Namoz Pirimqul oʻgʻli
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Namoz Pirimqul oʻgʻli (1879, Kattaqoʻrgʻon, Utarchi qishlogʻi — 1907) — Samarqandda milliy zulm va haqsizlikka qarshi koʻtarilgan ommaviy xalq harakati boshligʻi. Barvaqt yetim qolib (onasi uni tug'ganida vafot etadi, bu shumxabarni eshitgan yuragi kasal otasi ham qo'shilib vafot etadi) amakisinikida yashaydi. Uning Ulug'oy ismli opasi ham bo'lgan. Keyin Samarqandga kelib, xat-savodini chiqaradi. Rus podshosiga mahalliy maʼmurlar kirdikorlaridan shikoyat qilib, bir necha bor xat yozadi. Natija chiqmagach, xalqning norozilik harakatiga boshchilik qildi. Namoz Pirimqul oʻgʻli podsho amaldorlari, boy-badavlat kishilar mol-mulkini tortib olib kambagʻallarga, beva-bechoralarga ulashgan (shu sababdan uni "O'zbek xalqi Robin Gudi" deb ham atashgan). Shuning uchun u yuqori tabaqalar, mustamlakachilar orasida „Namoz oʻgʻri“, xalq oʻrtasida esa „Namoz botir“ deb nom qozongan. Namoz boshchiligidagi guruh 1905-yil 29-oktabrda qoʻlga tushib, Samarqand qamoqxonasiga qamaladi. 1906-yil 2-fevralda Namoz qamoqxona ostidan 42 quloch uzunlikda lahim qazib, 60 nafar safdoshi bilan qochishga muvaffaq boʻladi. Namoz 3 yil davomida mahalliy maʼmurlarga qarshi harakatga boshchilik qildi. Qoʻzgʻolonchilar, asosan, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon tumanlarida harakat qilganlar (1904—1907). Oʻz toʻdasidan chiqqan xoin tomonidan oʻldirilgan. Namoz Pirimqul oʻgʻlining ishlari xalq oʻrtasida doston boʻlib ketgan. Xalq baxshisi Nurmon Abduvoy oʻgʻli „Namoz“ dostonini yaratgan [1]. O'zbek Adabiyotida romanchilikning asoschisi hisoblanmish Abdulla Qodiriy Namoz Pirimqul o'g'lining hayoti va ijodiga atalgan "Namoz O'gri" romanini yozish niyatida bo'lgan. 19-asrning 20-yillarida Qodiriy Samarqandga asari uchun material to'plashga boradi. Hattoki Namoz Pirimqul o'g'lining opasi Ulug'oy bilan ham suhbatlashadi. Afsuski, qisqa umr yozuvchiga ushbu romanni yozishga yo'l qo'ymadi. O'zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To'xtaboyev tomonidan Namoz Pirimqul o'g'lining qo'zg'olonchilik harakatlariga asoslangan "Qasoskorning Oltin Boshi" nomli tarixiy roman yozilgan. Asar 1981-yilda chop etilgan va O'zbek Adabiyotida katta o'rin egallagan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |