Kontent qismiga oʻtish

Nizomiy Aruziy Samarqandiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nizomiy Aruziy Samarqandiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Shoir, aruz ilmi nazariyotchisi

Nizomiy Aruziy Samarqandiy(arabcha:نظامي عروزي سمرقندي — Nizomiy Aruziy Samarqandiy — Toʻliq ismi:Ahmad ibn Umar ibn Ali (XII asrda yashagan)) — shoir va aruz ilmi nazariyotchisi.

Nizomiy Aruziy Samarqandiyning tarjimayi holi haqida baʼzi maʼlumotlarni faqat uning „Chahor maqola“ asaridan topish mumkin. Nizomiy esa adabiy taxallusi, lekin o‘ziga zamondosh bo‘lgan Nizomiy taxallusli ikkita shoirdan farq qilish uchun unga Aruziy (aruz mutaxassisi) taxallusini ham qo‘shib aytiladi. Nizomiy Aruziyning badiiyat, sheʼriyat ilmi - Aruzdagi xizmatlari, shuhrati to‘g‘risidagi qaydlari hatto, mubolag‘a deb qabul qilinganida ham, uning „Aruziy“ faxrli nomi uning bu sohada muayyan xizmatlari, sanʼatlari bo‘lganligiga ishoradir. Nizomiy Aruziy Samarqandiy Samarqandda tugʻulgan. Qandaydir sabab bilan hozirgi Afg‘onistonning Gʻur va Bomiyon viloyatlariga borib, u yerda Shansabiylar sulolasidan bo‘lgan podshohlar xizmatiga kirib, umrining oxirigacha o‘sha yerda istiqomat qilgan. Nizomiy Aruziy Ibn Samarqandiyning tavallud va vafot etgan yillari maʼlum emas. Lekin „Chahor maqolakitobini 1156-yilning oxiri va 1157-yilning boshlarida yozganligi aniqlangan. Nizomiy Aruziy Samarqandiy „Chahor maqola“ni yozayotgan paytlarida 45-yil Gʻur va Bomiyon podshohlariga xizmat qilganini kitobda eslatib o‘tgan. Demak, 1112-yildan boshlab Gʻur, keyinchalik Bomiyon podshohlari saroyida dabir va shoir sifatida xizmat qilgan. Gʻurga kelgan paytlarida 20-25 yoshlarda bo‘lsa, u XI asrning 90-yillarida tugʻulgan boʻlib chiqadi. Lekin „Chahor maqola“da olim 1116-1117-yillari Hirotda tirikchilikning qiyinligidan og‘ir hayot kechirganini yozadi. Keyinchalik to‘rt yil Nishopurda yashagan. Shunday qilib, Shansabiylarga qilgan 45-yil xizmatining besh yil darbadarlikda o‘tgan. Shansabiylar sulolasi - Shimoliy Afg‘oniston tog‘li viloyatining g‘arbiy va markaziy qismi bo‘lgan Gʻur va Bomiyonda hukm surgan. Shansab qabilasining katta bir qismi Gʻurda, kichik qismi esa Bomiyonda podshohlik qilgan. Gʻur podshohlarining poytaxti avval Varshad, keyin hozirgi Afg‘onistonning g‘arbidagi Firuzkuh shahri bo‘lgan. Ular o‘zlarini „Maliku-l-jabal“ („Tog‘ podshosi“) nomi bilan yuritib, 1150-yildan boshlab „Sulton“ laqabi bilan atala boshlaganlar. Bomiyon - suv sathidan 2500 metr balandlikdagi kichik vodiy boʻlib, poytaxti Gʻulg‘ula nomli qal’a-shahar bo‘lgan. Bu shahar 1222-yil mo‘g‘ullar tomonidan tamoman vayron etilib, hozir uning faqat xarobalarigina qolgan, xolos. Gʻulg‘ula bilan Firuzkuh orasi 500 chaqirimdan ortiq boʻlib, yurish qiyin bo‘lgan tog‘li yo‘ldan iborat. Xuddi ana shu shaharda Nizomiy Aruziy Samarqandiy o‘zining bizgacha yetib kelgan yagona asari „Chahor maqola“ni yozib tugatgan.

Chahor maqola“ning Eronlik olim M. Qazviniy tomonidan aniqlangan asl nomi „Majmaʼu-n-navodir“ („Nodir hodisalar majmuasi“) boʻlib, keyinchalik „Chahor maqola“ („To‘rt maqola“) nomi bilan atalgan. Asar Abulhasan Ali ibn Faxriddin Mas’ud degan podshohga bag‘ishlangan. Lekin na Gʻur va na Bomiyon Podshohlaridan yoki Nizomiy Aruziy Samarqandiyga zamondosh bo‘lgan boshqa podshohlardan birortasi bunday nom bilan atalmagan. „Chahor maqola“ kirish so‘zi bilan boshlanib, to‘rt bob (maqola)ga bo‘linadi va xotima bilan tugaydi. Nizomiy Aruziy Ibn Samarqandiy kirish so‘zida podshohlik nima, podshoh kim bo‘lishi kerak, qanday qilib oliy martaba egasi bo‘lish mumkinligini yozadi. Xotimada esa „Bu risolani yozishdan va ana shu boblarni bayon etishdan maqsad (o‘z) maʼlumotimni ko‘rsatish emas va o‘z xizmatlarimni ko‘rsatib o‘tish ham emas, balki eng dastavval (mening) xojam ulug‘ hukmdor Husomu-d-davla va-d-din, islom va musulmonlar yordamchisi, dunyo qo‘shinlarining tayanchi, podshoh va sultonlar faxri, dahriy va xudoga sherik keltiruvchilarni daf etuvchi, bid’atchi va buzg‘unchilarni mag‘lub etuvchi, davrimiz homiysi, insoniyat xizmati uchun hozir turuvchi, xalifalikning kuch-qudrati, xalqning husni, jamiyatning ulug‘i, arab va forslarni yo‘lga soluvchi, dunyoda eng oliyjanob, fozillar quyoshi, amirlar shohi, moʻminlar amirining safdoshi, xudo uning shon-shuhrati va baxt yo‘lida gullab-yashnashini davom ettirsin va ko‘paytirsin, Abulhasan Ali ibn Mas’ud ibn Husaynga yo‘l-yo‘riq va kamolotdan iboratdir“ deydi. Demak, „Chahor maqola“ endi taxtga o‘tirgan yosh podshohlar uchun pand-nasihat va yo‘l-yo‘riqlardan iborat bo‘lgan kitobdir. Bizga „Chahor maqola“ning 12ta qo‘lyozmasi yetib kelgan. Bulardan ikkitasi XIV asrga oid boʻlib, qolganlari keyingi asrlarda ko‘chirilgan nusxalardir. Asar 1887-1888-yillar Eronda toshbosmada nashr etilgan Mashhur ingliz sharqshunos olimi Eduard Braun 1899-yil uning inglizcha tarjimasini ham nashr etgan. 1909-yil Eron olimi Mirzo Muhammad QazviniyChahor maqola“ning tanqidiy matnini Leydenda nashr ettirdi. Bu nashrga ilmiy-tadqiqiy so‘z boshi va izohlar ham ilova qilingan. So‘z boshida Nizomiy Aruziy Samarqandiyning tarjimayi holi ilmiy asosda yoritib berilgan. M. Qazviniy asarning haqiqiy nomi „Majmaʼu-n-navodir“ („Nodir hodisalar majmuasi“) ekanini ham ilmiy asosda isbotlab bergan. „Chahor maqola“ mazkur nashr asosida keyinchalik Eronda bir necha marta qayta nashr etilgan. M. Qazviniy vafotidan keyin Nizomiy Aruziy Samarqandiy asari ustida Eron olimi Muhammad Moʻmin ilmiy ish olib borib, uni to‘rt marta nashr etgan. „Chahor maqola“ birinchi marotaba rus tiliga S. I. Bayevskiy va 3. N. Vorojeykinalar tomonidan tarjima qilinib, professor A. N. Boldirev tahriri ostida 1963-yil Moskvada nashr etilgan. Bu nashrga A. N. Boldirev so‘z boshi yozgan, 3. N. Vorojeykina tuzgan izohlar ham ilova qilingan.[1]

“Chahor maqola”
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 580-581.