Kontent qismiga oʻtish

Nodirshoh

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Nodirshoh Afshordan yoʻnaltirildi)

Nodirshoh afshor, Nodirquli (1688-yil 22-oktabr - 1747-yil 19-iyun) - (1736-1747) Afshorlar sulolasi asoschisi. Kavkazdan Hind daryosigacha boʻlgan hududda imperiya tashkil qilgan.

Nodir Xurosonda tug'ilgan. Yoshligida uni Nodirquli deb chaqirishgan. Otasi turkmanlarning afshor urug'iga mansub edi. Nodirquli 18 yoshida Xorazm o'zbeklari tomonidan onasi bilan birga qul qilib haydab ketilgandi. Oradan koʻp o'tmay qullikdan qochib Xurosonga qaytib keldi va o'sha yerlarda mahalliy hokimlar qo'shinida xizmat qila boshladi. Nodirquli ikki marta qaroqchilar to'dasiga sardorlik qilgan. Nodirqulining nomi tez orada mahalliy hukmdorlarga ma'lum bo'lib, uning xizmatidan foydalanishni ko'zlashdi. Bobulbek huzurida xizmatda boʻlgan Nodirquli uning qizini o'g'irlab uylanadi. Bu nikohdan Rizoquli tug'ildi.

1722-yili Isfahonni g'ilzoylar egallashgach, Erondagi afg'onlar hukmronligi boshlandi.

Nodirning harakatlaridan xabardor boʻlgan Kelatda yashovchi amakisi uni shaharda qaroqchilik bilan shug'ullanyotgan afg'onlarni quvishga chaqirdi. Nodirquli qisqa muddat ichida shaharda tartib o'rnatdi. Keyin Mashhadga yurish qilib uni seyistonliklardan tortib oldi. Nodirning nomi butun mamlakatga tarqaldi. Shundan so'ng amakisi Nodirga qaroqchilikni tashlab bosqinchilarni mamlakatdan quvish kerakligini tushuntirdi. U shunday degan: "Faqat shu yo'l bilangina qilmishlaringni shoh oldida oqlashing mumkin, aks holda, ertami-kechmi seni sharmandali o'lim kutadi".

Nodir 1726-yili 3 ming qo'shin bilan afg'onlarga qarshi kuch to'playptgan yosh shoh Tahmasp II ga qo'shilish uchun Mozandaronga bordi. Nodirquli Eronning ba'zi hududlarini nazorat qilayotgan safaviy shohi Tahmaspdan qilmishlari uchun kechirim so'radi va yengilmas deb tasavvur qilingan afg'onlarni Erondan. quvib chiqarishda yordam berishini aytdi. Shoh uning uzrini qilib xizmatga oldi. Nodir Tahmaspni buyrug'i bilan Astrobodga yurish qildi. Nodir qo'shini Farnobodda turkmanlarni yengib Astrobodni ishg'ol qildi va ular to'plagan barcha xazinani qo'lga kiritdi. Bunga minnatdorlik ramzi sifatida Tahmasp II Nodirga sulton unvonini berdi. 1729-yili Nodirquli qo'shini Damg'on yaqinida afg'onlarni tor-mor keltirdi va Afg'onistonga surib tashladi. U o'z amakisi Kelat noibini o'ldirib afg'onlarning 7 yillik hukmronligiga barham berdi. Tahmasp Nodirni kuchayib ketishidan xavfsirab harbiy harakatlarni to'xtarishini buyurdi, biroq Nodir shoh saroyiga kelib davlatda yuqori lavozimni talab qildi. Tahmasp II unga Xuroson, Mozandaron, Seyiston va Kermon viloyatlarini topshirdi. Shuningdek, Xurosonda o'z nomidan tanga zarb qilishiga ham ruxsat etdi.

Nodirquli birozdan so'ng qo'shinini Ozarbayjon va Iroqi Arabni egallab turgan turklarga qarshi boshladi. Nodir Armonistonga g'olibona yurdi, lekin Tahmasp harbiy harakatlarga aralashdi va Nodir egallagan barcha yerlarni boy berish bilan birga Eronni bir qismini turklarga topshirishga majbur bo'ldi.

Nodir ommada turklar bilan tuzilgan sulhga nafrat uyg'ota oldi. Nodirquli 1732-yili Tahmaspni taxdan ag'darib, o'rniga balog'atga yetmagan o'g'li Abbos III ni taxtga o'tkazdi va o'zini shoh otalig'i deb e'lon qildi.

Nodirquli Eron shohi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmoniylarga qarshi kurash olib borayotgan Nodir dastlab muvaffaqiyat qozonmadi, lekin 1733-yili yangi kuch to'plab Kavkazda harakat boshladi. 1735-yilgi tinchlik sulhiga ko'ra Gruziya va Armaniston o'tdi. 1736-yili Sigovushon (hozirgi Sobirobod) shahridagi qurultoyda Nodir shohlikka saylandi, 1740-yili Abbos III ni otasi oldiga jo'natdi va oradan koʻp o'tmay Tahmasp bilan birga o'ldirtirib yubordi.

Taxtga chiqqan Nodir sunniylikning hukmdor aqidaligini rasman e'lon qildi. Bu qo'shni sunniy davlatlarni egallashda yordam berishiga ishonardi. Nodir 1737-yili Afg'onistonga bostirib kirdi. Bir yil davomida Qandahor va boshqa hududlarni bo'ysundirdi, bir qancha afg'on qabilalari Nodirshoh qo'shinini asosini tashkil etadigan bo'ldi.

Hindistonga yurish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qobulni qo'lga kiritgach Nodir Dehlidagi Boburiy hukmdor Muhammadshohdan afg'on qochoqlarini qabul qilmaslikni so'radi. Taklif inobatga olinmadi ga 1738-yili Nodir Hindistonga yurish boshladi. U yo'lida uchragan barcha yerlarni istilo qilib, Dehli yaqinida Karnala nomli joyda Boburiylarni asosiy qo'shinini yengdi.

1739-yili 8-mart kuni Nodirshoh Dehliga kirdi, uch kundan so'ng shaharda qo'zg'olon ko'tarildi. Nodirshoh askarlariga barcha aholini qirib tashlashni, shaharga esa o't qo'yishni buyurdi. Qirg'in tongda boshlanib kun yarmigacha davom etdi. Bir necha kundan so'ng Nodirshohning o'g'li Muhammadshohning qizi o'rtasidagi nikoh dabdabali o'tkazildi. 1739-yil may oyida Nodirshoh katta xazinani qo'lga kiritib Eronga qaytdi. Hindistondagi g'alabadan so'ng Nodirshoh Eron ahlosini 3 yillik soliqlardan ozod qilgandi. 1740-yili Sind viloyatidagi isyonni tinchitib O'rta Osiyoga yurish qildi. Buxoro xoni Abulfayzxon Amudaryogacha boʻlgan hududni Nodirga topshirib, uning jiyaniga qizini berdi. Qattiq qarshilik ko'rsatishiga qaramay, Xiva xoni Elbarsxon Nodirdan yengildi. 1740-yilning qishida Nodir Dog'istonga yurish boshladi. U yerda qonli janglar boshlandi. Tez orada Darband olindi, biroq Janubiy Dog'istonda Eron qo'shini kutilmagan halokatli mag'lubiyatga uchradi. Qo'shin boshlig'i Ibrohim bilan birga o'n ikki nafar zodagon, shuningdek, 32 ming kishilik lashkardan faqat 8 ming kishi tirik qoldi. 30 to'pning barchasi yo'qotildi.

1741-yil yozida Nodir 100 ming kishilik qo'shinni olib Dog'istonga yurish boshladi. Uning qo'shini yo'lida uchragan barcha yerlarni g'orat qilardi. Dog'istonning Tabasaron mintaqasida o'g'ir janglar kechdi. Tog'liklar taslim bo'lishni xayoliga ham keltirmasdi. Sentabrda Aymakin darasida Lutf Ali boshliq Eron qo'shini tor-mir keltirildi.

Turchidagda 5 kun davom etgan jangda Nodir qo'shini qaqshatqich mag'lubiyatga uchradi. Nodir orqaga chekina boshladi, Gundrival nomli joyda eroniylar yana yengildi.

1741-yil kuzida Nodir Andalalda mag'lub bo'ldi, 20 mingga yaqin askari o'ldi. 1741-1743- yillardagi Janubiy Dog'istonga yurish Eronga katta zarar keltirdi.

1745-yili Darband yaqinida Eron qo'shini tor-mor etildi. Birozdan so'ng Darband xonligi Eron shohligidan mustaqil bo'lib oldi. Nodir Dog'istonga qarshi yangi yurishga tayyorlana boshladi.

1743-yili Nodir katta o'g'li Rizoqulidan shubhalanib uni ko'r qildi, 50 nafarga yaqin zodagonni ham qatl ettirdi. Shundan so'ng to'xtovsiz qatag'onlar davri boshlandi va Nodir tuzgan davlatning uzoqqa bormasligi oydinlashib qoldi.

Usmoniylarga qarshi urush Nodir uchun muvaffaqiyatli kechsi-da, mamlakat ichkarisida norozilik kuchayib borardi. Shoh aholidan kechib yuborilgan 3 yillik soliqni undira boshladi, shuningdek, ashaddiy shialarni ta'qib qilib qatl ettirishga kirishdi.

Nodir qo'shinidagi barcha forslarni qirib tashlashga qaror qildi, lekin o'ziga suiqasd uyishtirilib, sarkardalaridan biri Solihbey tomonidan 1747-yili 9-may kuni o'ldirildi. Yangi saylangan Shoh Ali Nodirni uning buyrug'i bilan o'ldirilganini ma'lum qildi. Nodirshoh vafot etgach, u tuzgan imperiya sarkardalari o'rtasida bo'lib olinadi.

Sharqning mashhur sulolalari. Vohidov Sh., Qodirov A.