Nomuntazam qoʻshinlar
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Nomuntazam qoʻshinlar, lashkarlar — barqaror uyushmaga ega boʻlmagan askariy qismlar. Nomuntazam qoʻshinlar tuzilishi, xizmatni oʻtashi, kiyim-kechagi (uniformasi) jihatdan muntazam qoʻshinlardan farqlanadi. Oʻrta asrlarda Nomuntazam qoʻshinlar harbiy yurishga chiqqan armiyaning asosini tashkil qilgan. Muntazam qoʻshin mavjud boʻlsada, uning miq-dori Nomuntazam qoʻshinlarga nisbatan ozchilikni tashkil etgan. Harbiy yurishlar boshlanishidan avval hukmdor oʻz qoʻl ostidagi hududlarga qoʻshin toʻplash uchun harbiy nozirlar (tavochilar)ni joʻnatgan. Qoʻshin toʻplash haqidagi maxsus buyruq (tunqal)ga binoan viloyat hokimlari, tuman va shahar beklari, qalʼa, qoʻrgʻon dorugʻalari, oliy bosh qoʻmondon tomonidan tuzilgan roʻyxatga muvofiq oʻz askarlari, zarur ot-ulovi, qurol-yarogʻi, oziq-ovqati, yemxashagi bilan oldindan belgilab qoʻyilgan toʻplanish oʻrniga oʻz vaqtida kechikmasdan yetib kelishi shart hisoblangan.
Buxoro amirligida harbiy kuchlar muntazam qoʻshin (navkariya) hamda Nomuntazam qoʻshinlar (qora cherik)dan iborat boʻlgan. Nomuntazam qoʻshinlar amir farmonining jarchi tomonidan bozorlarda eʼlon qilinishidan soʻng yigʻilgan. Xizmatga chaqirilgan Nomuntazam qoʻshinlar jangchilari qurol-yaroq oʻrnida baʼzan bel, ketmon, panjshaxa bilan qurollangan. Ehtiyoj boʻlmagan paytlarda Nomuntazam qoʻshinlarga uylariga qaytishga ruxsat berilgan.
Rossiyada (17—20-asrlar) Nomuntazam qoʻshinlar aksariyat kazaklardan tashkil etilgan. 20-asrning boshlarida Turkistondagi otliq divizion, Dogʻistondagi otliq polk ham Rossiyanine Nomuntazam qoʻshinlari tarkibiga kirgan. 17—20-asrlarda Avstraliya, Afgʻoniston va Eronda ham Nomuntazam qoʻshinlar mavjud edi. Birinchi jahon urushidan keyin Nomuntazam qoʻshinlar barcha davlatlarda tugatilgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |