Kontent qismiga oʻtish

Oʻrinboy Nuraliyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nuraliyev Oʻrinboydan yoʻnaltirildi)
Oʻrinboy Nuraliyev
Tavalludi 1942-yil 25-sentyabr
Vafoti 2012-yil
Kasbi Qoʻshiqchi, aktyor, rejissyor
Unvoni

Oʻrinboy Nuraliyev (1942-yil 25-sentyabr, Namangan viloyati Beshkapa qishlogʻi — 2012-yil) — aktyor, qoʻshiqchi, rejissor Oʻzbekiston xalq artisti (1991)[1].

Oʻrinboy Nuraliyev 1942-yil 25-sentyabr sanasida Namangan viloyati Beshkapa qishlogʻida dunyoga kelgan[1]. Oʻrinboy Nuraliyev 1961-yili Namangan teatridan Andijon teatriga ishga kirgan va 17 yil davomida Andijon teatrida vokal artist sifatida xizmat koʻrsatgan[2].

Oʻrinboy Nuraliyev Oʻzbekiston xalq artisti Abbos Bakirov, Muqimjon Habibov, Nu’monjon Murodov, Xadicha hamda Aziza Aminova, Qamara Burnasheva kabi sanʼatkorlardan aktyorlik mahoratlarini oʻrgangan[2]. Shoirning oʻzi Omonulla Valixonov, Imomiddin Qosimov, Anisiy, Vosit Saʼdulla, Hoshimjon Razzoqov kabi sanʼatkorlar bilan tanishib, ulardan bilim olganini aytgan[2].

Oʻrinboy Nuraliyev „Ravshan va Zulxumor“ da Ravshan, „Toxir va Zuhra“da Toxir, „Nodira“ spektaklida Roziq, „Hamza“ asarida Alijon kabi spektakllarda bosh rollarni ijro qilgan.

Oʻrinboy Nuraliyev 1970-yilda Andijon pedagogika institutida ona tili va adabiyot fakultetini, 1979-yilda Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati institutini tugatgan[1].

Oʻrinboy Nuraliyev 1958-yildan Alisher Navoiy nomidagi Namangan viloyat teatrida vokal artisti sifatida 1960-yilgacha faoliyat yuritgan. 1961—1977-yillarda Andijon viloyat musiqali drama teatrida vokal artist, teatr direktori, 1992-yilda madaniyat boshqarmasiga qarashli (Namangan) xalq ijodiyoti viloyat ilmiy-metodik markazi rahbari, bosh mutaxassisi boʻlib xizmat qilgan[1]. Oʻrinboy Nuraliyev 2001-yillar Namangan teatrida rejissyorlik qilgan va vokal artisti sifatida ishlagan. 2002-yildan boshlab Namangan davlat universitetida etika va estetika kafedrasi katta oʻqituvchisi, kafedra mudiri kasblarida faoliyat yuritgan[1]. Oʻrinboy Nuraliyevning 2002-yili Andijon teatrida 60 yoshga toʻlgani va 1012-yil may oyida Namangan viloyati teatrida 70 yoshga toʻlgani munosabati bilan yubiley tadbiri oʻtkazilgan.

Ijodiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrinboy Nuraliyev Xurshidning „Farhod va Shirin“ spektaklida Farhod „Layli va Majnun“ spektaklida esa Majnun, Komil Yashinning „Nurxon“ asarida Xaydar, (Uygʻun va I. Sultonning „Navoiy“ spektaklida Navoiy, A. Shalomayevning „Ibn Sino“ spektaklida Ibn Sino, „Umar Xayyom“ spektaklida esa Umar Xayyom, Toxir Malikning, „Soʻnggi oʻq“ asarida Zokirxoʻja kabi milliy dramaturgiya asarlarida yaratgan obrazlari bilan oʻzbek teatri tarixidan munosib oʻrin olgan[1]. Uning ijodi kuchli dramatizmi, sahna harakatlarining anikligi, obrazlaridagi koʻtarinkilik, joʻshqinlik, soddalik, olijanobligi bilan ajralib turad[1].

Oʻrinboy Nuraliyev xonanda sifatida „Onaginam“, „Soʻramaysiz“, „Siz yaxshi odamlar“, „Koʻcha bogʻi-2“, „Bayot-2“, „Quyosh“ kabi qoʻshiqlari bilan tanilgan. Qoʻshiqchining oʻndan ziyod qoʻshiqlari Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining „Oltin fondi“ da saqlanib kelinadi. Rejissyor sifatida „Chimildiq“ (Erkin Xushvaqtov) kabi spektakllarni sahnalashtirgan[1].

Oʻrinboy Nuraliyev 2012-yil iyun oyida vafot etgan.

Mukofot va unvonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrinboy Nuraliyev 1971-yili „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan astist“, 1991-yili „Oʻzbekiston xalq artisti“ faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 14-iyun 2023-yil.