Nodira qiz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nodira qiz
Nodira qiz
Ayol qoʻrboshi
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1904-yil
Buxoro amirligi Karmana bekligi Qoʻziboqar qishlogʻi
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Otasi Mulla Rahmatillaboy


Nodira qiz — (1904-yil tugʻilgan) — Karmanalik qoʻrboshi. Nodira qiz Turkistondagi milliy ozodlik harakatining faol ishtirokchisi.


Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nodira qiz 1904-yilda Karmana bekliga qarashli Qoʻziboqar qishlogʻida yashovchi Mulla Rahmatillaboy oilasida tugʻilgan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

U yoshligidan savod chiqarish bilan bir qatorda chavandozlik va merganlik kabi harbiy jang sanʼati usullarini puxta egallaydi. Nodira husnda tengsiz qiz boʻlsa ham, taqdir taqozosi bilan turmushga chiqmagan.1923-yili qizil askarlar Nodira qizning qishlogʻiga bostirib kirib, uning ikki akasini oʻldirganlar. U mazkur fojiadan keyin ikki yilcha Buxorodagi qoʻzgʻolonchilar safida boʻlib, bosqinchi qizil askarlarga qarshi janglarda qatnashadi. Karmana va uning atroflarida Nodira qizning dovrugʻi tarqalib, tillardan tushmagan. Yurt qoʻldan ketganligini koʻrgan Mulla Rahmatillaboy 1925-yili oʻz oilasini olib, Afgʻonistonga joʻnab ketishga majbur boʻlgan. Amir Olimxonning oʻgʻli Sayyid Mansur Olimiy „Buxoro — Turkiston beshigi“ asarida guvohlik berishicha, Afgʻonistonda Nodirshoh hukmronligi davrida turkistonlik muhojirlarning ahvoli nihoyatda ogʻirlashgan edi. Bu paytda Afgʻonistonga nisbatan SSSRning tazyiqi ham kuchaygan boʻlib, qizil askarlar afgʻon harbiylari libosini kiyib, Afgʻonistonda bemalol izgʻib yurganlar. Ikki afgʻon harbiyi Nodira qizning uyiga kirib, koʻz oʻngida ota-onasini oʻldiradilar va uning nomusiga tajovuz qilmoqchi boʻladilar. Bunday yovuzlikni koʻrgan Nodira qiz har ikkisini qilich bilan chopib tashlaydi[1].

Qoʻrboshilik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nodira qiz oʻz atrofida turkistonlik muhojir xotinlar va qizlarni toʻplab, ulardan maxsus guruh tuzadi. Ular Nodira boshchiligida oʻz ozodliklarini afgʻon maʼmurlaridan himoya qiladilar. Uning nomi yana Nodira qiz sifatida turkistonlik muhojirlar oʻrtasida mashhur boʻladi. 1930-yili Nodira qiz oʻz guruhi bilan Tahor viloyatining markazi Toliqonda turgan Ibrohimbek qoʻshiniga kelib qoʻshiladi. Mashhur lashkarboshi Ibrohimbek Karmananing bu jasur qizi bilan ota-bola tutinadi. 1931-yili Ibrohimbek SSSR hududiga kirganida uning qoʻshini safida Nodira qiz ham boʻlgan. Aynan uning guruhi qizil askarlarga kuchli zarbalar bergani maʼlum. Afsuski, Nodira qizning 1931-yil yozidan keyingi taqdiri hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rajabov Q. Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakati: mohiyati va asosiy rivojlanish bosqichlari (1918—1924 yillar). Toshkent: „Yangi nashr“, 2015 — 240 bet. 
  2. Ражабов Қ. Туркистон аёл қўрбошилари қисмати. “Маҳалла” газетаси. — 2002.