‘tonyor (yor-jar ma’nosida) kabi tepaliklarda qadimgi odamlar yashagan manzilgohlarning moddiy qoldiqlari, ish qurollari, g‘or, chayla va loy paxsa uylari, jihozlari, odam va xayvonlarning suyaklari saqlanib qolgan. Bu esa, ayni zamonda qadimiy zaminning madaniy qatlamlarini antik davr odamlari tarixining arxiviga va ular merosini o‘rganishning yagona manbasiga aylantirib qo‘ymoqda. Namangansoy- Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ining Shimolida, hozirgi Yumaloq tepa va Qorayontoq mahallalarining yuqori qismida bu hududlarni Sharqiy va G‘arbiy qismlarga ajratib oqadi. O‘tmishda soyning o‘ng tomonida kun chiqar tomonga qaragan tik va baland jarliklar orasida qator g‘orlar turkumi mavjud bo‘lgan. Ulardan 120-130 metr pastlikda oqayotgan soyning sohillari ulkan o‘tloq maydonlaridan iborat edi. Aksariyat g‘orlarning shifti odam bo‘yi yetmas darajada bo‘lib, uzun yo‘laklar keng xonalarga olib chiqar edi. Xonalardagi kul va tuproq uyumlari orasidan ko‘plab topilmalar: siniq pichoq, o‘roq uchlari, dastalari, sopol idishlar, ularning parchalari, teshilgan, qirrador qilib sindirilgan toshlar, odam va xayvon suyaklari topilgan. Soyning qarama-qarshi chap tomoni esa tekislik bo‘lib, quyuq tuqayzordan o‘tgandan so‘ng ekin dalalari boshlangan. Tuqayzorda eski yerto‘la uylar, chayla, kapalarning qoldiqlarini tez-tez uchratish mumkin bo‘lgan. Aslida bu g‘orlar ularning oldidagi supalar, chayla, kapalar, yerto‘la uylar, ulardagi kul qoldiqlari, kuygan suyaklar, ish va ov qurollarining siniqlari, devorlarda tasvirlangan surat izlari bu manzilgohlarda uzoq muddat hayot davom etganligidan dalolat bergan. Lekin ming afsuslar bo‘lsinkim bu antik manzilgohlar yo‘q endi. “Oq oltin”, ya’ni paxta yakkaxokimligi, mustabid tuzum deb atalgan balo, bu g‘orlarning yuqori qismini paxta maydonlariga aylantirilishi va oqava suvlarning tartibsiz oqizilishi natijasida ular yer yuzidan butunlay yo‘qolib ketdi. Hozir bu hududlarning bir qismida dehqonchilik qilinayotgan bo‘lsa, bir qismiga uy-joylar qurilib, aholi istiqomat joylariga aylantirib yuborildi. Ikki soy oralig‘ida, Buloqboshisoy (Qorasuv) va Namangansoy vohasida joylashgan Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida o‘troq dehqonchilikning paydo bo‘lishi va rivojlanishi uchun yetarli sharoit va imkoniyat bo‘lgan. Bu yerlarda yashagan dastlabki odamlar ovchilik, chorvachilikdan tashqari ziroatchilik bilan ham shug‘ullana boshlaganlar. Qishloqda har ikki soydan suv olish uchun dastlabki sug‘orish inshootlari alish va to‘g‘onlar barpo etilib, ariqlar chiqazilgan. Natijada, sug‘orma dehqonchilik Yangiqo‘rg‘onda asosiy mashg‘ulotga aylangan. Ovchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan, tog‘ va cho‘l hududlarida yashagan ko‘chmanchi qabilalar ham vohadagi soy va buloqlar atrofiga kelib o‘troqlashadilar hamda