Kontent qismiga oʻtish

Nostandart leksika (ingliz tili)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ingliz tilining nostandart leksikasi

Har qanday til jamiyatga aloqador va jamiyatdan tashqarida oʻzicha, alohida rivojlana olmaydi. Til, avvalambor, jamiyatning, odamlarning oʻzaro muloqot vositasidir, shu sababli jamiyat — odamlar til leksikasining shakllanishiga bevosita aloqadir hisoblanishadi. Unutmaslik kerakki, til oʻzida ichki shakllanish tizimi qonuniyatlari mavjudligi bilan ahamiyatga egadir. Vaziyatdan kelib chiqib, har qanday rivojlangan tildagi birgina fikr turlicha talqin qilinadi. Uslub, stilistik buyoq va vaziyat taqozosidan qatʼiy nazar muloqotda tilning yadrosi sifatida maʼlum holatlar uchungina ishlatiladigan neytral soʻzlar ham mavjud. Bu toifadagi soʻzlarni biz lugʻatlarda noadabiy yoki nostandart leksikaga oid soʻzlar deb ataymiz. Nostandart leksikaga qarab chiqishdan oldin uning uslubi bilan bogʻliq muammolarga nazar solib chiqadigan boʻlsak, bu yerda asosan ikki xil uslub ishlatish holati mavjudligi maʼlum boʻladi: funksional va ifoda etish. Funksional uslub — maʼlum doiradagi odamlarga xos, maʼlum maqsadga qaratilgan muloqot uslubi sifatida talqin etiladi, yaʼni inson harakatining oʻziga xos qonuniy jihatlariga taalluqli holatlar uchun, masalan, tadbirkorlar uslubi, ogʻzaki uslub, ilmiy uslub va hokazo. Zamonaviy tillardagi funksional uslublar oʻta murakkab va xilma xildir. Taʼkidlab oʻtish kerakki, uslub yozma va oʻgzaki turlarga boʻlinish bilan birga ishlatilishiga qarab jamoatchilik uchun qoʻllanishda turli shakllarga boʻlinib ketadi. Ammo haligacha tilshunoslar koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishlariga qaramasdan, uslublar turlari haqida yaxlit bir fikrga kelishgani yoʻq. Uslublarni quyidagicha boʻlimlarga boʻlishadi: ilmiy, ommaviy, publisistik, sanʼatga xos (teatr, rassomchilik, raqs va hokazo), ogʻzaki, korrespondentlar uslubi, gazeta uslubi, sheʼriyat, professional-texnikaga oid, rasmiy-idoraviy uslublar. Funksional uslub — bu maʼlum tilda muloqot qiladigan odamlarning oʻz ona tilidan turli holatlar va ish joylaridan kelib chiqib, maʼlum maqsadni koʻzlab, soʻz va soʻz birikmalarini ishlatishi yigʻindisidir. Ifoda uslubi shunday uslubki, unda muloqot davomida siz maʼlum bir holatga taalluqli oʻz emotsional his-tuygʻularingizni ifoda qilasiz. Har xil tilshunoslar muloqot uslublari uchun boshqa terminlardan ham foydalanadi. Rus tilshunosi R. G. Pyotrovskiy qarashicha uslublar yuqori darajadagi, dabdabali sheʼriyatga taalluqli va ilmiy til uslubi, yaʼni adabiy hikoya, adabiy soʻzlashuv uslublari hamda past darajadagi boshqa asosiy boʻlmagan kichik uslublarga boʻlinadi. Ingliz tilshunosi J.Kenon esa, ikkita darajani alohida taʼkidlab oʻtadi — standart va nostandart funksiya bajaruvchi uslublar yoki rasmiy va norasmiy uslublarga boʻlishni taklif qiladi. Nemis tilshunosi Y.Hannerts taʼkidlashicha uslublarni yuqori va past yoki rasmiy, norasmiy turlarka boʻlish kerak. Rus tilshunosi V. N. Yartsevaning aytisicha, uslub kitobiy-yozma va ogʻzaki-soʻzlashuv nutqi turlarga boʻlinadi. Demak, til uslublarini qoʻllanishiga qarab ber necha xil alohida turlarga boʻlib aytishimiz mumkin. Ushbu maqolada biz alohida uslub, yaʼni past darajada turuvchi soʻz va iboralar — kollokvializm („colloquial“ — ingliz tilidan "soʻzlashuv