Nikita Xrushchyov
Nikita Sergeyevich Xrushchyov (1894. 5(17)4, Kursk gubernyasi Kalinovka qishlogʻi – 1971.11.9, Moskva) – KPSS MK 1-kotibi (1953-64), ayni vaqtda sobiq Ittifoq Ministrlar Soveti raisi (1958—64). 1931-yildan Moskvada partiya ishida, 1935—38 yillarda VKP (b) Moskva viloyati va shahar komiteti 1-kotibi. 1938-yil —1947-yil mart va 1947-yildek. 1949-yil Ukraina KP(b) MK 1-kotibi, ayni vaqtda 1947-yil Ukraina XKS (MS) raisi. Moskva va Ukrainada ommaviy qatagʻonlarning tashkilotchilaridan. 1941 – 45-yillardagi urushda bir necha frontlar Harbiy Kengashi aʼzosi. 1949-yildan VKP (b) MK kotibi va ayni vaqtda (1949—53) VKP (b) Moskva komiteti 1-kotibi. 1939—64-yillarda MK Siyosiy byurosi (Prezidiumi) aʼzosi. Ichki va tashki siyosatni „yumshatish“, qatagʻon qurbonlarini oqlash tashabbuskorlaridan biri; partiya-davlat tizimini zamonga muvofiqlashtirishga urindi. KPSSning 20 (1956) va 22 (1961) sʼyezdlarida I. V. Stalin shaxsiga sigʻinishni va uning faoliyatini keskin tanqid qildi. Biroq mamlakatda yakka partiya hukmronligining saqlanishi, oʻzgacha fikrlovchilarga yoʻl bermaslik, namoyishchi ishchilarning otilishi (1962-yil Novocherkasekda va boshqalar), ziyolilarga zugʻum qilish, boshqa davlatlarning ishiga aralashish (1956-yilda Vengriyaga qurolli intervensiya va boshqalar), Gʻarbga nisbatan harbiy qaramaqarshilikning kuchayishi (1961-yildagi Berlin va 1962-yildagi Karib tangliklari va boshqalar), shuningdek, siyosiy va iqtisodiy xomxayollik („Amerikani quvib yetish va undan oʻzib ketish“ kabi shiorlar), 1980-yilga kommunizm qurish vaʼdalari uning siyosatida ziddiyatlar va poymapoylikka olib keldi. Oliy davlat va partiya apparatidagi norozilik X.ni egallab turgan barcha lavozimlaridan olinishiga sababchi boʻldi. X. xotiralar yozgan. Ular 1981 AQShda, 1997-yil Rossiyada, toʻliq matni 1999-yilda eʼlon qilingan[1].