Kontent qismiga oʻtish

Gruziya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Gruziya Respublikasi
საქართველო
Sakartvelo
Shiorძალა ერთობაშია (Kuch birlikda)
Madhiya: თავისუფლება;Tavisupleba (Ozodlik)
Location of Gruziya
Poytaxt Tbilisi
Eng katta shahar Tbilisi, Kutaisi, Batumi, Rustavi
Rasmiy til(lar) gruzincha (gurjincha)
Hukumat Parlamentar-prezidentlik respublika
• Prezident
Salome Zurabishvili
• Bosh vazir
Georgi Gaxaria
Mustaqillik (Sovet Ittifoqidan)
• Sana
9-aprel 1991
Maydon
• Butun
69 700 km2 (118-oʻrin)
• Suv (%)
<1
Aholi
• 2015-yilgi roʻyxat
3 729 500 (130-oʻrin)
• Zichlik 65/km2
YIM (XQT) 2014-yil roʻyxati
• Butun
34,209 million $ (110-oʻrin)
• Jon boshiga
7 139 $
Pul birligi Lari (GEL)
Vaqt mintaqasi UTC+4
Qisqartma GE, GEO
Telefon prefiksi 995
Internet domeni .ge

Gruziya yoki Gurjiston, rasman Gruziya Respublikasi (gruzincha: საქართველო [sɑkʰɑrtʰvɛlɔ], Sakartvelo) – Kavkazortining markaziy va garbiy qismlarida, Qora dengizning sharqiy qirgʻoqida joylashgan mamlakat. Qisman Sharqiy Yevropaning eng chekka janubi-sharqiy qismida, qisman Yaqin Sharqning shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Umumiy maydoni 69 700 km²2. Aholisining umumiy soni 3 729 500 kishi (2015). Poytaxti – Tbilisi shahri.

Shimolda Rossiya, janubda Armaniston, janubi-gʻarbda Turkiya, sharqda va janubi-sharqda Ozarbayjon bilan chegaradosh. Gruziya maʼmuriy hududiy boʻlinish boʻyicha 2 ta muxtor respublika va 10 ta viloyatdan iborat (gruzincha: მხარე / mxare). Ushbu muxtor respublikalar va viloyatlar 59 ta munisipalitetga boʻlingan. 4 ta shahar: Batumi, Kutaisi, Poti va Rustavi viloyatlar huquqiga ega. Gruziya hududiga kiruvchi 2 ta muxtor respublika: Abxaziya va Janubiy Osetiya de-fakto qisman tan olingan mamlakatlar hisoblanadi va ushbu respublikalar hududlari Gruziya tomonidan de-fakto boshqarilmaydi. Ushbu hududlar Gruziya, AQSH, YXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa komissiyasi tomonidan Rossiya okkupatsiyasidagi Gruziya hududlari deb tan olingan.

Ushbu mamlakatning nomi gruzin tilida – საქართველო (Sakartvelo deb oʻqiladi va talaffuz qilinadi). Ushbu nom tarixiy Katli viloyatiga borib taqaladi. Koʻp tillarda, shu jumladan rus va oʻzbek tillarida keng tarqalgan Gruziya soʻzi qadimgi Gurjan soʻzidan kelib chiqgan. Gurjan soʻzi arab, fors, suryoniy va boshqa tillardagi tarixiy qadimiy qoʻlyozmalarda uchraydi. Ushbu soʻz, arab va fors tillaridagi gurj (Gurjiston – boʻrilar mamlakati) soʻzi orqali paydo boʻlgan[1]. Yevropa va Amerikada keng tarqalgan Georgia (Jorjiya) soʻzi olimlar tomonidan katta ehtimol bilan Avliyo Georgiy nomidan kelib chiqishi aytiladi[2]. Ushbu mamlakatning oʻzbek tilidagi nomlanishi katta bahs va munozaralarga boy. Oʻzbek tilida ushbu mamlakatning ikki xil nomlanishi mavjud: Gruziya va Gurjiston. Oʻzbek tilidagi kitoblar, jurnallar, gazetalar, televideniye va radioda asosan Gruziya atamasi keng qoʻllanib kelinadi. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida ham ushbu mamalakatning nomi Gruziya deb belgilangan. Gurjiston atamasi asosan baʼzi oʻzbek shoirlari va yozuvchilari orasida, shuningdek Oʻzbekiston hududidan tashqaridagi oʻzbek tilidagi baʼzi OAVlarda tarqalgan.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili

Gruziya – demokratik respublika. 1995-yilda qabul qilingan konstitutsiyaga binoan davlat va ijroiya hokimiyat boshligʻi – prezident (2018-yil 16-dekabrdan Salome Zurabishvili). U aholi tomonidan umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyat – parlament.

Gruziyaning fizik xaritasi

Gruziya tabiati xilma-xil. Hududi baland va oʻrtacha balandlikdagi togʻlar, tepalik, pasttekislik, yassitogʻlik va platolardan iborat. Respublikaning shimoli Katta Kavkaz (gurjincha Kavkasioni)ning oʻrta qismi bilan band. Gruziyaning eng baland nuqtasi – Shhara togʻi (5068 m). Katta Kavkazning Gruziyadagi gʻarbiy qismida karst relyef shakllari uchraydi. Sharqida yosh vulkan togʻlari bor. Katta Kavkazning janubdagi Kolxida va Iveri tekisliklarini Lix tizmasi ajratib turadi. Yana ham janubroqda Kichik Kavkazning Gruziya qismidagi oʻrtacha togʻ (2850 m) tizmalari kenglik boʻylab choʻzilib yotadi. Respublikaning eng janubiy chekkasi vulkan togʻligi (Didi-Abuli togʻi, 3301 m) bilan band[3].

Iqlimi subtropik iqlim bilan moʻtadil iqlim orasida. Kolxida pasttekisligida dengiz sathidan 500 – 600 m balandlikkacha nam subtropik iqlim (yanvarda harorati 5 – 7 °C) boʻlib, yogʻin koʻp yogʻadi (1200 – 2600 mm). Iveri botigʻida yanvarning oʻrtacha harorati – 2 °C dan —3 °C gacha, qish bilan yoz harorati oʻrtasida tafovut katta[4], yogʻin kamroq (300 – 800 mm). Eng issiq oy – avgust harorati 23 °C – 26 °C. Gruziyaning janubdagi togʻlikda iqlim ancha kontinental boʻlib, qishi qattiq sovuq, ozroq qor yogʻadi[5].

Foydali qazilmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Foydali qazilmalardan marganes rudasi (Chiatura koni), toshkoʻmir (Tkibuli, Tkvarcheli) va neft (Kolxida va Tashqi Kaxeti), Katta Kavkazda nodir metall, polimetall va surma-mishyak konlari bor[6]. Qurilish materiallari (marmar, slanes, sement xom ashyosi va boshqalar) deyarli hamma joyda uchraydi[7].

Ichki suvlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Aragvi

Gruziya oʻzining xilma-xil maʼdanli suvlari bilan ajralib turadi; bu jihatdan dunyoda yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Maʼdanli suvlar kimyoviy tarkibi boʻyicha gidrokarbonatli, xloridli, sulfatli va aralash guruhlarga, gaz miqdorining boʻlishiga qarab karbonat angidridli va nokarbonat angidridli turlarga boʻlinadi. Eng mashhur maʼdanli suvlari: Borjomi, Sairme, Nabeglavi, Zvare, Dzau, Lugela va boshqalar. Gruziya daryolari Qora va Kaspiy dengizlari havzasiga mansub. Kura Kaspiyga, Rioni, Inguri, Kodori va boshqalar. Qora dengizga quyiladi. Gruziya gidroenergiya resurslariga boy. Gruziyada koʻl kam. Eng kattasi – Paravani (maydoni 37 km2); Ritsa (chuqurligi 116 m) va Amtkel (chuqurligi 72 – 122 m). Tabatskuri, Palestomi va boshqa koʻllarda baliq ovlanadi.

Gruziyada qizil, sariq, qora, qoʻngʻir, jigarrang va kul tus-jigarrang tuproqlar uchraydi. Togʻ oʻrmonlarida qoʻngʻir oʻrmon tuproq, togʻ oʻsimliklari oʻsadigan joylarda – togʻ-oʻtloqi tuproq. Kolxida pasttekisligida botqoq va sargʻish kulrang podzol tuproqlar katta maydonni egallaydi.

Oʻsimliklari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gruziyada 4500 turdan koʻproq gulli va 10000 ga yaqin sporali oʻsimlik bor. Relikt va endemik oʻsimliklar (dioskoreya, pontiya va Kavkaz rododendronlari, shamshod, lavr-olcha, xurmo va b.) koʻp. Maydonining 2/5 qismi oʻrmon. Togʻ oʻrmonlarida eman, grab, kashtan, qoraqayin, togʻlarning yuqori mintaqalarida qaragʻay, oqqaragʻay, qoraqaragʻay oʻsadi. Oʻrmonlarning yuqori chegarasidan 2800 – 3500 m balandlikkacha togʻ oʻtloqlari uchraydi.

Katta Kavkazning oʻtloq mintaqasida togʻ echkilari – serna, bezoar echkisi, togʻ takasi, qushlardan Kavkaz togʻ kurkasi (ular), oʻrmonlarda qoʻngʻir ayiq, asil bugʻu, elik, silovsin uchraydi. Umuman Gruziyada sut emizuvchilarning 100 ga yaqin turi, qushlarning 330, sudraluvchilarning 48 va baliqlarning 160 ga yaqin turi mavjud. Tbilisi tabiiy milliy bogʻi, qoʻriqxonalar bor.

2015-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, Gruziya aholisining umumiy soni 3 729 500 kishini tashkil etadi. 2014-yilda ushbu koʻrsatkich 4 483 800 kishini (Abxaziya va Janubiy Osetiya hisobga olinmagan) tashkil etgan edi. 2002-yilgi butundavlat aholi sonini sanashda, Gruziya aholisi soni 4 369 579 kishini tashkil etgan edi. 1 km2da aholining oʻrtacha zichligi – 65 kishini tashkil etadi. Aholining 60% koʻprogʻi shaharlarda istiqomat qiladi.

Mamlakat aholisining asosiy qismini (83,5%) gruzinlar (gurjlar) tashkil etadi. Aholining 6,7% ozarbayjonlar, 5,7% armanlar, 1,9% ruslar tashkil etadi. Qolgan milliy ozchiliklar: osetinlar, abxazlar, yezidlar, yunonlar, chechenlar, ukrainlar va boshqalar. Gruzinlarning 1,6 millioni (butun gruzinlarning 27%zi) Gruziya hududidan tashqarida yashaydi.

Gruziya davlat tili gruzin (gurj) tili. Ushbu til mamlakatdagi eng keng tarqalgan til hisoblanadi. Ozarbayjon, arman va rus tillari ham mamlakatda keng tarqalgan. Soʻngi yillarda ingliz tili ham ommabop tillardan biriga aylandi.

Eʼtiqod boʻyicha aholining asosiy qismini gruzin pravoslavlari tshkil etadi. Shuningdek mamlakatda protestantlar va lyuteranlar, katoliklar va musulmonlar mavjud.

Irakliy II

Arxeologik qazilmalar bu yerda odam paleolit davridan boshlab yashab kelayotgani haqida maʼlumot beradi. Neolit davrida Gruziya hududida matriarxalurugʻchilik tuzumi boʻlib, eneolit davri va jez davrining boshlaridan (mil. av. 5 – 3-ming yillik) patriarxal-urugʻchilik tuzumi shakllangan. Jez davrining oxirlarida (mil. av. 1-ming yillikdan) urugʻchilik munosabatlari yemirilib, quldorlik jamiyati yuzaga kelgan. Mil. av. 2-ming yillikning oxirlarida gurj kabilalarining yirik uyushmalari vujudga keladi. Mil. av. 6-asrda Kolxida (Gʻarbiy Gruziya), mil. av. 5 – 4-asrlarda Iberiya yoki Kartli (Sharqiy, qisman Janubiy Gruziya) qirolligi tashkil topdi. Shundan Gruziya nomi Sakartvelo (kartvelilar tilida gurj davlatining nomi) kelib chiqqan. 523-yil Eron Iberiyani bosib olib, bu yerga oʻz noibini tayinlagan. Sosoniylar sulolasi inqirozga uchragach, Iberiya Eronga tobelikdan qutuldi va hokimiyat mahalliy hukmdorlar qoʻliga oʻtdi. 7 – 8-asr boshlarida Gruziyaning deyarli hamma yerlarini arablar bosib olgan. Arablar hukmronligiga qarshi gurj, alban va armanlar birgalikda kurash olib bordilar. 8 – 10-asrlarda alohida-alohida qirolliklar (Kaxeti, Tao-Klarjeti, Abxaziya qirolligi) vujudga keldi. Qirolliklar oʻrtasida boshlangan oʻzaro kurash 10-asrning 2-yarmi va 11-asrning boshlarida Gruziya yerlarini qirol Bagrat III (975 – 1014) boshchiligida yagona davlatga birlashtirish bilan tugadi. Qirol Xoeyd „Quruvchi“ davri (1089 – 1125)da Gruziya saljuq turklariga qarshi kurashib, Zakavkazyening koʻpgina qismini ozod qildi. Georgiy III (1156 – 84) va Tamara (1184 – 1213) Qirolliklari davrida Gruziya Yaqin Sharqdagi eng kuchli davlatlardan biriga aylandi, siyosiy-iqtisodiy va madaniy ravnaqqa erishdi, 12-asrga kelib, siyosiy hokimiyat markazlashtirildi[8], qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi ancha rivojlandi, shaharlarda hunarmandchilik va savdo ishlari taraqqiy etdi. Madaniyat va sanʼat ham ravnaq topdi. 1226-yilda xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi Gruziyani egalladi. 13-asrning 2-choragidagi moʻgʻullar istilosi Gruziyaning siyosiy birligiga, xoʻjaligiga putur yetkazdi. 14-asrning 2-yarmida Gruziya Amir Temur qoʻliga oʻtdi. 16 – 18-asrlarda Gruziyaga Eron va Turkiya bostirib kirdi. Ichki kurash kuchaydi, natijada Gruziya bir necha mustaqil davlatga (Kartli, Kaxeti, Imereti qirolliklari va Samsxe, Guriya, Svaneti, Abxazeti knyazliklariga) ajralib ketdi. 18-asrning 2-yarmidan Kartli-Kaxeti davlati ancha kuchaydi. Iraqliy II eng yirik knyazliklarni oʻziga boʻysundirib, davlatni qaytadan tiklash, xoʻjalik va savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish yoʻlida koʻp tadbirlar koʻrdi[9].

17 – 18-asrlarda Gruziyada adabiyot va tarixshunoslik jonlandi, kitob nashr etila boshladi. 18-asrning 2-yarmida Rossiya-Gruziya munosabatlari vujudga kela boshladi: 1783-yil Georgiyevsk shahrida Rossiya bilan Kartli-Kaxeti qirolligi oʻrtasida doʻstlik shartnomasi tuzildi. Biroq, Rossiya imperiyasi shartnomada belgilangan majburiyatlarini buzib, 1801-yil Sharqiy Gruziyani, 1803 – 1864 yillarda Gʻarbiy Gruziyani ham bosib oldi. Bu esa ochiqdan-ochiq bosqinchilik edi, mana shu xiyonatkorlik sababli Imereti qirolligi va Gruziya knyazliklari tugatildi.

Gurj xalqi milliy davlatchilikni tiklash uchun, ruslashtirish siyosatiga qarshi kurashdi, bir qancha isyonlar koʻtarildi. Shu bilan birga Gruziya yerlarini qisman birlashtirish imkoniyati tugʻildi.

19-asrning 2-yarmidan gurj xalqi milliy ozodlik harakatining yangi bosqichi boshlandi. Ammo Gruziyaning milliy davlatchiligini qayta tiklash masalasi Rossiyadagi 1917-yil Fevral inqilobidan, ayniqsa bolsheviklarning Oktabr toʻntarishidan soʻng qatʼiy qilib qoʻyildi.

Bolsheviklar Rossiyadagi hokimiyatni qoʻlga olganidan keyin Zakavkazyening nufuzli siyosiy kuchlari Shoʻro hokimiyatini tan olmadilar va 1917-yil noyabrda mustaqil boshqaruv (Zakavkazye komissarligi)ni oʻrnatdilar. Natijada Zakavkazye Federatsiyasi shakllandi, biroq uning tarkibiy qismlari iqtisodiy va siyosiy manfaatlari har xilligi, shuningdek, Turkiya bilan munosabatlar keskinlashganligi sababli federatsiya yashashga noqobil boʻlib chiqdi va tez orada barbod boʻldi. Gruziya hududining bir qismi (Batumi, Ozurgeti, Axalsixe)ni Turkiya egallab oldi.

Gruziyaning 1-milliy qurultoyi tomonidan 1917-yilda saylangan vakolatli xalq organi – Gruziya Milliy Kengashi 1918-yil 26-mayda mamlakatni mustaqil deb eʼlon qildi va Gruziya Demokratik Respublikasini tuzdi. 1919-yil martda Milliy Kengash taʼsis majlisiga aylantirildi. Respublika hukumati davlat chegaralarini belgiladi, gurj tilini davlat tili deb eʼlon qildi, maktablarni davlat ixtiyoriga oldi, davlat boshqaruv idoralari va sudlov ishlarini isloh qildi, mayda millatlar uchun maktablar ochdi va hakazo. 1921-yil 21-fevralda Taʼsis majlisi Gruziya Demokratik Respublikasining konstitutsiyasini qabul qildi. Biroq tez orada bolsheviklar Rossiyasi Gruziya mustaqilligini tan olish toʻgʻrisida 1920-yil 7-mayda oʻzi imzolagan shartnomani buzdi va 1921-yil 25-fevralda Qizil Armiya Tbilisi shahrini ishgʻol qildi. Gruziya hukumati aʼzolari chet elga ketishga majbur boʻldi. Gruziya yana zabt etildi va bolsheviklar hukmronligi davrida 1922-yildan 1936-yilgacha Zakavkazye Sotsialistik Federativ Sovet Respublikasi, 1936-yil 5-dekabrdan esa bevosita sobiq SSSR tarkibiga kirdi.

Sovet hokimiyati davrida tuzilgan davlat muassasalari rasmiy tusda boʻlib, hamma ish Moskva koʻrsatmasi bilan qilinardi. Mustabid tuzumning shafqatsizliklariga qaramay, gurj xalqi milliy mustaqillik uchun kurashni toʻxtatmadi, faqat kurash usullarigina oʻzgardi. 1924, 1953 va 1989-yillardagi gʻalayonlar armiya yordamida bostirildi. 1990-yil oktabrda Gruziya Oliy Kengashi mamlakat nomini Gruziya Respublikasi deb atash toʻgʻrisida qonun qabul qildi, davlat gerbi, bayrogʻi va madhiyasi matni hamda musiqasi oʻzgartirildi. 1991-yil 9-aprelda Gruziya davlat mustaqilligi tiklandi. 1991-yil aprelda Oliy Kengash tomonidan Gruziya Respublikasi prezidenta lavozimi taʼsis etildi, may oyida Z. Gamsaxurdia prezident etib saylandi. 1992-yil yanvarda ichki siyosiy kuchlarning qarama-qarshiligi va aholi koʻpchilik qismining prezident olib borayotgan siyosatdan noroziliklari tufayli shu paytda tuzilgan Harbiy Kengash Z. Gamsaxurdiani lavozimidan chetlashtirdi. 1992-yil martda Harbiy Kengash tugatilib, E. Shevardnadze boshchiligida Davlat kengashi tashkil etildi. 1992-yil 11-oktabrda boʻlib oʻtgan umumxalq saylovlarida Gruziya Respublikasi parlamentining yangi tarkibi va raisi, 1995-yil 5-noyabrda mamlakat prezidenta saylandi. Gruziya – 1992-yildan BMT aʼzosi. 1993-yilda u MDHga aʼzo boʻlib kirdi. Oʻzbekiston bilan Gruziya oʻrtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yil 16-martda oʻrnatilgan. Milliy bayrami 26-may – Davlat mustaqilligi qayta tiklangan kun.

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gruziya fuqarolari parlament ittifoqi (raisi E. Shevardnadze)[10], Demokratik tiklanish ittifoqi (raisi A. Abashidze), Milliy-demokratik partiya (raisi I. Sarishvili), Sotsialistik partiya (raisi V. Rcheulishvili), Xalq partiyasi (raisi M. Georgadze), Leyboristlar partiyasi (raisi Sh. Natelashvili) va parlamentdan tashqari ish yurituvchi yana bir necha partiya bor. Erkin kasaba uyushma birlashmalari ishlab turibdi[11].

Gruziya sanoati va qishloq xoʻjaligi rivojlangan mamlakat. Milliy daromadda sanoatning ulushi oʻrtacha 34 %, qishloq xoʻjaligi ulushi 29 %. Marganes rudalar, ferroqotishma, poʻlat quvur, elektrovoz, yuk avtomobillari, metall qirqish stanoklari ishlab chiqarish yetakchi tarmoqlardir.

"Borjomi" mineral ichimlik suvi

Gruziya sanoati tarkibida keyingi vaqtlarda ogʻir sanoat tarmoqlari muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Oziq-ovqat sanoati ham asosiy oʻrinda turadi. Yengil sanoat, mashinasozlik va metallsozlik tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Yirik transport, elektrotexnika va vibratsiya mashinalari[12], payvandlash apparatlari, elektrotexnika buyumlari, hisoblash texnikasi priborlari, suv osti kanotli katerlar ishlab chiqariladi. Elektr energetikasi gidroelektr stansiyalar va yoqilgʻi bilan ishlaydigan stansiyalardan iborat (Inguri GES, Rioni GES, Xrami GES va Tbilisi, Tkvarcheli GRESlari)[13]. Yiliga oʻrtacha 13,4 mlrd. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Tkibuli va Tkvarchelida koʻmir qazib chiqariladi[14]. Chiaturidagi katta marganes koni negizida konchilik sanoati rivojlangan. Marneulidagi mis-polimetall rudalarini qazib olish va boyitish asosida yangi tarmoq vujudga keltirildi[15].

Ikkinchi jahon urushidan keyin Rustavida metallurgiya zavodi qurib, ishga tushirildi. Turli quvur va prokat asosiy metallurgiya mahsulotidir[16]. Rustavi azotli oʻgʻit, kaprolaktam va sintetik tola zavodlari va boshqa korxonalar kimyo sanoatini tashkil qiladi. Tbilisi, Kutaisi[17]; dolya naseleniya, jivuщego za chertoy bednosti, – 31 % (2006)[15], Batumi va boshqa shaharlarda mashinasozlik va metallsozlik korxonalari, yirik elektrovozsozlik, avtomobilsozlik, stanoksozlik, asbobsozlik va elektrotexnika mahsulotlari zavoddlari mavjud. Kaspi, Rustavidagi qurilish materiallari korxonalari sement[18], shifer, blok, yigʻma temir-beton[19][20], gisht, cherepitsa va boshqa ishlab chiqaradi. Tbilisi, Kutaisi, Batumi, Gori shaharlaridagi yengil sanoat korxonalarida ipak, jun, ip gazlama, trikotaj, charm poyabzal va boshqa ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat sanoatida choy, vino, konyak, shampan vinolari, tamaki, sabzavot va meva konservalari ishlab chiqarish salmoqli oʻrin tutadi. Mahalliy maʼdanli buloqlardan, ayniqsa Borjomi bulogʻidan chiqadigan shifobaxsh suvlarni shishalarga quyish yoʻlga qoʻyilgan[21][22][23].

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dehqonchilik – Gruziya qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi. Mamlakat jami hududining 16,1 % ga ekin eqiladi. Eng muhim ekini – choy (66 ming ga dan ortiq). Subtropik zonada sitrus (mandarin, apelsin, limon), subtropik mevalar (xurmo, anor, mushmula, feyxoa), tung (yuqori sifatli moy olinadigan oʻsimlik), asil lavr, bambuk va boshqa oʻstiriladi. Tokchilik – Gruziya qishloq xoʻjaligining qadimgi tarmogʻi. Gruziyada uzumning 400 dan ortiq navi bor. Uzum asosan Kaxeti, Imereti va Racha-Lechxumi tumanlarida yetishtiriladi. Rezavor mevalar ham koʻp miqdorda eqiladi[10]. Donli ekinlardan makkajoʻxori, arpa, bugʻdoy, texnika ekinlaridan tamaki, kungaboqar, qand lavlagi, efir moyli ekinlar, sabzavot va kartoshka anchagina maydonni egallaydi[24].

Chorvachiligi asosan goʻsht-sut va goʻshtjun yetishtirishga ixtisoslashtirilgan; qoramol, choʻchqa, qoʻy, togʻli tumanlarda echki boqiladi. Koʻpgina tumanlarda parrandachilik va pillachilik rivojlangan[11].

Transporti mamlakat relyefi va iqlimiga, gidrografiya tarmogʻi, aholi zichligi, harakat tartibi va joylashuviga moslab uyushtirilgan. Elektrlashtirilgan temir yoʻl uzunligi – 1,6 ming km ga yaqin. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari uzunligi – 21,6 ming km, jumladan qattiq qoplamali yoʻl – 20,3 ming km. Dengiz transporti rivojlangan. Asosiy dengiz portlari: Batumi, Poti. Tbilisi, Kutaisi, Suxumi, Batumida aeroportlar, koʻpgina tumanlarda mahalliy aeroportlar bor. Boku – Batumi neft quvuri, Shim. Kavkaz – Ozarbayjon gaz quvuri Gruziya hududidan oʻtgan. Tbilisida metropoliten qurilgan. Yuk va yoʻlovchi tashiladigan osma yoʻllar tizimi mavjud. Gruziyadagi iqtisodiy beqarorlik va Gruziya – Abxaziya mojarosi oqibatida tashqi savdo tanazzul holatiga tushib qoldi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon. Pul birligi – lari.

Sogʻliqni saqlash

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kurort xoʻjaligi va sayyohlikka katta ahamiyat beriladi. Gruziyaning togʻ va dengiz iqlimi birga qoʻshilib, koʻpgina dardlarni davolash uchun yaxshi sharoit yaratadi. Dengiz boʻyidagi past togʻ va oʻrta togʻ mintaqalari iqlimi yordamida davolash ayniqsa samaralidir. Boy va xilma-xil oʻsimlik dunyosi – qaragʻay, bukigna bargli va aralash keng bargli oʻrmonlar tabiat qoʻynida hordiq chiqariladigan va sogʻliqni tiklaydigan rohatijon maskanlar hisoblanadi. 80 ga yaqin kurortda har yili 2 mln.ga yaqin kishi dam oladi. Bir qancha sayyohlik bazalari va marshrutlari mavjud. Shifobaxsh buloqlar, balchiq va kare togʻlaridan ham tibbiy maqsadlarda foydalaniladi. Eng mashhur kurortlari: Gagra, Pitsunda, Yangi Afon, Suxumi, Maxinjauri, Kabule, Abastumani, Gudauri, Sxaltubo, Menji, Shovi, Borjomi va boshqalar.

Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi yunon tarixchilari bergan maʼlumotlariga koʻra, Gruziya hududidagi davlatlarda maorif antik davr namunasida tashkil etilgan. 3-asrning 2-yarmida asos solingan Kolxida oliy ritorika maktabi (Kolxida akademiyasi) maorifni rivojlantirish sohasida koʻp ish qildi. 4-asrda xristianlik davlat diniga aylangach, cherkov va monastirlar huzurida maktablar ochildi. Biroq, chet ellik istilochilarning bosqinlari gurj madaniyati rivojini uzoq vaqt toʻxtatib qoʻydi. 13-asrga kelib, katta fan va maorif markazlari – Gelat (Gʻarbiy Gruziya) va Ikaltey (Sharqiy Gruziya) akademiyalari barpo etildi. 17-asr 2-yarmidan chet ellarda gurj alifbo va daryoliklari bosila boshladi. Gruziya davlatchiligi tugatilgach (1801), maorif tizimi Rossiya namunasi asosiga oʻtkazildi. 2000-yil Gruziyadagi 3500 dan koʻproq umumiy taʼlim maktabi va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida 850 mingga yaqin bola oʻqidi. Gurj va abxaz maktablari bilan bir qatorda rus, arman, ozarbayjon va osetin maktablari ham mavjud. Gruziyada 19 oliy oʻquv yurti, jumladan Tbilisi va Suxumi universitetlari, politexnika, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va boshqa institutlar bor. 2000-yil Gruziyadagi oliy oʻquv yurtlarida 100 mingdan koʻproq talaba taʼlim oldi. 200 ga yaqin pullik oliy maktablar ham mavjud. Asosiy ilmiy kuchlar Gruziya Fanlar akademiyasiga birlashgan. 2000-yil Gruziyada NO muzey ishladi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gruziyada 250 gazeta, 84 jurnal hamda 200 nashriyot, 13 axborot agentligi faoliyat koʻrsatadi. Ammo 15 tacha gazeta va jurnal muntazam ravishda chiqib turadi. Eng yirik rasmiy gazetalari: „Sakart-velos Respublika“, „Svobodnaya Gruziya“, „Vecherniy Tbilisi“. Nohukumat nashrlari: „Kavkasioni“, „Droni“, „Jorjian tayme“, „Iveriya-ekspress“, „Mimomxilveli“, „Rezonansi“, „Axalgazrda Iverieli“ va boshqa gazetalar. Gruziyada telekoʻrsatuvlar 1956-yildan boshlangan. Davlat televideniye va radioeshittirish korporatsiyasi, „Sakinform“ milliy axborot agentligi, „Imrinda“, „Bi-EsPress“, „BGI“ mustaqil agentliklari, „Kavkasioni“, „Iberviziya“ xususiy telekompaniyalari mavjud.

Adabiyoti xalq ogʻzaki ijodiyoti namunalari yerida paydo boʻlgan. Dahriy Amirani haqidagi epos mil. av. 3-asrdayoq maʼlum boʻlib, uning koʻp nusxalari hozirgacha yetib kelgan. Oʻrta asrlarda „Eteriani“ (shahzoda Abesalomning podachi qiz Eteriga muhabbati haqida), „Areshidze knyazligining mahv etilishi“. „Arsen haqida qoʻshiq“ dostonlari yaratilgan. Mil. 5-asrda cherkov adabiyoti rivojlandi. 10-asrda Georgiy Mechulining avliyolar haqidagi „Grigoriy Dandzteli tirikchiligi“ (951) asari paydo boʻldi. Qadimgi Gruziya adabiyotida 12-asr taraqqiyot davri boʻldi. Qahramonlik-gʻaroyibot hikoyalari („Ameriani – Daryojaniani“), romanlar („Visramiani“), madhiya dostonlari („Abdul-Messiya“, „Tamariani“) paydo boʻldi. Shota Rustavelining „Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon“ dostoni ham shu davrda yaratilgan.

17—18-asrlarda gurj xalqi siyosiy birlashishga intildi. Bu davrda „Afsonalar hikmati toʻgʻrisida“ nomli masallar toʻplamining muallifi Sulxansaba Orbeliani, „Gruziya musibatlari“ dostonining muallifi David Guramishvili, muhabbat lirikasi ustasi Besarion Gabashvili ijodi salmoqli oʻrin tutadi. 19-asrgacha boʻlgan Gruziya adabiyotida Sharq, birinchi navbatda fors adabiyoti anʼanalarining taʼsiri kuchli edi. 19-asrning 1-yarmida Gruziya Rossiya tomonidan bosib olingach, Yevropa madaniyati bilan mustahkam aloqa oʻrnatildi. Yosh gurj adiblari romantizm gʻoyasini dadil qabul qildilar. Milliy ozodlik va ijtimoiy adolat gʻoyalarini kuylagan shoir A. Chavchavadze 19-asr Gruziya adabiyotida romantizmni boshlab berdi. Bu anʼanani Gruziya Orbeliani, N. Baratashvili davom ettirdi. 19-asrning 2-yarmidan boshlab adabiyotda realizm tamoyillari paydo boʻldi. Komediyalar muallifi, Gruziya teatrining asoschisi G. Eristavi realizmning taniqli vakili edi. 19-asr 60-yillaridagi ijtimoiy vaziyat adabiyotning ravnaq topishiga imkon berdi. Tanqidiy realizm adabiyotda asosiy yoʻnalish boʻlib qoldi. Milliy ozodlik harakati gʻoyalarini I. Chavchavadze kuyladi („Sharpa“, „Yoʻlovchi xotiralari“ dostonlari, „Insonmi u“ qissasi va boshqalar). 19-asr 80-yillarida Gruziya adabiyotiga A. Kazbegi vaVaja Pshavela kirib keldi. A. Kazbegi qissalarida („Elguja“, „Padarkush“, „Xevisberi Gocha“) togʻlik gurjlar hayoti rang-barang boʻyoqlarda tasvirlangan. Vaja Pshavela dostonlari („Baloxoʻr“, „Mehmon va mezbon“, „Aluda Ketelauri“, „Baxtrioni“), lirikasi va nasriy asarlarida oʻsha davrning falsafiy va axloqiy muammolari oʻz ifodasini topdi. 19-asr 90-yillarida Gruziya adabiyotida ijtimoiy hayotni qayta qurish masalalari markaziy oʻrinni egalladi. E. Ninoshvili, D. Kladiashvili oʻz asarlarida kambagʻal qishloq hayotining ayanchli manzarasini, dehqonlarning ogʻir hayotini tasvirladilar. 1917-yil oktabrdagi davlat toʻntarishidan oldingi yillarda realistik adabiyot anʼanalarini Sh. Dadiani va N. Lordkipanidzelar davom ettirdi. Gruziyada sovet hokimiyati oʻrnatilgandan keyin, bu yerda ham proletar madaniyati deb atalgan madaniyatni qaror toptirishga kirishildi, u har qanday hodisani tor sinfiy nuqtai nazardan baholardi. Ammo isteʼdodli gurj yozuvchilari bunday cheklanishni bartaraf etib, haqiqiy badiiy asarlar yaratishdi. Bular – Paolo Yashvili, Titsian Tabidze, Grigol Rokabidze, Simon Chikovani, Iraqliy Abashidze, Lado Asatiani, Nodar Dumbadze, Mixail Javahishvili, Konstantine Gamsaxurdia, Polikarpe Kakabadze, Leo Kiacheli, Georgiy Leonidze, Iosif Grishashvili va boshqalar Anna Kalondadze, Grigol Abashidze, Chabua Amirejibi. Otar Chiladze asarlari oʻquvchilar orasida keng tarqalgan.

Gruziya adabiyotining ajoyib namunalari oʻzbek tiliga tarjima qilingan: Shota Rustavelining „Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon“ dostoni, I. Abashidze dostonlari, N. Baratashvili va boshqalarning sheʼriy asarlari, N. Dumbadzening „Abadiyat qonuni“, „Quyoshni koʻrayapman“ romanlari va hakazo.

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gruziya hududida qadimgi manzilgohlar eneolit (Shulaveris tepa shahar harobasi), jez va ilk temir davri (Natsar tepa, Trialeti, Samtavro qoʻrgʻonlari)ga oid. Msxeta akropoli, Vani shahri harobalari saqlangan (mil. av. 1-ming yillikning 2-yarmi va mil. dastlabki asrlar). Qadimgi „darbazi“ tipidagi toʻgʻri toʻrtburchak tarxli va tomi yogʻochdan gumbazsimon, pogʻonali gvir-gvini uylari keng tarqalgan. Xristian dinining qabul qilinishi (1—5-asrlar), yer egaligi munosabatlarining rivojlanishi natijasida shaharlar (Ujarma, Tbilisi) atrofiga istehkomlar qurilgan. Bazilika shaqlidagi cherkovlar saqlangan (Bolnis Sioni, 478 – 493 yil va boshqa). 6-asr 2-yarmidan markazi gumbazli 4 apsidali binolar (Jvari ibodatxonasi, Ateni Sioni va boshqalar) qurildi. 10-asr oʻrtalari va 13 – 14-asrlarda yangi shaharlar qurildi, koʻpgina qad. shaharlarda qalʼalar, yirik monastir ansambllari, soborlar qad koʻtardi. Binolar toʻgʻri toʻrtburchak tarhli, xochsimon gumbazli, old tomoni toqiravoqli, oʻymakori shaklda bezatilib, ichki devorlari va gumbaz ostita rasmlar tushirildi (Kutaisidagi Bagrata ibodatxonasi, 10 – 11-asrlar, Msxetadagi Alaverdi va Svetitsxoveli soborlari, 11-asr va boshqalar). 14 – 18-asrlarga oid shahar harobalari (Gremi, 16-asr va boshqalar), ibodatxona, monastir, qalʼa (Ananuri, 16 – 17-asrlar), qoʻrgʻon (Xertvisi), karvonsaroy, koʻpriklar saqlangan.

19-asrda Gruziyani Rossiya bosib olgach, klassitsizm uslubidagi inshootlar qurila boshladi. 19-asr 2-yarmida shahar meʼmorligida eklektizm hukmronlik qilgan boʻlsa, 20-asrdan milliy meʼmorlik shakllari va mavzulari vujudga keldi (Tbilisidagi Gruziya dvoryan zamin banki, hozirgi Respublika xalq kutubxonasi, 1912—16, meʼmori A. N. Kalgin).

20-asrning 20—30-y.larida binolar sovet konstruktivizmi ruhida barpo qilindi (sanatoriy, dam olish maskanlari), anʼanaviy milliy meʼmorlik shakllari qoʻllandi (ZAGES, 1927, meʼmorlar A. N. Kalgin, M. S. Machavariani, K. A. Leontyev; Tbilisidagi „Dinamo“ stadioni, 1933 – 37, meʼmori A. G. Kurdiani).

50—60-yillarda yirik sanoat shaharlari qurildi (metallurglar shahri – Rustavi va b.), Tbilisi va boshqa shaharlarda maʼmuriy binolar (Tbilisidagi xukumat uyi bosh korpusi, 1938 – 53, meʼmori V. D. Kokorin va G. I. Lejava, V. D. Nasaridze ishtirokida), teatr, oʻquv va sport inshootlari, mehmonxonalar („Iveriya“ mehmonxonasi, 1967, meʼmori O. D. Kalandarishvili, I. S. Sxomelidze ishtirokida) qad koʻtardi. Mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan koʻp qavatli uylar kurila boshladi. Yirik shahar va kurortlarning yangi bosh loyihalari ishlab chiqildi (Sxaltubo, Pitsunda va boshqalar). Meʼmorlikda haykaltaroshlik, mozaika, rangtasvir, oʻymakorlikdan foydalanildi (Tbilisidagi baxt uyi, Tbilisi metropoliteni stansiyalari va boshqalar). Kichik shakl meʼmorligi (xiyobonlar, doʻkonlar, obidalar) barpo etish sohasida durust muvaffaqiyatlarga erishildi.

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mil. av. 2 – 1-ming yillikda tilla, kumush, jezdan bezak buyumlari (zargarlik, rangdor toshlar, metall, tosh oʻymakorligi), sirkor, naqshli sopol idishlar ishlangan (Trialeti qoʻrgʻonlari, Samtavro mozori va Msxetadan topilgan buyumlar). Oʻrta asrlarda ehromlarga boʻrtma haykallar va oʻyma naqshlar ishlash rivojlangan, monumental rassomlik, miniatyura avj olgan (Jvari relyeflari, Sromi mozaikalari, 7-asr). 10 – 13-asrlar Gruziya sanʼati gullagan davr boʻldi: Kumurdo va Oshki ehromlari, Svetitsxoveli sobori (Msxeta), Ateni, Vardzia, Svanetiya cherkovlaridagi devor rasmlari (rassom Tevdore), Gelat monastiri asosiy ehromining mozaikalari, astronomiya risolasi (1188) va boshqa jozibadorligi bilan diqqatni tortadi. Metall kandakorligi Gruziya sanʼatining muhim tarmogʻi: Zarzmadagi „Tirilish“ (9-asr), „Mehr“ (11-asr) ikonalari, Brili (ustasi Asat), Bretidagi oltin butlar va boshqalar.