uslubiga xos soʻz birikmalari va iboralar), sleng („slang“ — ingliz tilidan „jargon, oddiy, ogʻzaki leksikaga xos soʻzlar“), umumiy sleng, maxsus sleng (jargon va argo — maxsus soʻzlar) hamda vulgarizm (qoʻpol soʻzlar) haqida soʻz yuritamiz. Ammo shuni alohida taʼkidlab oʻtishimiz joizki, shu kungacha soʻzlarni alohida uslublarga boʻlib koʻrsatadigan maxsus qoʻllanmalar shakllantirilmagan. Masalan, kollokvializmlar standart va nostandart leksika orasida turadi. Baʼzi tilshunoslar kollokvializmni koʻproq nostandart leksika xos deya taʼrif beradi. Misol uchun ingliz tilshunosi E.Partridj oʻzining „Soʻzlar dunyosi“ kitobida kollokvializmni standart leksika nisbatan „quyi“da, lekin slenglardan yuqorida turishini aytib oʻtadi. Yangi lugʻat Webster (Webster Noah (Vebster Nuh) — (1758 — 1843 yy.), AQSh tilshunosi. Uning 70000 soʻzlar va iboralardan iborat “American Dictionary of the English Language” (Ingliz tilining Amerika xos lugʻati) (1828 y.) lugʻati AQShda ingliz tilining qoʻllanishi boʻyicha 2 tomdan iborat birinchi katta lugʻat kitobdir) mualiflari esa, kollokvializmni ogʻzaki nutq va norasmiy yozma uslubga xos deb qaraydi va uni noadabiy yoki nostandart leksikaga bogʻliq yoki bogʻliq emasligiga qarab chiqishmaydi. Biz E.Partridj gʻoyasini qoʻllab-quvvatlab, kollokvializmlarni standart vokabulyar („vocabulary“ — inglizcha „lugʻat, soʻz tarkibi, soʻz boyligi“) tarkibiga kiritish bilan birga, „quyi“ kollokvializmlarni nostandart leksikaga xos jihatlariga bogʻlab, uning qoʻllanish muammolariga qarab chiqamiz. Nosatandart leksikaning asosiy qismi kundalik hayotda koʻp qoʻllaniladigan ogʻzaki uslub soʻz va iboralari, yaʼni slanglardan iborat. Shunga qaramasdan, rus tilshunosi V. A. Xomikov umumiy sleng soʻz va iboralarini stilistik nutq tashuvchi, adabiy uslubga xos, his-tuygʻularni ifodaluvchi soʻzlar tarkibiga kiritadi. Aksincha nemis olimi A. D. Shveytser esa, umumiy slenglarni adabiyotdan yiroq oddiy ommaga xos soʻzlar toifasiga qoʻshadi. Jargon — faqat tor doiradagi odamlar tushunishi uchun, boshqa toifadagi odamlar tushunmasligi uchun qoʻllaniladigan maxsus soʻz va iboralardan iborat oʻziga xos tildir. Argo — maʼlum ijtimoiy doiradagi yoshi va ishi bir xil boʻlgan odamlar guruhiga xos (asosan jinoyatchilar toʻdasi tili) soʻz va iboralardan iborat alohida soʻzlashuv uslubidir. Olimlar jargon va argo maxsus slengmi yoki nostandart leksikaning alohida bir qismimi, degan savol uchun hali-hanuz bir toʻxtamga kelishgani yoʻq. Oʻzining qoʻpol va oʻtkir maʼno sifatlari bilan vulgarizm nostandart leksikaga toʻgʻridan toʻgʻri taalluqlidir. Standart ingliz tilida vulgarizmga tabu („taboo“ — inglizcha „taʼqiq, cheklash“) sifatida qaraladi va tushuniladi. Nostandart leksika milliy tilning qismi va uning qoidalari doirasida turlanish orqali rivojlanadi. Baʼzida esa bu holatda tildagi soʻzlarga chet tilidan ham ibora yoki soʻzlar qoshilishi mumkin. Metafora va metonimiya orqali chet tilidan soʻzlar sezilarli darajada boshqa tilga oʻtishi mumkin. Nostandart leksika lugʻatidagi soʻzlar asosan adabiy tildagi soʻzlarning tor yoki keng doiradagi turli maʼno olib yurirshi orqali har xil holatlar uchun, asl maʼnosidan toʻliq chiqib ketmagan holda vaziyatda qoʻllanishi rivojlana boradi. Taʼkidlab oʻtish joizki, tildagi bunday holatlar tasodifiy emas. Ingliz tilining nostandart leksikasi rivojlanishi asosan olmon tillari kelib chiqishi tarixi bilan xarakterlanadi. Koʻpchilik nostandart leksikaga taalluqli soʻzlar kelib chiqishidan boshlab oʻz maʼnosiga xos adabiy til bilan mutanosib holda ishlatiladi. Quyida ingliz tilining amerikacha slengi orqali nostandart leksikaning bir qator misollarni koʻrib chiqishimiz mumkin. Affiksatsiya („affixation“ — inglizcha „soʻz yasovchi qoʻshimchalar“) — zamonaviy ingliz tilidagi yangi soʻz yasovchi eng koʻp tarqalgan usullardan biridir va bunda oʻzak va soʻz yasovchi qoʻshimcha yangi maʼno anglatuvchi soʻz yasaydi. Affiksatsiya oʻz ichiga prefikslar („prefix“ — inglizcha „soʻz oldiga qoʻshilib yangi soʻz yasovchi qoʻshimcha“), suffikslar („suffix“ — inglizcha „soʻz oxiriga qoʻshilib yangi soʻz yasovchi qoʻshimchalar“) va infikslarni („infix“ — inglizcha „soʻz oʻzagiga qoshilib yangi soʻz yasovchi qoʻshimchalar“) oladi. Nostandart leksika va sleng soʻzlarini yasashda standart soʻzlar yasash uchun qoʻllanadigan soʻz yasovchi affikslardan foydalaniladi. Eng koʻp tarqalgan madaniy maʼlumot beruvchi va harakatni bajaruvchini ifodalaydigan yangi nostandart soʻz yasovchi qoʻshimcha bu -er suffiksidir. Misol uchun, „greener“ — yangi kishi yoki tajribasiz xodim („green“ — yashil, yangi unib chiqqan); „juicer“ — alkogolik („juice“ — sharbat, ichimlik); „jumper“ — oʻgʻri, uyga derazadan oshib oʻtuvchi („jump“ — sakramoq); „penciller“ - jurnalist („pencil“ — qalam). Ingliz tili amerikacha slengida bunaqa soʻzlarni yuzlab topish mumkin. Ingliz tili amerikacha slengi ot soʻz turkumiga oid odamlarni ifodalovchi soʻzlarni yasashda -ie suffiksi keng tarqalgan va u odamlarga nisbatan kichraytirish, erkalash yoki yomonlash maʼnolarini ifodalash bilan xarakterlanadi: „drunkie“ — sharobxoʻr, alkash („drunk“ — ichgan); „baddie“ — yovuz, yomon amaki („bad“ — yomon); „goodie“ — yaxshi odam („good“ — yaxshi). Inkor maʼno anglatuvchi prefiks no- amerika slengida nimanidir yetishmasligini, kamchihlikni ifodalash maqsadida ishlatiladi. Bu holatda qoidaga boʻy sungan holda soʻz tire bilan ajratiladi: „no-hoper“ — omadsiz, foydasiz odam („hope“ — umid qilmoq); „no-name“ — arzimaydigan odam („name“ — ism); „no-show“ — koʻrinmagan (kelmagan) odam („show“ — koʻrsatmoq). Navbatdagi soʻz yasovchi birlik bu -aholic (mukkasidan ketgan) qoʻshimchasidir. Bu birlik ilk bor „alcoholic“ — sharobxoʻr soʻziga qoʻshilgan va keyinchalik nostandart leksika amerikacha slengida yangicha soʻzlarni ifodalashda qoʻllana boshlagan. Masalan: „workaholic“ — mehnatkash, ishga mukkasidan ketgan („work“ — ishlamoq); „New Yorkaholic“ — Nyu York shahriga sodiq, („New York“ — Nyu York shahri); „coffeholic“ — kofe ichishga mukkasidan ketgan („coffee“ — kofe); „foodoholic“ — yeb-toʻymas, ochofat („food“ — ovqat). Ingliz tilida yarim affiks degan tushuncha bor va ulardan baʼzida sleng soʻzlarini yasashda ham ishlatiladi, masalan: proof, -man, -land, -like, -hood, -head va hokazo. Bu turdagi affikslar soʻz yasovchi qoʻshimcha boʻlish bilan birga oʻzi alohida maʼnoga ega soʻz hamdir. Masalan: „freshman“ — narkomanlikni boshlagan odam („fresh“ — barra, yangi); „jellyhead“ — axmoq, jinni („jelly“ — jele, yelimshak); „hayhead“ — marixuana chekuvchi odam („hay“ — hashak); „homeland“ — qora hudud, kvartal („home“ — uy); „knifeman“ — xirurg („knife“ — pichoq); Amerikacha ingliz tili slengida