Kontent qismiga oʻtish

Navandak tepa yodgorligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi Navandak qishlogʻi oldida 25-30 gektar joyni egallagan eski Navandak qabristoni joylashgan. Navandaktepada arxeologlar tomonidan bronza davriga oid manzilgoh topilgan, unda archa tasviri bilan bezatilgan sopol idishlar topilganligi qayd etiladi.

Yani bir maʼlumotga koʻra, Navandak qadimdan „Shahri bar-bar“, deb atalgan. Uning qadimiy va katta boʻlganini uning oldidagi mazkur qabriston ham tasdiqlaydi.

Unda koʻplab eski arab yozuvida bitilgan qabr toshlari bor. Lekin, afsuski, koʻplaridan yozuv oʻchib ketgan yoki toshlar boshqa joyga koʻchirib olib ketilgan. Ulardan biri shakli va hajmi bilan Amir Temir qabri ustidagi nefrit toshiga oʻxshatib ishlangan va mahalliy aholi „Koʻk tosh“ deb atagan bir qabr toshi saqlanib qolgan.

Hozir bu yerga yiliga yuzlab insonlar ziyorat qilishadi. Ushbu qabrtoshning aylanasi boʻylab arabcha yozuvlar oʻyib bitilgan. Navandak qishlogʻida yashagan tabarruk zot – Burxonxon eshon ularni yozib olgan. Qabrtoshida „Anbar Amir Jaloliddin binni Molik Dushoxi“, degan satrlar bitilgan. Bu satrlar koʻpchilikni hayron qoldiradi. Nahotki, u Xorazm elining sheryurak oʻgʻloni Jaloliddin Manguberdiga taalluqli boʻlsa?! Chunki qadimiy qoʻlyozmalarda, masalan Nizomiddin Shomiyning „Zafarnoma“sida Jaloliddin Manguberdi nomi boshqacha – Jaloliddin Ibn Malikshoh deb berilgan. Nima uchun toshda Jaloliddin Manguberdining vafot etgan 1231 yil sanasi yozilmagan. Bu savollarga Navandak qishlogʻida faoliyat koʻrsatayotgan oʻlkashunos Karamov Isroil javob topa olgan. Uning maʼlumotiga koʻra, Navandak qishlogʻining tarixi (mutaxassislarning qabristondagi qabr toshlarini oʻqishi vaqtida boshqa qabr toshidagi sana 1240 yil yozilganligi aniqlandi) uzoq davrlarga borib tarqaladi. Mutaxassislar bu qabr toshi Jaloliddin Manguberdiga tegishli emasligi toʻgʻrisida xulosaga kelishdi. Biroq, Navandak tepadagi bu va boshqa koʻplab qabr toshlari hamda arxeologik ashyoviy manbalar mazkur hududning oʻrta asrlarda yirik markaziy shaharlardan (rabotlardan) biri boʻlganligidan dalolat beradi.