Norinjon bobo majmuasi
Norinjon bobo majmuasi — Qoraqalpogʻiston Ellikqalʼa tumanidagi meʼmoriy yodgorlik (10—18-asrlar). Majmua qadimgi qalʼa oʻrnidagi qab-riston markazi — Norinjon bobo maqbarasi atrofida turli davrlarda ziyoratxona, sharqiy maqbara (14-asr), xonaqoh ayvon, qalandarxona (18-asr) va boshqa qoʻshimcha xonalar qurib barpo etilgan.
Norinjon bobo haqidagi aniq maʼlumotlar saqlanmagan. Maqbaradagi qabrtoshga „Bu oqil, obid, Alloh yoʻlida doimiy roʻzador, Alloh karo-matini yerda paydo etuvchi, Muhammad ibn Muso ibn Dovud Abu Abdulloh anNorinjoniy qabridur. Allohning unga va uning doʻstlariga rahmati boʻlsin, hijriy 712-yil“ — deb yozilgan[1]. Undagi girih naqshlar Termiziy maqbarasidagi qabrtoshga oʻxshashdir.
Dastlab murabba tarqli peshtoqsiz maqbara qurilgan (10-asr), ziyoratxona va uning yonidagi goʻrxona (14-asr) tomlari gumbazli qilib birlashtirilib oldiga peshtoq va chillaxona ishlangan. Sharkdan xonaqoh va ayvon bunyod etilib maqbaraning sharqiy eshigi oʻrniga meh-rob qurilgan. Peshtoqining sharqiy burchagida kichik minora, yonida qalandarxona qu-rilgan. 1981—83 yillarda ilmiy oʻrganilgan. Mustaqillikdan keyin qayta tiklandi[2].
Norinjon bobo majmuasi koʻp hujrali, 18 gektar maydonga ega, unga chillaxona, masjid, marosim oʻtkazish zali, oʻlikxona, xoʻjalik hujralari va boshqalar kiradi. Bundagi dastlabki majmuasi markazi 3,8 x3,8 metr hajmdagi toʻrtburchak shaklida qurilgan. Hujraning markazidagi ziyoratgohning ustida terakotali sagʻana bor boʻlib, uning ustidagi plitaga arab imlosidagi yozuvlar bitilgan. Bu soʻzlarni sharqshunos M. A. Salom quyidagicha oʻgirgan. XIII-XIV asrlarda mavzoley markaziga sharqiy mavzoley (4,8 x 4,8 m) va ziyoratxona (4,3x4,3 m) qoʻshib qurildi. Shuningdek, qabr ustidagi terrakotali plita va 1312-yildagi yozuvlarga qayta ishlov berildi. Norinjon bobo qabri devorining pastki qismi pishgan gʻishtdan, ustki qismi (26x26x5 sm) xom gʻishtdan qurilgan. Ziyoratxonaning devorlari ham (26x26x7; 27x27x6 sm) xom gʻishtlardan qurilgan. Bu hujralarning usti gumbazsimon, shuningdek, shatir bilan oʻralgan. XVIII asr oxiri XIX asrlarda Markazlashgan Xiva bilan qayta qurilishlar olib borildi. Bu mavzoley 3 marta noqulay ekologik vaziyat bilan bogʻliq buzilib ketdi. XX asr 90-yillarida qayta tiklanib, masjid qurildi[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ ziyoratga.uz. „MUSO AN-NORINJONIY MAQBARASI“.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ J. Hakimniyazov, I. Seytbaev, R. Ismetov. Qoraqalpogʻiston hududidagi ziyoratgohlar. «Bilim», 2023-yil.