Kontent qismiga oʻtish

Nodir-Uzlat

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Nodir-uzlat, Mahjur, Sharif (taxalluslari; ismi Muhammad Sharif) (1743 — hozirgi Kosonsoy tumani — ?, taxminan Qoʻqon) — shoir va xattot. Kosonda oʻqib, savod chiqargan, kotiblik qilgan. Soʻng Qoʻqonga kelgan va shu yerda yashab kelgan. Nodira uni oʻz panohiga olib, saroyda xattot etib tayinlagan. Nodir-Uzlat turkiy va forsiyda ijod qilgan, gʻazal, masnaviy, ruboiy, muvashshax, tarjiʼband, taʼrix, oʻlan janrlarida 13 ming misradan koʻproq sheʼrlar hamda "Haft gulshan" dostonini (1824—25) yozgan. Lirikasi, asosan, ishqiy-falsafiy sheʼrlardan iborat. Xalq ogʻzaki ijodi bilan yozma adabiyot aloqalari uning oʻlanlarida yorqin aks etgan. Devon tuzgan. "Haft gulshan" dostoni Nodiraga bagʻishlangan. Asar 5842 misra — qamd, naʼt, chahor yor taʼrifi, shoir axvoli va dostonning yozilish sabablari bayoni (kirish) hamda 7 mustaqil sheʼriy hikoyadan iborat. Asarda malika Nodiraning mamlakat obodonchiligi va ilmfan rivojiga qoʻshgan hissasi, uning yuksak insoniy fazilatlari aks ettirilgan. Shuningdek, baxtli hayot va odil shoh gʻoyalari ilgari surilgan. Dostonda bosh mavzu — sevgi, sadoqat tasviri birinchi oʻrinda turadi. "Haft gulshan" hamda Devonning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari Qoʻqon adabiyot muzeyi (inv. № 1462, 88), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №1801, 10114) fondida saqlanadi.

  • Haft gulshan, T., 1961.
  • Qayumov A., Qoʻqon adabiy muhiti, T., 1961; Oʻzbek adabiyoti tarixi. [5 j.li], 4-j., 1978; Gʻafurjonova T., Nodir va uning "Haft gulshan" dostoni, T., 1982.