Nikolay Dobrolyubov
Nikolay Aleksandrovich Dobrolyubov [1836.24.1(5.2), Nijniy Novgorod - 1861.17(29).11, Sankt-Peterburg] - rus adabiyotshunosi, publitsist, Peterburgdagi Bosh pedagogika institutini tamomlagan (1857). 1856-yildan vaqtli matbuotda ilk maqolalari eʼlon qilingan. 1857-yildan "Sovremennik" jurnalning rahbarlaridan biri, jurnalning "Hushtak" ("Svistok") hajviy boʻlimi muharriri (1859). Dobrolyubovning asosiy tadqiqotlari, taqrizlari, maqolalari "Sovremennik"da chop etilgan. 1860-yil may, 1861-yil iyul oyiga qadar chet ellar (Fransiya, Italiya)da davolanadi. Dobrolyubov butun umrini inqilobiy yoʻnalishdagi gʻoyani targʻib qilishga bagʻishladi. Asarlarida ham, ijtimoiy faoliyati davomida ham monarxiya tuzumini, krepostnoylik huquqini, aslzodalarga xos boʻlgan liberalizmni qoraladi va dehqonlar inqilobi gʻoyasini ilgari surdi. U. N. Chernishevskiy bilan 19-asr oʻrtalarida Rossiyadagi inqilobiy harakatning gʻoyaviy rahnamosi boʻldi. Dehqonlar sotsializmi tarafdori si-fatida kapitalistik ijtimoiy-iqtisodiy, sarmoyaga asoslangan tuzumni ayovsiz tanqid ostiga oldi. Dobrolyubov oʻz maqolalarida jamiyat tarixi mehnatkashlar bilan sarmoyadorlar oʻrtasidagi kurash tarixidan iborat, tarixiy taraqqiyotni xalq belgilaydi, shaxsning tarixdagi oʻrnini ham inkor etib boʻlmaydi, deb hisoblaydi. Aslida, u falsafiy idrok etilgan borliq gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaydi, idealizmni, dinni tanqid qiladi. Estetika asoslari toʻgʻrisida asarlar yaratgan. Adabiyot va adabiyotshunoslik realistik tamoyillarga suyanishi lozimligini taʼkidlagan. "Jaholat saltanati", "Oblomovchilik nima?", "Qachon haqiqiy kun keladi?", "Jaholat saltanati ichra nur" (1859—60) kabi tadqiqotlarida ruslarning hayotida va adabiyotida yangi shaxs — arbob, kurashchan qahramon paydo boʻlishi gʻoyasini ilgari surgan. Hajviy sheʼrlarida ijtimoiy ziddiyatlarni, zulm ostida ezilgan xalq hayotini tasvirlaydi, dehqonlar in-qilobini quvvatlaydi ("Olenin tobuti ustidagi oʻylar", "Rozentalga" va boshqalar). D. pedagogika masalalari toʻgʻrisida ham asarlar yozgan ("Tarbiya jarayonida obroʻ-eʼtiborning ahamiyati", 1857; "Butun Rossiyaga xos boʻlgan xom xayollar...", 1858 va boshqalar).
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Tanlangan adabiytanqidiy maqolalar, T., 1954.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil