Novoapostol cherkovi
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Novoapostol cherkovi – XIX asrning oʻrtalarida Angliyada vujudga kelgan protestantlik yoʻnalishlaridan biri. Hozirgi vaqtda dunyoning 180 ta davlatida 50 ga yaqin jamoa, 9 millionga yaqin aʼzolariga ega. Cherkov diniy taʼlimotida 7 sirli marosimning uchtasi eʼtirof etiladi: – suv bilan choʻqintirish (yoshning farqi yoʻq); – non va vino bilan totinish; – Muqaddas Ruh bilan insonning ichki olamini butunlay yangilash. Cherkov taʼlimotiga koʻra, Xudo ruhoniylarning duo va fotihalari sababli bandalariga oʻzining mehru muruvvatini ato qiladi. Marhumlar ruhiga bagʻishlab biri yilda uch marotaba (mart, iyul va noyabr oylarining birinchi yakshanba kunlarida) oʻtkaziladigan diniy marosimlar ham „Novoapostol cherkovi“ning oʻziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Bu marosimlarda marhumlarning qarindoshlari va ruhoniylar ishtirok etib, xudodan ularning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf etishini soʻrab, ibodat qiladilar. Cherkovni birinchi apostol va apostollar boshqaradilar. Oʻz navbatida ular xristianlikdagi mashhur 12 apostolning oʻrinbosarlari hisoblanadilar („Novoapostol cherkovi“ nomi shundan kelib chiqqan). Birinchi apostol, diniy qoidalarga asosan, Xudoning yerdagi vakili hisoblanadi. Cherkov xodimlari oʻz vazifalarini bepul va oʻzlarining asosiy kasblaridan tashqari bajaradilar. Har bir jamoa 150-170 kishilik katta oila kabi tashkil etiladi. Pastorlar kamida ikki oyda bir marotaba har bir uyni ziyorat qiladilar. Asosiy eʼtibor bolalar va oʻsmirlar tarbiyasiga, nogiron va kambagʻallarga yordam qilishga qaratiladi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 308.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.