Nodir Devonbegi madrasasi (Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi)
'''Nodir Devonbegi madrasasi''' - "Samarqand" davlat muzey-qoʻriqxonasi tizimidagi tarixiy obida. Nodir Devonbegi madrasasi 1986-yil tarixiy obidalar ro‘yxatiga kirib “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi tizimiga o‘tgan.
Nodir Devonbegi madrasasi XVII asrning 1630-1635-yillarida Buxoro xonligining devonbegisi Nodir Mirzo Tog‘ay Sulton tomonidan qurdirilgan. Madrasa Xoja Ahrori Valiy maqbarasi yonida qurilganligi uchun “Xoja Ahrori Valiy madrasasi”, deb ham yuritiladi.
Xoja Ubaydullox Ahrori Valiy Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 1404-yilda tavallud topgan va 895-hijriy yilning rajab oyi (1490-yil fevral oyining 21-kuni) da Urgut tumani hududidagi bir qishloqda vafot etgan. U kishining jasadlari Samarqand tumanidagi Xoja Kavshiy (Hozirgi Xoja Ahror) mozoriga olib kelinib, dafn etiladi. Keyinchalik, bu qabristonda uning yaqinlari va shogirdlari ham dafn etilgan.
Madrasaning aynan shu manzilda barpo qilinishi sababi uning to‘rida Xoja Ahrori Valiyning xonaqohlari mavjud bo‘lgan. Mazkur madrasaning shu qo‘rg‘onda barpo etilishi Nodir Mirzo Tog‘ay ibn Sultonnnig Xoja Ahrori Valiyga bo‘lgan cheksiz hurmati belgisi, deb ham tushunmoq mumkin.
Madrasa loyihasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nodir Devonbegi madrasasi loyihasini ishlatishda Registon maydonidagi Sherdor madrasasining ko‘rinishidan ijobiy foydalanilgan. Bu madrasani “ikkinchi Sherdor Madrasasi”, deb ham yuritiladi. Peshtoqda sher rasmining aks ettirilishi katta hovlining chetlarida hujralarning joylashganligi bilan Sherdor madrasasining nusxasiga o‘xshaydi. Faqat bunda minoralar bunyod etilmagan.
Madrasa bir qavatli bo‘lib, o‘zida XV–XVII asrlarda keng tarqalgan hashamatli to‘rt ayvonlik usulida bunyod etilgan. Madrasa 3 ta tarkibiy qismdan iborat. Darsxona, yotoqxona, xizmatchilar xonasidan iborat.
Madrasada jami 28 ta hujralar mavjud.
Madrasaning peshtoqida qurilishining boshlanish vaqtini ko‘rsatuvchi yozuvlar mavjud bo‘lib, ular naqsh bezaklari usta Xoja Hoshim va muhandis-bunyodkor Do‘stmuhammad ijodlarining namunalaridir. Madrasa 1978-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi usta Abdug‘affor Xaqqulov tashabbusi bilan qayta ta’mirlandi.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Wikipedia / Nodir devonbegi madrasasi (Samarqand)
- Samarqand viloyat hokimligi Rasmiy veb sayti (Wayback Machine saytida 2022-09-05 sanasida arxivlangan)
- «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati. Samarqanddagi Nodir devonbegi madrasasi nima uchun “Kichik Sherdor” deb atalgan? Mahmudxon YuNUSOV, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.