ikki mustaqil adabiy standartga taalluqli soʻz oʻzaklarining qoʻshilishidan ham alohida bir maʼno toifasiga oid yangi soʻzlar yasalgan, masalan: „nutball“ — telba („nut“ — yongʻoq, „ball“ — koptok); „nutbox“ — ruhiy xastalar kasalxonasi, jinnixona, (box - quti); „pigpen“ - politsiya uchastkasi („pig“ — choʻchqa, „pen“ — molxona). Abbrivatsiya („abbreviation“ — inglizcha „soʻzlarning qisqartmasi“) sleng yasashda juda keng tarqalgan usullardan biridir: „mon“ („money“ — pul), „biz“ („business“ — ish, biznes), „fess“ („professor“ — professor), „tec“ („detective“ — detektiv). Rus tilshunoslari T. M. Belyayev va V. A. Xomyakovlar soʻz qisqartirishning uch xil koʻrinishi, yaʼni ingliz tilida soʻzning birinchi boʻgini yoki oʻrtadagi boʻgʻinini, yoki oxirgi boʻgʻinni qoldirish orqali qisqartma sleng ishlatilishini kuzatish mumkinligini aytib oʻtishadi. Soʻz yasashning yana bir unumli usullaridan biri bu — soʻzni oʻzini takrorlashdir va bu juda qadimdan tilda qoʻllanilib kelgan hodisadir hamda soʻz takrorlanib ishlatilganda oʻz maʼnosini kuchaytirishi yoki boshqa maʼnoga oʻtishi mumkin: „bye-bye“ — xayr („bye“ — xayr), „jaw-jaw“ — suhbat, bekorchi gap („jaw“ — jagʻ). Takror soʻzlar asosan slengda kuzatiladi va shular keyinchalik adabiy til standart qoidalariga qoʻshilishi mumkin. Masalan: inglizcha „tip-top“ — aʼlo, birinchi darajali yoki „hocus-pocus“ — focus-pokus, koʻz boʻyamachilik qilish, aldash. Tilda bu kabu soʻzlar asrlab saqlanib qolishi mumkin. Xulosa Yuqorida aytib oʻtilganlardan kelib chiqib, quyidagicha xulosaga kelish mumkin, yaʼni maʼlum bir chet tilining faqatgina adabiy tili maʼnolarini oʻrganish bilan u til va oʻsha tilda gaplashuvchilar haqida toʻliq tasavvurga ega boʻla olmaymiz, ularni toʻliq tushuna olmaymiz. Nostandart leksikani bilish, ayniqsa ingliz tilining amerikacha slengini bilish, zamonaviy badiiy adabiyot, ommaviy axborot yangiliklari, shuningdek tarjimonlik va ingliz tilida gapiruvchi odamlar bilan suhbatlashish uchun juda ham zarurdir.

  1. Semenyuk N. N. „Iz istorii funksionalno-stilisticheskix differensiatsiy nemeskogo literaturnogo yazika[sayt ishlamaydi].“ M., 1972. 215 b.
  2. „Русский язык в современном мире“ / F. P. Filin tahrir. M., 1975. 301 b.
  3. Vinogradov V. V. „Itogi obsujdeniya voprosov stilistik // Voprosi yazikoznaniya.“ 1955. № 1.
  4. Piotrovskiy R. G. „Sosuщestvuyuщie foneticheskie sistemi i stilisticheskie korrelyatsii v moldavskom yazike[sayt ishlamaydi] // Problemi strukturnoy lingvistiki.“ 1962. № 1.
  5. Kenyon J. S. „Cultural Levels and Functional Varietes of English // Readings in Applied English Linguistics.“ N. Y., 1958. R. 215-220.
  6. Hannerz U. „Language. Variations and Social Relationships // Studia Linguistica.“ 1970. Vol. 24, N 2.
  7. Yartseva V. N. „Razvitie natsionalnogo literaturnogo angliyskogo yazika[sayt ishlamaydi].“ M., 1969. 310 b.
  8. "The%20World%20of%20Words." Partridge E. „The World of Words.“ London, 1938.
  9. Xomyakov V. A. "Nestandartnaya leksika v strukture angliyskogo yazika natsionalnogo perioda: avtoref. dis. … d-ra filol. nauk[sayt ishlamaydi]. L., 1980. 39 b.
  10. Shveytser A. D. „Sotsialnaya differensiatsiya angliyskogo yazika v SShA[sayt ishlamaydi].“ M., 1983. 216 b.
  11. Belyayev T. M., Xomyakov V. A. „Nestandartnaya leksika angliyskogo yazika.“ L.: Izd-vo LGU, 1985. 136 b.