dehqonchilik qilishga o‘tadilar. Qishloq dehqonchilik markaziga aylanadi. Bu davr taxminan Shimoliy Farg‘ona (hozirgi Namangan vohasi)da «Chust madaniyati» nomi bilan fan tarixiga kirgan dehqonchilik madaniyati davriga to‘g‘ri keladi. O‘sha zamon odamlari paxsa uylarda, chayla, kulbalarda, yozda salqin, qishda issiq, zilzilaga chidamli yerto‘la uylarda yashaganlar. Uy va yerto‘la devorlarini, tomlarini somonli loy bilan suvashni bilganlar. Aholi manzilgohlarining kengayishi, ziroatchilikning rivojlanishi aholini guruhlarga bo‘linishini keltirib chiqargan. Bozor uchun mol tayyorlaydigan xunarmandlar sohalar bo‘yicha guruhlanib, kulolchilik, temirchilik, tikuvchilik, duradgorlik ashyolari tayyorlay boshlaganlar. Shu tariqa xunarmandchilik dehqonchilikdan ajralib chiqqan. Bozorlar, guzarlar, qo‘rg‘onlar vujudga kela boshlagan, savdo-sotiq takomillasha borgan. Dehqonlarning, xunarmandlarning yashash joylari paxsadan qilingan devorlar bilan o‘rab olinib, tashqi dushmanlardan saqlanish uchun mudofaa inshootlari barpo etilgan. Qishloq boshqaruvi vujudga kelib, ularning g‘ishtdan ko‘tarilgan baland istehkomlari paydo bo‘lgan. Istehkomlarda qurol-yaroq, g‘alla, oziq-ovqat va suv zahiralari saqlanadigan maxsus xonalar, ulkan sopol xumlar, g‘alla saqlash uchun devorlari somon bilan suvalgan o‘ra-omborlar qurilgan. Xuddi shunday istehkom qal’alar Namangansoyning o‘ng sohilida bugungi kunda Yumaloq tepa nomi bilan ataluvchi tepaliklar o‘rnida mavjud bo‘lgan. Bu tepaliklar aslida 7 ta bo‘lib, hozirda ulardan 2 tasigina saqlanib qolgan. 5 ta tepalik esa paxta maydonlarini, aholi uy-joylarini kengaytirish bahonasida yo‘qotib yuborilgan. Yumaloq tepa turkumiga kiruvchi istexkom qal’alarning g‘ishtdan ko‘tarilgan mustahkam ark vazifasini o‘tovchi mudofaa devorlari bilan o‘rab olinishi, dehqonlarning chayla, kapa, yerto‘la, paxsa shaklidagi uylarining atrofi esa oddiy paxsa devor bilan ixotalanishi aholi o‘rtasidagi mulkiy alomatlar, tabaqalanish mavjudligidan darak beradi. Bu manzilgoh odamlari zardo‘shtiylar urf-odatiga ko‘ra inson o‘lgach uning tanasini maxsus joylarga qo‘yib, suyaklarini yirtqich hayvon va qushlar yordamida go‘shtdan tozalashgan. Tozalangan suyaklar yomg‘ir suvida yuvilib, quritilgach maxsus idish (ostadon) larga solinib, dafn etilgan. Bunday odat VIII-IX asrlargacha, ya’ni yurtimizga Islom dini kirib kelgunga qadar davom etgan. Islom dini, shariati, uning marosimlarini aholi o‘rtasida joriy etish osonlik bilan bo‘lmagan. Arab xalifaligining imom va sarkardalari Islom dinini aholi orasida yoyish, yangi dinga e’tiqodni mustahkamlash uchun xatto mahalliy aholi bilan yaqinlashishga, shu yerlarda muqim, o‘troq qolib yashashga ham majbur bo‘lishgan. “Safed bulon tarixi” asarida tasvirlanishicha arab xalifaligi sarkardasi Shoh Jarir xalifalikka qarshi isyon ko‘targan aholini bostirish