19-asrdan rus sanʼatining taʼsiri kuchaydi. 19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida baʼzi rassomlar ijodida demokratik-realistik yoʻnalish muhim oʻrin oldi, portret sanʼati rivojlandi (G. I. Maysuradze va b.) va maishiy mavzuga eʼtibor kuchaydi: R. N. Gvelesiani, A. L. Beridze, A. I. Gogiashvili, G. I. Gabashvili, A. I. Mrevlishvili, M. I. Toidze va boshqalar. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida hozirgi zamon Gruziya haykaltaroshligining asoschisi Ya. Sh. Nikoladze va rassom N. Pirosmanishvili ijod qildi. Tbilisida tashkil etilgan Badiiy akademiya (1922) Gruziya tasviriy sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshdi. 1950—60 yillarda shu akademiyani bitirib chiqqan rassomlar E. Kalandadze, G. Kutateladze, K. Maharadze, J. Nijaradze, R. TarxanMouravi, J. Xundadze, N. Ignatov, T. Tordiya hamda sanʼatkorlardan A. G. Simakuridze, V. V. Sidamon-Eristavi, D. N. Kakabadze, ayol rassomlardan Ye. D. Axvlediani, K. K. Manalashvili, haykaltaroshlardan N. P. Kandelaki, S. Ya. Kakabadze, teatr rassomlaridan I. I. Gamrekoli, S. B. Birsaladze va b. ijodi diqqatga sazovor. 1950 – 60 yillarda Gruziya rassomlarining yangi avlodi yetishdi: G. D. Gelovani, E. A. Totibadze va b; A. M. Bandzeladze, T. L. Kubaneyshvili va boshqa grafikada, E. D. Amashukeli, M. I. Vardzenishvili, D. Mikatadze va b. haykaltaroshlikda, I. A. Ochiauri, G. 3. Gabashvili, K. Ye. Guruli va boshqa metall oʻymakorligida ijod qildilar. Zurab Seretelining monumental asarlari Gruziyadagina emas, AQSh (Nyu-Yorkdagi BMT binosi yonida), Rossiya, Braziliya, Yaponiya, Angliya va boshqa mamlakatlarda ham oʻrnatilgan.

Musiqasiga oid dastlabki maʼlumot mil. av. 8-asrdan boshlanadi. Xalq musiqasi xilma-xil shakl, uslub va janrlarda, bir ovozli kuylar bilan birga koʻp ovozli yoʻllari ham mavjud. Kartuli, perxuli, xorumi kabi xalq raqslari, chonguri, panduri, changi (chertma-torli), chuniri (torli-kamonli), salamuri (naysimon), gudastviri (damli), doli, dayra (urma) singari xalq sozlari qadimdan maʼlum.

Koʻp ovozli xalq qoʻshiqlari taʼsirida cherkov musiqasi vujudga kelgan (14-asr). 18-asrdan shahar hunarmandlari musiqasi paydo boʻlgan. 19-asrdan kompozitorlik musiqa madaniyati rivojlana boshladi. Tbilisida opera teatri (1851), kamer va simfonik konsertlar tashkil etilgan, xor kurslari va musiqa maktabi (1886-yildan musiqa bilim yurti) ochilgan. F. Ya. Koridze, 3. P. Paliashvili, gurj musiqiy folklorshunosligi asoschisi D. I. Arakishvili va boshqa xalq qoʻshiqlarini toʻplab nashr etishgan. 1905-yilda Gruziyada filarmoniya jamiyati tuzilgan. 1904-yil D. I. Arakishvili birinchi milliy opera – „Shota Rustaveli qaqida qissa“ni yaratdi. 1919-yil Z. P. Paliashvilining „Abesalom va Eteri“ operasi, V. I. Dolidzening „Keto va Kote“ hajviy operasi sahnaga qoʻyildi. 1917-yil Tbilisida konservatoriya ochildi. 1919-yil opera studiyasi ochilib, unda rus va Gʻarbiy Yevropa kompozitorlarining operalari sahnalashtirildi. 1922-yilda 2-konservatoriya ochilib, milliy opera rivoj topdi. Z. P. Paliashvilining „Daney“, I. R. Tokiyelining „Qizil qalpoqcha“ va „Billur kavushcha“, N. L. Mamisashvilining „Maqtanchoq quyoncha“ kabi bolalar operalari yaratildi (bu operalar yangi taxrirda 60-yillarda sahnaga chiqdi). A. D. Machavariani, S. F. Sinsadze, A. M. Balanchivadze kabi kompozitorlar jahon klassik adabiyoti asarlari asosida baletlar yaratishgan. 1930-yillar oxiridan simfonik janr yetakchi boʻlib qoldi. 40 – 50-yillar oxiri O. V. Taktakishvilining 1simfoniyasi bilan fortepiano konserta, A. D. Machavarianining skripka konserti (1949) va boshqa asarlar yaratildi. Sh. Mshvelidzening „Tariel haqida afsona“ epik monumental operasi Gruziya musiqiy teatrining yirik asaridir. O. Takishvili, R. Lagidze, G. Sabadze, S. Nasidze, G. Kancheli va boshqa kompozitorlarning asarlari koʻp mamlakatlarda mashhur. Gruziya har doim isteʼdodli dirijyor, xonanda va sozandalar bilan dong taratgan (Ye. Mikeladze, O. Dimitriadi, S. Inashvili, N. Kumsiashvili, D. Badridze, D. Gamrekeli, D. Andguladze, N. Haradze, M. Nakashidze, P. Amiranashvili, 3. Sotkilava, M. Kasrashvili, P. Burchuladze, E. Virsaladze, A. Toradze, L. Isakadze, Z. A. Anjaparidze, N. Bregvadze, V. Kikabidze, T. Gverdsiteli va boshqalar).

Gruziyadagi qadimgi hosil bayrami oʻyinlarida teatr unsurlari boʻlgan. Mil. av. 2-ming yillik oʻrtalariga mansub kumush buyumlarda niqob taqib oʻyinga tushayotgan kishilar tasvirlangan. Shu oʻyinlarning unsurlari keyinchalik berikaoba deb atalgan niqobli xalq teatriga oʻtgan. Uning tomoshalarida xalqning erksevarlik ruhi, zulmga qarshi kurashi aks etgan. Ksenoba deb atalgan ommaviy xalq karnaval bayramlari gurjlarning ajnabiy bosqinchilarga qarshi kurashini aks ettirgan. Oʻrta asrlarda cherkovning quvgʻiniga qaramay, saxioba deb atalgan saroy teatri rivojlandi. U afsonaviy, ishqiy va hajviy tomoshalar koʻrsatardi. 18-asrning 2-yarmiga kelib, teatr maktabi tarkib topdi. Gruziya professional teatri chor hukumati tomonidan 1856-yilda yopildi. Professional teatr asoschisi dramaturg G. Eristavi edi. 1879-yil I. Chavchavadze va A. Sereteli kabi yozuvchilar Tiflis va Kutaisida professional teatrlarni tashkil gʻilishdi. V. Abashidze, V. S. Aleksii Mesxashvili, N. Gabuniya, K. Mesxi, V. Guniya va boshqalar oʻsha yillarning yirik aktyorlaridir. 90-yillarda Tiflis, Batumi, Kutaisida xalq teatrlari vujudga keldi. 1921-yil Tbilisida Sh. Rustaveli nomidagi teatr, 1928-yil Kutaisida K. A. Marjanishvili boshchiligidagi teatr tashkil etildi (1930-yil Tbilisiga koʻchiriddi, 1938-yildan K. A. Marjanishvili nomi bilan ataldi). 1939-yil Sh. Rustaveli nomidagi G. davlat teatr instituti vujudga kelgan. V. Anjaparidze, A. Vasadze, V. D. Godziashvili, U. Chxeidze, A. Xorava, N. Vachnadze, T. Chavchavadze, S. Chiaureli, K. Kavsadze, R. Chxikvadze, G. Kavtaradze, S. Zakariadzelar G. teatrining yirik arboblaridir. M. Japaridze, M. Chaxava, K. Maharadze, L. Ioseliani va boshqa aktyor va rejessorlar teatrga keyingi yillarda kirib keldi. Gruziyada opera, operetta va musiqa teatrlari, bolalar teatrlari mashhur. Gruziyada 38 ta davlat va oʻnlab xalq teatrlari mavjud. Suxumi, Rustavi, Gori, Sxinvali, Chiatura, Telavi, Poti, Maharadze, Zugdidi, Axalsixe sh.laridagi teatrlar shu jumlaga kiradi.