uchun Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i orqali Zarkent, Poromon qishloqlaridan o‘tib bo‘ysunmas sarkarda Karvonbosga qarshi bir necha bor qurolli qo‘shin bilan yurishga majbur bo‘lgan. Ohir-oqibat, Safed bilol qishlog‘ida halifalik askarlaridan 2772 nafari shahid bo‘lgan. Islom dini kirib kelgach vaqt o‘tishi bilan aholining iqtisodiy va ijtimoiy hayoti o‘zgara boshlaydi, qo‘shni mamlakatlar bilan savdo, madaniy aloqalar o‘rnatiladi. Masjidlar qurilib, maktablar tashkil etiladi. Arab yozuvi, Qur’on, tafsir, fiqx ilmini o‘rganish yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro munosabatlar vujudga keladi. Namangansoyning o‘ng sohilida, karvon yo‘llari ustida joylashgan Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida, qadimda Yumaloq tepa turkumiga kirgan, hozirda “Uch til” tepaligi deb atalayotgan tepalikning uch tomonida Quyiguzar, O‘rtaguzar va Tepaguzar deb atalgan guzarlar, O‘rda, Tarafi O‘rda deb atalgan mahallalar mavjud bo‘lgan. O‘tmishda, Olabuka, Oqtom, Karvon, Safed bulon, Nanay, Mamay, Zarkent, Poromon, To‘riq qishloqlaridan Namangan, Toshkent, Samarqand, Buxoroga, shuningdek, Chortoq, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Quva, Andijon, O‘sh, O‘zgan, Jalolobod orqali Qashg‘ar va Xitoy hamda Xindistonga boradigan karvon yo‘li Yangiqo‘rg‘on qishlog‘idan o‘tgan. Bu yo‘ldan o‘tgan savdo karvonlari Yangiqo‘rg‘on qishlog‘idagi karvonsaroyda (hozirgi 3-sonli bolalar bog‘chasi o‘rnida) to‘xtab dam olganlar, savdo-sotiq qilganlar. Ular bu yerdan quruq mevalar, teri, jun, paxta, pilla harid qilganlar. Xitoydan, Samarqand, Buxoro, Toshkentdan ipak, chinni, qog‘oz, gazlamalar, dori-darmon, ziravor va ro‘zg‘or ashyolarini olib kelganlar. Karvonsaroyda savdogarlarni xordiq chiqarishlari, ot-ulovlarini dam oldirib safarga hozirlashlari, savdo-sotiq qilib mol saqlashlari, ularni ayirboshlashlari uchun imkoniyatlar mavjud bo‘lgan. Keyinchalik, 1887 yildan keyin mazkur karvonsaroy Turkiston general-guberantorligining harbiy garnizonlaridan biri bo‘lib qolgan. Sho‘rolar davrida esa garnizon jamoa ho‘jaligi omborxonasiga, Yumaloq tepa va Mozor ko‘chalarining boshlanish qismidagi karvonlarning ulovlarini to‘xtash joyi esa jamoa ho‘jaligi otxonasiga aylantirilgan. O‘tgan asrning 70-yillari oxirida omborxona o‘rnida hozirgi bolalar bog‘chasi binosi qurilgan. Ho‘jalik otxonasi esa choyxona, mahalla guzari etib qayta quriladi, bir muddat tuman arxivi shu binoda faoliyat ko‘rsatgan. Xususiylashtirish jarayonida esa bu bino sotib yuborilgan, hozirda bu hududda aholi istiqomat joylari mavjud. Islom diniga e’tiqod qilish keng qamrov olgach qishloqda tumandagi dastlabki masjidlardan biri barpo etilgan. Bu Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i markazidan 2 kilometr Shimoliy G‘arbda hozirgi Istiqlol qishlog‘ining hududidagi Mozor ko‘chasini Sharqiy qismida qurilgan Boboi Handon nomi bilan ataluvchi masjid edi. Masjid binosi aholi o‘rtasida Boboi Handon nomi bilan mashhur bo‘lgan shayh Nuriddin homiyligi va boshchiligida tiklangan. Boboi Handon islom dinini mahalliy aholi o‘rtasida targ‘ib etish uchun xalifalik tomonidan yuborilgan ko‘p sonli da’vatchilardan biri bo‘lgan. Boboi Handon vafot etgach uni masjid binosining Sharq tomonidagi tepalik ustiga dafn etilgan. Qabr atrofi esa paxsa devor bilan o‘ralgan. Keyinchalik qabr tepasiga pishgan g‘ishtdan to‘g‘ri to‘rt burchak shaklda ayvonli maqbara binosi qurdirilgan. Yumaloq tepa mavzesidagi me’morchilik obidalaridan yana biri qishloqdagi katta yer-mulklarning egasi bo‘lgan mulla Nurmuhammad domlaga qarashli turar joy binolari bo‘lgan. Mulla Nurmuhammadboy xat-savodli, madrasa ta’limini ko‘rgan, Qur’on, Hadis va tafsir ilmlaridan xabardor kishi edi. Mulla Nurmuhammadboyning uy-joy va yer mulklari Yumaloq tepa ko‘chasidan Sharq tomonga, Namangansoyga olib tushuvchi birinchi va ikkinchi tor ko‘chalar oralig‘ida, hozirgi veterinariya shifoxonasining bino va hovlilari o‘rnida bo‘lgan. Bu yerlarning asosiy qismi bog‘ va uzumzorlardan iborat bo‘lib, hozirga kadar bu joylarda keksa subxoni o‘rik va nok daraxtlari saqlanib qolgan. Nurmuhammadboyga qarashli bog‘ning G‘arb tomoniga Sharq me’morchiligi uslubida katta ayvonli uy qurilgan. Uylar jami yetti xonadan iborat bo‘lib, markaziy xona dolonli mehmonxona qilib qurilgan. Har bir xonaga archa, yong‘oq daraxtlaridan uyma naqshinkor, qo‘sh tabaqali eshik va derazalar o‘rnatilgan. Xonalar oldiga umumiy qilib solingan ayvonning mustahkam harsang tag kursilarga o‘rnatilgan to‘qqizta ustuni bo‘lgan. Ustunlar o‘ymakor naqshlar bilan bezatilgan. Bino qishloqdagi eng baland va mustahkam imorat sanalgan. Haqiqatdan ham u o‘tgan asrning 80-yillarigacha juda yaxshi xolatda, deyarli bust-butun saqlangan bo‘lsada, bog‘ o‘rnida tashkil etilgan xayvonot shifoxonasini kengaytirish bahonasida buzib tashlangan. Avval Mulla Nurmuhammadboyning Yangiqo‘rg‘on qishlog‘idagi katta yer mulk egalaridan biri bo‘lganligini qayd etgan edik. Fikrimiz isboti uchun quyidagi dalilni keltirmokchimiz. O‘zbekiston Milliy Davlat arxivining 1-fond, 15-ro‘yhat, 389-ish, 15-varag‘ida 1887 yil Farg‘ona viloyati Namangan uyezdi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida Nurmuhammadboyning yeridan xumda ko‘milgan 1 pud-u 8 qadoqdan iborat mis, kumush, tangalar hamda tilla buyumlardan iborat hazina topilib, general-gubernatorga yuborilganligi qayd etilgan. Vaqt o‘tgan sari qishloq hududi kengayib aholi soni orta borgan. Namangansoyning chap sohilida aholi istiqomat joylari, hunarmandchilik dahalaridan tashqari, savdo rastalari, karvonsaroy (hozirgi buyum va dehqon bozorlari o‘rnida) bozorlar, masjid, madrasa va ularga qarashli vaqf yerlari (hozirgi Yangiqo‘rg‘on -Chortoq yo‘li hamda Chorvoq ariqlari oralig‘ida) hammom, choyxona va guzarlar barpo etilgan. Bu hududdagi eng qadimiy, muxtasham va diqqatga sazovor tabiiy va tarixiy –me’morchilik obidasi Beshbuloq ansambli bo‘lgan. Mazkur ansambl tarkibiga shu nom bilan ataluvchi beshta buloqlar, hammom, choyxona, mehmonxona, qabriston kirgan. Beshbuloq hammomi va choyxonasi yonma-yon qilib Sharq me’morchiligi uslubida qurilgan. Hammom kiyimlar turadigan, yuvinadigan jami 15 ta xonadan, suv isitiladigan va sovuq suv saqlanadigan 2 ta hovuzdan iborat. Hammom devorlari va suv hovuzlari yupka pishiq g‘ishtdan ishlanib, hovuzlar qir bilan suvalgan. Xonalar shifti gumbazli qilib pishiq g‘ishtdan ishlangan. Hammom xonalari va issiq suv hovuzi uning Janubiy tomonidagi go‘lahxonadan o‘t yoqib qizdirilgan. Hammom o‘choqlariga yoqilgan olov xonalar va hovuz ostidan o‘tib pishiq g‘ishtdan ishlangan dudburonlar orqali hammom xonalari va suvni qizdirib, tashqariga chiqib ketgan. Hammom extiyojlari uchun zarur bo‘lgan suv hammom hovlisidagi buloqlardan quvurlar orqali oqib kelgan. Xonalar ostiga ishlangan maxsus ariqchalardan yuvindi suv kir o‘raga oqib chiqqan. Hammomning old qismida xonalarga kirib chiqish uchun umumiy yo‘lak qurilgan. Binoni qor, yomg‘irlardan pana qilish uchun esa ayvon solingan. Beshbuloq choyxonasi hammomning G‘arb tomoniga unga yondosh qilib, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda qurilgan. Choyxona binosi asosini mustahkam tag kursilarga o‘rnatilgan, qirrador qo‘sh qatorli ustunlar tashkil etadi. Ustunlar ustidagi hashamdor yog‘och yostiqchalar ustiga uzunasiga ikki qator to‘sinlar yotqizilib, ularning ustiga uch qator ko‘ndalang to‘sinlar terilgan. To‘sinlar ustidan toqilar qo‘yilgach, qamish yopqich ustidan somonli loy bilan suvalgan. Choyxonaga hammom va hovli tomonidagi eshiklardan kirilgan. Choyxona binosi bilan bir o‘q bo‘ylab ikki qavatli sakkizta xonadan iborat mehmonxona qurilgan. Hammom, choyxona, mehmonxona binolari hozirga qadar ham saqlanib qolgan. Hammom binosining Shimolida Beshbuloq qabristoni mavjud. Qabristonning G‘arb tomonidan eski Yangiqo‘rg‘on-Namangan yo‘li o‘tgan bo‘lib, yo‘lning o‘ng tomonida Beshbuloq qabristonining ikkinchi yarmi joylashgan. Mustaqillik yillarida ushbu qabristonning G‘arb tomoniga, Chorvoq arig‘i sohiliga eski masjid o‘rniga yangi jome’ masjidi kurildi. Hammomning Sharqiy qismida hozirgi buyum bozori bilan Chorvoq arig‘i oralig‘ida qadimiy karvonsaroy bo‘lib, keyinchalik u jamoa ho‘jaligi otxonasi, so‘ngra tuman avtoho‘jaligi, hozirda esa buyum bozori qilib qayta qurilgan. Muhtasar qilib aytganda Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i turli davrlarga oid arxeologik yodgorliklarga boy bo‘lib, qadimiy aholining madaniy manzilgohlaridan biri ekanligiga shubha yo‘q. Qishloq hududidan