1908-yil tasvirchi V. Ya. Amashukeli suratga olgan hujjatli filmdan boshlangan. Gruziyaning birinchi badiiy filmi „Rohiba“dir. 1921-yil „Arsen Jorjiashvili“, 1923-yilda „Qizil shaytonchalar“ filmlari ekranga chiqdi. „Uch hayot“ (I. Perestiani), „Kim aybdor“ (A. Sutsunava) filmlari 30 – 40-yillarda yaratilgan. A. I. Bek-Nazarov, I. Perestiani, N. Shengelaya, A. Sutsunava, M. Chiaureli, K. A. Marjanashvili kabi rejessorlar, N. Vachnadze, M. Gelovani va b. aktyorlarning Gruziya kinematografiyasining yuzaga kelishida xizmatlari katta. "Georgiy Saakadze (M. Chiaureli), „Koʻprik“ (S. Pipinashvili) filmlari ikkinchi jahon urushi yillari ekranlashtirildi. „Ninachi“, „Ikki okean siri“, „Oq karvon“, „Yolborish“ kabi filmlar keyingi yillar mahsuli. Rej. M. Chxeidze ishlagan „Soldat otasi“ filmi Gruziya kinosining yutugʻi hisoblanadi. Gruziya kinematografchilari qisqa metrajli filmlar ustasi sifatida nom chiqargan.

Gurj kinosining yuksalishi hamda ajoyib filmlarning yaratilishi 50 va 60-yillarda kinoga kirib kelgan rejessorlar nomi bilan bogʻliq. 50-yillardan boshlab ularning asarlari turli xalqaro kinofestivallarda 100 dan ortiq har xil mukofotlarga ega boʻldi. „Lurja Magdani“ (1955, rejissor T. Abuladze, R. Chxeidze), „Soldat otasi“ (1964, rejissor R. Chxeidze), „Sening farzanding , Yer“ (1980, rejissor R. Chxeidze), „Yolborish“ (1968, rejissor T. Abuladze), „Toʻy“ (1964), „Soyabon“ (1967, rejissor M. Kokobadze), „Pirosmani“ (1968, rejissor E. Shengelaya), „Gʻaroyib koʻrgazma“ (1968, rejissor E. Shengelaya), „Birinchi qaldirgʻoch“ (1975, rejissor N. Mchedlidze), „Ezgulik daraxti“ (1976, rejissor T. Abuladze), „Pogʻona“ (1986, rejissor A. Rexviashvili), „Suram qalʼasi toʻgʻrisida afsona“ (1986, rejissor S. Parajanov), „Tavba-tazarru“ (1987, rejissor T. Abuladze) va boshqa filmlar shular jumlasidandir.

Keyingi yillarda Tbilisi teatr institutining kino fakultetini bitirib chiqqan sanʼatkorlar tomonidan yaratilgan „Avlodlar daʼvati“ (1981, rejissor G. Choxeli), „Robinzoniada yoki ingliz bobom“ (1986, rejissor N. Jorjadze), „Tilla qoʻngʻiz“ (1988, rejissor D. Janelidze), „Sergaklar kuyoshi“ (1991, rejissor T. Babluani) va boshqa filmlar xalqaro kinofestivallarda yuksak eʼtiborga sazovor boʻlgan.

Hozir Gruziyada bir necha mustaqil kinostudiya va „Gruziyafilm“ kinokonserni mavjud. 1991 – 2001-yillarda A. Sabadze, D. Sinsadze, N. Janelidze kabi rejessorlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor boʻldilar.

Oʻzbekiston – Gruziya munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Guram Gumba. Znachenie terminov „Gruziya“ i „Sakartvelo“ v srednevekovix istochnikax
  2. Peradze, Gregory. „The Pilgrims' derivation of the name Georgia“. Georgica, Autumn, 1937, nos. 4 & 5, 208—209
  3. Ocherki istorii Gruzii. T. I. Glava 1. Gruziya. Fiziko-geograficheskiy obzor. D. A. Xaxutayshvili
  4. Agency of Protected Areas[sayt ishlamaydi]
  5. Kavkazskiy uzel
  6. Природоохранная организация Nacres, 2012-06-25da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-12
  7. Фауна Грузии: Возвращение леопарда, 2009-03-28da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-12
  8. „Тифлисская операция 1921“. БСЭ. 2012-yil 27-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 12-aprel.
  9. Andoza:Нп5. — 38-bet. 
  10. 10,0 10,1 britannica.com
  11. 11,0 11,1 http://www.clevelandfed.org/research/Inflation/World-Inflation/index.cfm, 2008-09-15da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-12 {{citation}}: External link in |title= (yordam)
  12. Gruziya (spravochnaya informatsiya) // MID RF, 18 fevralya 2009
  13. CIA – The World Factbook – Country Comparison :: National product real growth rate (Wayback Machine saytida 2017-07-01 sanasida arxivlangan) // CIA; 200 mesto iz 213 po dnamike VVP
  14. Rossiya uladila s Abxaziey konflikt vokrug Ingurskoy GES // Lenta.ru, 22 yanvarya 2009
  15. 15,0 15,1 Georgia, 2015-10-16da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-12
  16. Konflikt v Osetii i Gruzii: voyna protiv razvitiya // Vremya novostey, 22 avgusta 2008
  17. Employment and Unemployment // Geostat.ge
  18. Грузинские заводы HeidelbergCement в 2007 г увеличили производство цемента на 25 %, stroyrec.com.ua, 27/02/2008, 2009-01-10da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-12 {{citation}}: no-break space character in |title= at position 81 (yordam)
  19. Factbook: Georgia // TsRU
  20. A. G. Yegiazaryan „Gruziya: strukturnie problemi i tureskaya ekonomicheskaya ekspansiya (1994—2007)“ (Wayback Machine saytida 2010-10-11 sanasida arxivlangan) // REGNUM, 2007
  21. „Gruziya na grani defolta“ // Vzglyad, 31 marta 2011
  22. Vneshniy dolg Gruzii sostavil 3631.9 mln dollarov // Biznes Gruziya, 31 marta 2011
  23. Banki.ru | Sovokupniy vneshniy dolg Gruzii dostig vo II kvartale 10,5 mlrd dollarov / Lenta novostey / Lenta novostey
  24. External Trade // Geostat.ge