topilayotgan ashyolar, tepalik, me’moriy va arxeologik yodgorliklar bu hududlarda aholining qadimiy manzilgohlari mavjud bo‘lganligining asosiy dalilidir. Birok, antik davr Yunon olimlarining asarlarida Sirdaryoning o‘ng sohilidagi o‘lkalar haqida hech qanday ma’lumotlar uchramaydi. Ular bu vohada bo‘lmaganliklari uchun faqat ayrim asarlarda “Yaksart orqasida” (Sirdaryo) qandaydir o‘troq xalqlar borligi haqidagi qaydlarnigina uchratish mumkin. Miloddan avvalgi VI-III asrlarda fors va yunon bosqinchilari hozirgi O‘rta Osiyoning janubiy hududlarini ishg‘ol etib, Sirdaryo bo‘ylarigacha ko‘p bora kelishgan. Lekin, ular har gal sak kabilalarining qarshiligiga duch kelib ortga qaytishga majbur bo‘lganlar. Bu esa ularni Sirdaryoning o‘ng sohilida yana bir dehqonchilik yurti borligidan behabar qoldirgan. Namangan, ayni zamonda, Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ining tarixi, iqtisodiy, siyosiy, madaniy hayoti Farg‘ona vodiysi bilan uzviy bog‘langan. 1709-1710 yillarda Qo‘qon xonligi tashkil topadi va Farg‘ona vodiysi xonlik tarkibiga kiritiladi, Ahsikent xonlik hududida viloyat deb yuritila boshlaydi. Yangiqo‘rg‘on esa xonlik tarkibiga beklik maqomida kiritiladi. Bu davrda xonlik tarkibida 18 ta beklik mavjud bo‘lgan. Yangiqo‘rg‘onda beklik ishlarini yuritish va sarbozlarni saqlash uchun hozirgi 1-maktab, Bandlikka ko‘maklashish markazi, fuqarolik sudi, FXDYO binolari o‘rnida beklik o‘rdasi quriladi. O‘rta Osiyoni Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilinishi natijasida 1867 yil 11 iyulda Turkiston general gubernatorligi tashkil qilinadi. General gubernatorlik tarkibida Farg‘ona viloyati tuzilib, hozirgi Namangan viloyati uning tarkibiga uyezd, Yangiqo‘rg‘on esa volost maqomida kiritiladi va 1917 yilgacha general gubernatorlik hududida bo‘ladi. Bu davrda Yangiqo‘rg‘on xududiga ko‘plab rusiyzabon xalqlar ko‘chirib kelinadi. Volost boshqaruvi uchun ma’muriy binolar, mirshab va zobitlarni, askarlarni yashashlari va xizmat qilishlari uchun Yangiqo‘rg‘on bekligining Namangansoyning o‘ng sohilida joylashgan o‘rdasi qayta qurilib, qal’a (krepost)ga aylantiriladi. Qal’a-krepostda volost boshqarmasi, mirshabxona, pochtaxona, qurolxona, turma va askarlar kazarmasi joylashtiriladi. Hozirgi tuman hokimligi, moliya, pochta, madaniyat va istirohat bog‘i, san’at saroyi, xalq banki, agrosanoat banki binolari, Do‘stlik maxallasi o‘rnida rus harbiy xizmatchilari, savdogar va bank egalarining turar joylari, xizmat idoralari, do‘kon va bank shohobchalari barpo etiladi. Mazkur xududlardagi mahalliy aholi o‘zlari yashab turgan uylaridan chiqarilib, hunarmandlarning ustaxonalari qishloq markazidan chetga ko‘chirib yuborilgan. Masalan, hozirda Qutlug‘tol, Qo‘riq mahalla fuqarolar yig‘inlari joylashgan xududlar o‘tmishda botqoqlik, qamishzor, to‘qaylardan iborat bo‘lib, unumsiz adir yerlariga yerlarga suv chiqmas edi. Rus hukumatining bosqinchilik siyosati tufayli ko‘plab Yangiqo‘rg‘onliklar ana shunday yerlarga majburan ko‘chirib yuborilgan. Sho‘rolar hukumati davrida mahalliy aholi qo‘lidagi barcha xususiy mulk, shu jumladan yer-suvlar ham sovet davlati ixtiyoriga o‘tkaziladi. Hozirgi Yangiqo‘rg‘on shaharcha va Istiqlol qishlog‘i hududlaridagi mavjud hamma yerlar birlashtirilib, qishloq ho‘jaligi artellari tuziladi. Qishloq ho‘jaligini jamoalashtirish (kollektivlashtirish) davriga ya’ni 1930 yilga kelib, hozirgi Yangiqo‘rg‘on va Istiqlol qishloqlarida 9 ta jamoa ho‘jalik (kolxoz)lar tashkil etiladi. Yangi tuzilgan Kalinin nomli, Lenin nomli, “O‘rtoq”, Stalin nomli, “Sovet”, “Lepo”, “Qizil qahramon”, “Traktor” va “Tarzan” kolxozlariga mahalliy aholi o‘zlarining qishloq ho‘jaligi asbob uskunalari va ish hayvonlari (ot, xo‘kiz, eshak, omoch, bo‘yinturuq, sigir, qo‘y, echki) bilan majburan a’zo (kolxozchi) etib kiritilgan. Keyinchalik jamoa ho‘jaliklari yiriklashtiriladi. Kalinin nomli, Lenin nomli, “O‘rtoq”, Stalin nomli, “Sovet”, “Lepo”, “Qizil qahramon”, “Traktor” va “Tarzan” kolxozlari o‘rnida Kalinin nomli va Stalin nomli jamoa ho‘jaliklari tashkil etiladi. 1952 yilga kelib har ikki jamoa ho‘jaligi birlashtiriladi va K.Marks nomli kolxoz tuziladi. Yangiqo‘rg‘on 1918 yil 30 apreldan RSFSR tarkibidagi Turkiston Avtonom Sho‘ro Respublikasini, 1924-1991 yillarda Sho‘rolar Ittifokidagi O‘zbekiston Sho‘ro Respublikasining ma’muriy hududi bo‘lgan. 1926 yil 29 sentyabrda Farg‘ona viloyati tarkibida Yangiqo‘rg‘on tumani tashkil etiladi. Tuman hududi avval hozirgi Chortoq, Yangiqo‘rg‘on tumanlaridan iborat bo‘lib, markazi Chortoq shahrida bo‘lgan. Tuman hozirgi Uychi, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarining hududlaridan iborat qilib qayta tashkil etilgach, uning ma’muriy markazi Chortoq shahrida koldirilgan. 1981 yildan esa Chortoq tumanini tashkil etilishi munosabati bilan Yangiqo‘rg‘on o‘zining hozirgi hududiga ega bo‘lib, tuman markazi Chortoq shahridan Yangiqo‘rg‘on qishlog‘iga ko‘chiriladi. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i hududidan 1973 yilda Navkent qishloq Sho‘rosi (hozirgi Navkent) 1976 yilda Staxanov nomli qishloq Sho‘rosi (hozirgi Istiqlol qishlog‘i) ajralib chiqadi. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i shahar tipidagi posyolka deb yuritila boshlaydi. (O‘z.SSR.OS. № 565 sonli qaror) O‘tgan asrning 41 yilida O‘zbekiston Sho‘ro Respublikasi tarkibida Namangan viloyati tashkil etilib, Yangiqo‘rg‘on tumani uning tarkibiga kiritiladi. Keyinchalik 1960 yilda Namangan viloyati tugatilib uning hududi Andijon viloyatiga qo‘shib yuboriladi. Yangiqo‘rg‘on tumani Namangan viloyati qayta tashkil etilgunga qadar (1967 yil 18 deqabrgacha) ma’muriy hududiy birlik sifatida Andijon viloyati tarkibida bo‘lgan.